BOLA NUTQI RAVON BO‘LSA
Nutq insonlar o‘rtasidagi muloqotning asosiy negizi hisoblanadi. Yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda nafaqat oila, balki ta’lim va tarbiya maskanlarining ham roli katta.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida joylashgan 328-sonli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Bugungi kunda ushbu dargohda 180 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularga tarbiyachilar bilan birga 12 nafar defektolog xodimlar “Bolajon” dasturi asosida malakali xizmat ko‘rsatmoqdalar. Bu dasturda bolalarga jismoniy, ijtimoiy-hissiy rivojlantirish, nutq, o‘qish va savodga tayyorlash, bilish jarayoni, atrof-olam to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lish va ularni anglatish kabi yo‘nalishlarda ta’lim-tarbiya berish ko‘zda tutilgan.
– Bog‘chada tarbiyalanayotgan bolalarimiz nutq buzilishining 6 xil tashxisi bo‘yicha tarbiyalanmoqdalar. Ya’ni, duduqlanish, rinolaliya, dizartriya, alaliya, afaziya va ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar, – deydi bog‘cha mudirasi Maktuba Sharipova. – Bolalarning jismoniy va ma’naviy sog‘lom bo‘lishlari uchun defektologlar har bir tarbiyalanuvchi bilan alohida shug‘ullanadi. Ular bolalar bilan birga nafas mashqlari, oyna yordamida til, jag‘ mashqlari, og‘iz, tanglay va barmoq uqalash mashqlarini bajarishadi. Bundan tashqari, bolalar badiiy gimnastikasi ashulla va raqs, shaxmat-shashka kabi to‘garaklarimizga muntazam qatnashishadi. “Humo” ashula va raqs jamoamiz 2011 yilda shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan bolalar badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Istiqlol g‘unchalari” ko‘rik-tanlovida Toshkent shahar miqyosida 1-o‘rinni, respublika miqyosida esa 2-o‘rinni olib, I va II darajali diplom bilan taqdirlandi.
Bolalarning jismonan va aqlan sog‘lom, nutqi ravon, erkin fikrlaydigan, bilimli bo‘lib voyaga yetishlarida tarbiyachi xodimlarimizdan Munira Tuyoqova, Maxfirat Jo‘rayeva, Fotima Halimova, Mavjuda Yunusova, defektolog xodimlarimizdan Shahnoza Shukurova, Mohichehra Karimova, Muxlisa Jo‘rayeva, Feruza Rahimova, Farida Ubaydullayevalarning hissasi katta bo‘lmoqda.
– Farzandim Sulaymonni 3 yoshida shu bog‘chaga olib keldim, – deydi yosh onalardan biri. – 4-5 tadan ortiq so‘zni bilmas, fikrini nutqiga chiqara olmasdi. Bog‘chada esa mashg‘ulotlar va mashqlar davomida so‘z boyligi ko‘paya boshladi, tarbiyachilari va defektologning shug‘ullanishi natijasida nutqiga “T”, “S”, “Sh” tovushlari kirib keldi. Mana, bir yarim yil bo‘layapti biz va o‘rtoqlari bilan bemalol gaplasha oladi, nima demoqchiligini ayta oladi. Men tarbiyachi va mutaxassislardan juda minnatdorman.
Ha, yosh avlodni tarbiyalashda kishidan kuchli bilim va tajriba, sabr, matonat talab qilinadi. Zero, sog‘lom farzand nafaqat oilaning, balki yurtning, millatning davomchisi hisoblanadi.
Shahnoza KARIMOVA