Kitob bayrami – bayramlarning a’losi

Kishining qahramon bo‘lishiga bir soniya kifoya, lekin uning komil shaxs bo‘lib shakllanishi uchun butun bir umr talab etiladi. Umrning zoye ketmasligi, insonning ­fikr­­ doirasini kengayishida kitobning o‘rnini hech qanday vosita bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Zero, mutolaa qilishdan to‘xtagan inson fikrlashdan ham to‘xtaydi.

Poytaxtimizdagi ­G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan Respublika “Kitob bayrami”ning o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad ham farzandlarimiz o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish, ularning ma’naviy ehtiyojini qondirishdan iborat. “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida beshinchi bor o‘tkazilgan mazkur bayramda poytaxtimizdagi yuzga yaqin nashriyot, matbaa korxonasi va kitob savdosi tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Tadbir avvalida Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo kabi el suygan ijodkorlar so‘zga chiqib, yoshlarni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini oshirishda kitoblarning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.

Tadbir doirasida nashriyotlar turli viktorina o‘yinlari, she’rxonlik, mushoira bahslari orqali bolalarning topqirligi, zukkoligini sinovdan o‘tkazib, g‘oliblarga kitoblar ulashdi. Ota-onalar ham qiziqarli tomoshalarga jalb etilib, “Ona-bola, ota-bola kitob o‘qiydi” musobaqasida ishtirok etishdi.

– Bugun bu yerga kelgan ota-onalar farzandini kitob o‘qishga o‘rgatishda birinchi qadamlarini qo‘ydi. Kitob sotib olingach, murg‘ak qalbda mutolaaga rag‘bat uyg‘onadi, – deydi bolalarning sevimli yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev. – Bunday xayrli tadbirlarning foydasini xalq ko‘radi, mevasini esa jamiyat totadi.

Aytish joizki, kitob o‘qish ham, mutolaaga o‘rgatish ham o‘ziga xos san’at. Bolaga kitob o‘qish metodikasini o‘rgatmasdan turib, uni mutolaa san’atiga oshno qila olmaymiz. O‘qigan kitobini tushunmagan bolada unga nisbatan qiziqish o‘z-o‘zidan susayadi. Bunda ota-­onaning namuna bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

– Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Bolaligimdan ular bilan oshno tutinganman. Oilamizda mo‘jazgina kutubxonamiz bor. Uni boyitish maqsadida farzand­larim bilan o‘zbek va jahon klassik yozuvchilarining asarlarini yig‘ib boramiz. Hozirda 7 yoshli o‘g‘lim Umidjon uchun kutubxona tashkil qilishga kirishganmiz. Shu maqsadda bugun so‘ng­gi nashrdan chiqqan ertak kitoblar, bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan asarlarni oilaviy kutubxonamiz uchun xarid qildik. Ko‘rib turganingizdek, bundan o‘g‘limning quvonchi cheksiz, – deydi toshkentlik Lola Do‘stmatova.

Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 120 dan ziyod nashriyot, 1 ming 760 dan ortiq matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Har yili 3 ming nomdan ziyod, 60 million nusxadan ortiq kitob mahsulotlari nashr etilmoqda.

Noshirlik va matbaa ishlarini rivojlantirish, matbaa korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilanishlarga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida kitob mahsulotlarini chop etish ko‘lami va sifati oshayotgani e’tiborga molik.

Yana o‘qing:  Xorij tajribasini o‘rganish faoliyatimizni yangi bosqichga ko‘taradi

Bayramning navbatdagi kunlari ham “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Kitobga mehr qo‘ysangiz, u sizni, albatta, munosib taqdirlaydi”, “Kitob – eng yaxshi sovg‘a” mavzularidagi intellektual viktorinalar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarga boy bo‘ldi.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: