Kasbiy sohillarida hordiq chiqarayotgan o‘zbek farzandlarining taassurotlari qanday?
Azaldan bir daryodan suv ichib, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalari bilan bog‘langan o‘zbek hamda turkman xalqlarining tili va urf-odati bir-biriga yaqin, madaniyati uyg‘un, adabiyoti hamda san’ati hamohang. Turkman xalqi Alisher Navoiy g‘azallarini sevib -o‘qiganidek, o‘zbeklar ham Maxtumqulini o‘z shoiridek ardoqlaydi. Asrlar davomida o‘zaro ahil, tinch-totuvlikda yashab kelgan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida yanada rivojlandi. Bugun O‘zbekiston – Turkmaniston aloqalari 2007 yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma asosida izchil ravnaq topmoqda.
Albatta, mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalarining tobora rivojlanib borishida davlat rahbarlarining yaqin do‘stligi, bir-biriga hurmati va ishonchi muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, shu yilning may oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot natijasida bir guruh o‘zbekistonlik o‘g‘il-qizlar Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazida hordiq chiqarishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markazida maroqli dam oldi.
Bir olam unutilmas taassurotlar bilan qaytgan bu o‘g‘il-qizlarning, ota-onalar hamda pedagoglarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik. Quyida ulardan ayrimlarini havola etmoqdamiz.
“Bir-birimizni tarjimonsiz tushundik”
Shaydoxon OTAXONOVA, Xonqa tumanidagi 26-maktab o‘quvchisi:
– “Avaza” Milliy sayyohlik zonasidagi “Dayanch” oromgohida ko‘plab yangi do‘stlar orttirdik. U yerda konsert dasturlarini namoyish etdik. Kuy-qo‘shiqlarimiz, raqslarimiz turkmanistonlik tengdoshlarimizga juda yoqdi. Eng qizig‘i, biz bir-birimizni tarjimonsiz tushundik. Ularga muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida biz, yoshlarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani haqida gapirib berdik. Ular ham turli nufuzli xalqaro tanlovlarda, sport musobaqalarida, fan olimpiadalarida o‘zbek yoshlari erishayotgan yutuqlardan boxabar ekanliklarini, kezi kelganda o‘rnak olishayotganini aytishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev oromgohga tashrif buyurganida, xuddi otasi kelgan bolalardek xursand bo‘lib ketdik. Baxtimiz va iqbolimiz uchun jon kuydirib, mana shunday katta imkoniyatlarni yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga qanday minnatdorlik bildirish haqida o‘ylardik.
Rostini aytsam, bu – mening birinchi marta Vatandan uzoqda bo‘lishim. Ona yurt qadri va sog‘inchi qandayligini ilk marta his qildim.
“Yoshlarimizga havasim keladi”
Zulxumor QURBONOVA, Qorovulbozor tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Nigora Raxmitdinovaning onasi:
– Turkmanistonda bir guruh tengdoshlari bilan dam olgan qizimning quvonchi va hayajonini ko‘rib, zavqim keldi. Boshqa davlatga ilk bor sayohat qilishi, bu yerda Prezidentimizning shaxsan o‘zi bolalarimiz holidan xabar olishi qizim xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi, shubhasiz.
Sayohat davomida u turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlashibdi. Bu qardosh xalqning tarixi, madaniyati haqida to‘lqinlanib gapirishidan sezdimki, bilimi, -dunyoqarashi yanada kengayibdi. Shu bilan birga, unda ona-Vatan bilan faxrlanish tuyg‘usi yana bir pog‘ona yuksalganini angladim.
Do‘stlik safari
Nasiba SAPAYEVA, Urganch shahridagi 22-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
– Shogirdlarim bilan birgalikda qo‘shni turkman eliga sayohatimizni men “Do‘stlik safari” deb atagan bo‘lar edim.
Ayniqsa, o‘quvchilarimiz Turkmanistondagi so‘lim dam olish maskanida hordiq chiqargani hamda shaxsan Prezidentimiz bilan ko‘rishib, suhbatlashganidan benihoya baxtiyor. Ular o‘n kunlik safar davomida turkman yoshlari bilan do‘stlashib, o‘zaro fikr almashdilar. Turli tadbir va uchrashuvlarda faol ishtirok etib, xalqimiz madaniyati, tarixi, adabiyotidan tengdoshlarini bahramand qildilar.
Shu o‘rinda aytish joizki, yurtimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini yanada oshirish sa’y-harakatlari birinchi galda biz, pedagoglarga katta mas’uliyat yuklaydi. Buni chuqur his qilgan holda, har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash uchun bor kuch va -bilimimizni safarbar etamiz.
O‘zbekistonda ko‘rishguncha!
Guljamol BAZARBAYEVA, Kegeyli tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchisi:
– O‘zbekistonlik bir guruh yoshlar qatorida men ham Turkmaniston Respublikasida bo‘ldim. Qo‘shni mamlakatga o‘zgacha qiziqish bilan bordik. U yerda turkmanistonlik tengdoshlarimiz quchoq ochib kutib oldilar. Yoshi ulug‘ keksalarimizdan qardosh turkman xalqi urf-odatlari va an’analari bizga juda yaqinligi haqida ko‘p eshitgandim. O‘n kunlik sayohat davomida buning ayni haqiqat ekanini angladim.
Turkman yoshlari bilan tezda til topishib, do‘stlashib ketdik. Masalan, men ularga o‘zim shug‘ullanadigan sport inshooti, u yerdagi chempionlar haqida g‘ururlanib gapirib berdim. Tengdoshlarimni yurtimizga taklif qildim.
Prezidentimizning biz dam olayotgan maskanga tashrifi esa bir umrlik unutilmas voqeadir. Davlatimiz rahbari taassurotlarimiz bilan, sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi va barchamizga sovg‘alar ulashdi. Bunday e’tibordan har birimizning qalbimizda iftixor tuyg‘usi yanada ortdi.
Men ham kelgusida bundan-da yaxshiroq o‘qishga, sport sohasida yuksak marralarni zabt etib, xalqimizga munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman.
“Hech qachon unutmayman!”
Shohruh SHERNIYAZOV, Urganch shahridagi 24-IDUMI o‘quvchisi:
– Tengdoshlarim bilan Turkmanistonning go‘zal maskanlaridan biri – “Dayanch” oromgohiga borish baxtiga muyassar bo‘ldim. Buning uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz. Biz u yerda miriqib hordiq chiqardik, turli sport o‘yinlarini o‘ynadik. Turkmanistonlik tengdoshlarimiz bizga konsert dasturini namoyish etishdi. Biz ham, o‘z navbatida, ularga san’atimiz namunalaridan ko‘rsatdik.
Kaspiy dengizi sohili bo‘ylab sayr qildik, ularning san’ati, madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdik. Safarimiz davomida shunga amin bo‘ldikki, biz — o‘zbekistonlik yoshlarga barcha havas qiladi. Ayniqsa, o‘ziga xos “Kichik olimpiada” hisoblanmish uch bosqichli sport o‘yinlari tengdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Darvoqe, biz Maxtumqulini qanday e’zozlasak, ular ham Navoiy va Boburni shunday sevib mutolaa qilishar ekan.
Sermazmun kunlar sururi
Shuhrat QAHHOROV, Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ma’naviyat va sport ishlari bo‘limi mutaxassisi:
– Turkmanistonga 25 nafar navoiylik o‘g‘il-qizga bosh bo‘lib bordim. Avvalo, u yerdagi hamkasblarimiz tajribasi bilan qiziqdim.
Ta’limning o‘zbek modeli jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilishiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlar iqtidorini aniqlash va ro‘yobga chiqarishning yaxlit samarali tizimi yaratilgan. Unda hatto eng mayda jihatgacha ko‘zda tutilgan. Bu haqida turkmanistonlik hamkasblarimizga batafsil so‘zlab berdik.
“Dayanch” oromgohida qiziqarli sport o‘yinlari, she’rxonlik kechalari, o‘zbek va turkman yoshlarining badiiy chiqishlari bir-biriga ulanib ketdi. Sermazmun o‘tgan kunlardan qalblarimiz yanada sururga, g‘ururga to‘ldi.
Bahriddin ShAYVALIYEV,
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati rahbari