Rahmat, “do‘xtir!” yoxud izhori dil samimiy bo‘lsa…

Barchamizga tanish manzara: vrachga minnatdorlik bildirgach, albatta, “qo‘l haqi” uzatishni ham kanda qilmaymiz. Besh ming, o‘n ming va hokazo… Bu shunchaki bir ko‘rik yoki mutaxassis maslahati uchun. Ammo aksariyat byudjet hisobidan ta’minlanuvchi shifoxonalarning preyskurantida “shifokor maslahati” uchun to‘lov ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin kassada bu maqsad uchun to‘lov qilayotgan mijozni uchratmaysiz.

Shaxsan o‘zim xizmat taqozosi bilan viloyatimiz markazidagi bir necha shifo maskanida bo‘ldim. Deyarli har qadamda katta-katta harflar bilan “Bizda barcha tibbiy xizmat bepul!” deb yozib qo‘yishgan. Biroq shifokorlarning ma’noli yo‘talishi (negadir ko‘pchiligining tomog‘i bir xil og‘riydimi-ey), stolga ishora bilan barmoq chertib qo‘yishidan bu yozuvga ularning ko‘zi tushganiga shubhalanasan kishi. Yana bir holat: tekshiruv markazlaridagi UTT, dopplerografiya tekshiruvini amalga oshiradigan xonalar atrofida haqiqiy “ishbilarmonlik” avj olgan. Ham tekshiruvga to‘laysiz, ham olomon ichidan navbatsiz olib kirib chiqqan shovvoz (kichik yoki o‘rta tibbiyot xodimi)ni “rozi qilish” uchun chiqimdor bo‘lasiz. Ishimizning bu taxlit “silliq” bitishiga barchamiz ko‘nikdik ham. Ammo insoniyat tomonidan yaratilgan “Nima uchun?” degan eng jo‘yali savol allaqayerimizni jizillatgandek bo‘ladi. O‘sha “allaqayer” vijdonimizdir balki… Rostdan ham imkoniyati bo‘lmagani uchun, boshqalarni hurmat qilgani uchun yoki bunday “ucharlar”ga hadeganda ishi tushmagani uchun ­navbat poylayotganlarda nima ayb?

Yoki nima uchun shifokorning ko‘rigi yoki maslahati uchun stoliga pul qistirib ketish “qonuniyati”ni buzishga haddimiz sig‘maydi? Axir, maktab o‘qituvchisining har bir soat darsiga o‘ttiz-o‘ttiz besh nafar bolaning alohida pul yig‘ib berishidek kulgili emasmi bu holat?

Bundan ham achinarli manzara esa tug‘ruqxonalarda kuzatiladi: muolaja uchun chaqirganda ham qorasini ko‘rsatmaydigan hamshirayu sanitarkalar uyga otlangan yosh ona va chaqaloq atrofida girdikapalak bo‘lib qolishadi. Kimdir chaqaloqni kiyintirgan, kimdir onaning narsalarini eshikkacha eltib bergan. So‘ngra dadasidan hayitlik kutayotgan bolalardek qator tizilib olishadi. “Suyunchi” tarqatish marosimi shu tarzda boshlanadi. Endigina bo‘shangan, kuchli-kuchli ovqat yeb, quvvat tiklashi lozim bo‘lgan ayolga sarflanajak pullar “xirmonda hozir”larning cho‘ntagiga ketadi.

Bu so‘zlarni doimgi nolishlardan biri deya qabul qilishga shoshilmaylik. Yurtimizdagi birorta shifoxonaning mutasaddisi: “Bizda holat butunlay ­boshqacha!” deya e’tiroz bildira olarmikan. Qaniydi, shunday bo‘lsa-yu, aytgan fikrlarimdan mulzam tortib qolsam…

Yana o‘qing:  Farzandini himoyachim, qo‘rg‘onim deb erkalar

Tug‘uruqxonami yo bozor?

yollik sarvatining gultoji bo‘lmish farzand ko‘rish baxtiga erishgan ona ­dunyodagi eng baxtiyor zotdir. Afsuski, bu onlarning ilk qismi kechuvchi tug‘uruqxonalarda ahvol ko‘ngildagidek emas. Dastavval, go‘dakning otasi majburiy homiylikka jalb etiladi. Rafiqasiga qon yoki qon preparatlari quyilmagan taqdirda ham, ota muayyan miqdordagi qon uchun to‘lovni amalga oshirishga majbur. Pul to‘lashga ikkilansangiz, qon bersangiz ham bo‘laveradi.

Ikkinchi holat esa ham ko‘zga, ham ko‘ngilga botadi. Sanitariya talablarini buzgancha, tug‘ruq komplekslarida kechki payt mayda mollar savdosini qizitishadi. Sotuvchilarning ki­yinishi ona va go‘dak salomatligi uchun xavfsiz ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Qolaversa, udumlarimizga ko‘ra, chillali joyga shomdan keyin qadam bosish mumkin emasligi hech kimning xayoliga kelmaydi.

Yaqinda ko‘zdek qo‘shnimiz nevarali bo‘ldi. Suyunchi uzatgani borsam, buvijonning jig‘ibiyroni ustidan chiqdim. “Kelinimga ovqat olib bordim, biroz jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgani uchun o‘zim kirib chiqishga ruxsat so‘radim. “Mumkin emas”, ­deyishdi qat’iy. Shu chog‘ o‘zi bilan teng ikkita sumka ko‘targan ayol keldi-yu, “Yangi tovar obkelganman”, deya ichkariga kirib ketdi. Postdagilar ham, hamshiralar ham indamay qolaverishdi. Nahot, olibsotarning biror yuqumli kasallik tashuvchisi yoki sumkasi ichida xavfli vositalar bo‘lishi mumkinligi ularni tashvishga solmasa… Dunyo tahlikalar ichida qovrilayotgan zamonda bu loqayd­likni kechirib bo‘larmikin?”

Qo‘shni xolaning kuyunishiga ajablanmadim. Bir yarim yil oldin shunday holatni viloyatdagi 2-tug‘ruq kompleksida o‘zim ham boshdan kechirgandim. Kunduzi hamshiralik, kechki payt sotuvchilik, sartaroshligu kosmetologlik qiluvchi (uchtasi birdan!) hamshira opadan qiziqsinib so‘ragandim: “Og‘ir kasallarni ko‘rishga ham kiritishmaydi-yu, bo‘limdan-bo‘limga ishdan tash­qari vaqtda qanday bemalol kirib yurasiz?” “Bo‘lim mudirlariga paypoqmi, salfetkami sovg‘a qilsangiz, bo‘ldi-da!” Boshida uncha ishonqiramay, “Oyligi katta shifokor paypog‘-u salfetkaga sotiladimi?” deya ijirg‘angandim. Shifokor menga yaxshi foyda berayotgan dori vositasini o‘zi bilan hamkorlik qiluvchi korxona tabletkasiga almashtirishga uringach, bu ham yetmagandek, o‘sha kompaniya dorilarini bo‘limidagi barcha homiladorlarga tavsiya qilib, stikerli qog‘ozlarini yig‘ib ketgach, bunga ­shubham qolmadi. Boshida kasallik tarixiga yopishtirishar, deb o‘ylagandim. Qog‘ozlar, aslida, kompaniyadan bo‘nak undirishga xizmat qilar ekan. Dunyo matohiga o‘ch, har narsani, hattoki vijdonni bozorga solib savdolashish mumkin, deb o‘ylovchilar orasida murg‘agimni dunyoga keltirishni istamay, boshqa shifoxonaga yo‘l oldim. Chunki chaqaloqqa yetarlicha e’tibor, toza muhit, pokiza nigohlar bo‘lmagan joyda tavakkal qilish ona uchun eng og‘riqli sinovdir. Lekin ming­lab bemorlarni shunday sarson qilgandan ko‘ra, mas’ullarning qilmishini halollik prizmasidan o‘tkazish osonroq emasmi?

Yana o‘qing:  Vasiylik va homiylik

Egrivoy va to‘g‘rivoy

Bu ertak syujetini kimlar yangilamoqda?

Telefonim ustma-ust jiringladi. Ko‘tarsam, qaynonam yig‘lamoqdan beri bo‘lib: “Bekjon to‘xtovsiz qusyapti, qizim, tez yetib keling”, dedi. Ishxonadaman, yetib borishimga kamida bir soat ketadi. Oyog‘imda mador, tilimda quvvat qolmadi. Xayolimga kelgan birinchi fikr mahalla hamshiramizga telefon qilish bo‘ldi. “Hamroxon opa, shifokorimizdan iltimos qilib ko‘ring-chi, uyimizga borib bolamni tekshirib bera olarmikan? O‘zim yetib borgunimcha ko‘p vaqt ketadi, issiqda bolani ko‘chaga olib chiqishga onamdan boshqa odam yo‘q”, deya vaziyatni tushuntirdim. Kasallik belgilarini so‘rab olgach, hamshiramiz meni tinchlantirishga urindi: “Xavotirlanmang, o‘zimiz boramiz”.

Darhaqiqat, mahalla pediatrimiz Faxriddin Mansurov bilan birga kelib, ko‘rikdan o‘tkazib, tegishli muolajalarni tavsiya qilib ketishdi. Uch kundan keyingi takroriy ko‘rikka otlanib tursak, eshikdan shifokorimizning o‘zi ko‘rindi: “Havo juda issiq, to‘la tuzalmagan bolaning holatini og‘irlashtirib qo‘ymaylik, deya ish vaqtim boshlanguncha, ko‘rib ketay, deb kelyapman”.

O‘sha holatimda dunyodagi eng yaxshi odam, fidoyi shifokor sifatida hurmatim oshgan vrachlar soni yana bittaga ko‘paydi. Oppoq kiyimiga chin ma’noda munosib insonlar ko‘paysa, qandoq yaxshi?..

Ammo shu kabi insonlarning ham nomini o‘zining qora nomi yoniga tortqilab turguvchilar xalqda shifokor zotiga nisbatan pulparast kimsa degan tasavvurni shakllantirib qo‘ygan. O‘zim yaqinda guvohi, aniqrog‘i, ishtirokchisi bo‘lgan yana bir holatni bayon etsam. Jon jigarlarimdan biri, Allohning sinovi ekan, jigar sirrozi xastaligiga chalindi. Uzoq davom etgan davolanishlardan so‘ng davolovchi shifokorning tavsiyasiga ko‘ra, nogironlik nafaqasiga chiqarmoqchi bo‘ldik. Kerakli hujjatlarni qo‘limda tutgancha, kasallik tarixini shakllantirib berish uchun hudud terapevtiga borsam, “Bu uzoq davom etadigan ish. Ikki-uch oy vaqt ketadi”, dedi. Natijasiz ikki-uch qatnashimdan so‘ng shifokor haqiqiy qiyofasini ochdi: “150 000 so‘m olib kelsangiz, bu ishlar shunchaki bitmaydi”. “Insonning yuzi issiq”, deyishadi, ich-ichimdan qanchalik yomon ko‘rmay, norozi bo‘lmay, shifokorning o‘ziga tayinli e’tiroz bildirolmadim. U shifokor, tabiiyki, bu kasallikning rivojlanish bosqichidagi bemor ichishi shart bo‘lgan dorilarning bir kunligi uning jig‘ildoni xohlayotgan mablag‘ni ham ort­da qoldirishini yaxshi biladi. Bir-ikki hamkasbimga yorilgandim, tegishli joylarga murojaat qilishimni tavsiya qilishdi. Ammo Xudo urib qo‘ygani tayin bu kimsalarni qanday jazo to‘g‘ri yo‘lga sola olardi…

Yana o‘qing:  Pul bermaslik tejamkorlikni o‘rgatmaydi

Xulosa o‘rnida

Ziyoli kim? Oliy ma’lumotli ekanligini tasdiqlovchi diplomi bor kishi emas, atrofdagilarga ziyo, ya’ni nur ulashuvchi odam ziyolidir. Bugun bu so‘z obro‘sizlanib, qadri yo‘qolib ketayotgandek… Ta’ma, birovning qo‘liga qarash, poraxo‘rlik, zamonning “og‘ir”­ligi kabi ro‘kachlar ushbu tushunchani oyoqosti qilmoqda, desak yanglishmaymiz. Agar ilmliga e’tibor, ziyoliga hurmat avvalgidek emas ekan, demak, bunga o‘zimiz aybdor. Xalqning e’tibori, hurmati va e’zozidan arzimas moddiylikni ustun qo‘yayotgan ekanmiz, boshqacha natijani kutishning o‘zi kulgili.

Dildora RAHMONOVA,

Ishonch” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: