Buloqning hayotbaxshligi

Tashabbuskor va tadbirkor inson yuzaga chiqquncha yetti qat yer ostidan sizib chiqqan buloqdek uzoq yo‘l bosadi. Mustaqil O‘zbekis­ton haqida ham, uning yangi tuzilgan ko‘plab tashkilotlaridan biri “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi haqida ham ana shunday deyish mumkin….

Gulnora Yo‘ldosheva ham billur buloqdek hayotda o‘z yo‘lini ko‘p izladi, xo‘p izladi. So‘qmoqlar katta yo‘lga baribir olib chiqqanidek uning umr manzili ulkan yo‘lga mustaqil O‘zbekiston yo‘liga kelib tutashguncha tinmadi, tinchimadi. Chidam, mehnat, mashaqqat degan so‘zlarning ta’mini u bolaligidan tuydi.

Vaqt yeldirim. Ko‘z ochib yumguncha haftalar, oylar, yillar g‘izillab o‘tib ketaveradi. Taqdir uni olijanob insonlarga yo‘ldosh qildi. Onalik, ayollik, yetuk mutaxassislik, rahbarlik, deputatlik baxtiga muyassar bo‘ldi. Bugungi kunda bosib o‘tgan yo‘llarini eslab, elga munosib manfaati tekkanini his qilib, xursand bo‘ladi.

Mamlakatimiz rahbarining Farmoni bilan 1993 yil “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ta’sis etilganda Gulnora Yo‘ldosheva boshqaruv raisi sifatida faoliyatini boshladi. O‘sha paytda mustaqil O‘zbekistonning birinchi ordeni – “Sog‘lom avlod uchun” ham ta’sis etildi. Mana shu dalillarning o‘zi ham mamlakatimizda barkamol avlod tarbiyalash ishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ifodalab turibdi.

Xalqimiz genofondini, nasl-nasabini yaxshilash va yosh avlodning ma’naviy va jismoniy barkamolligi yo‘lida ushbu jamoa tashkiloti keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirdi.

Darhaqiqat, sir emas, istiqlolning ilk kunlarida rasmiy tibbiyot har bir oila va har bir odamni qamrab olish imkoniyatiga ega emas edi. Jamg‘arma asosan ana shunga e’tiborini qaratdi. Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xal­qaro xayriya jamg‘armasi Germaniyaning “Karl-Seys Yena” firmasidan 15 ta avtomobil-ambulatoriya sotib oldi. Uning yordamida respublikamizning uzoq qishloqlaridagi onalarni va bolalarni to‘la tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Ikkinchi ulug‘vor ishlardan biri – “Ona va bola skriningi” markazlarining tashkil etilishiga tamal toshi o‘sha payt­da qo‘yildi. Bugungi kunda har bir viloyatda bu markazning filiallari ishlab turibdi. Nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda “Homilador ayollar muhofazasi” maxsus dasturi ishlab chiqildi. Bunda ayollarning dastlabki homiladorligi davrida kuzatib borish nazarda tutiladi. Finlandiyadan apparatlar va reaktivlar sotib olindi.

Yana o‘qing:  Yangi avlod

Koreya Resublikasi bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra, u paytlarda Koreyaga bolalar onasi bilan birga bepul yuborilgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatimizning o‘zida koreya­lik vrachlar bilan birga jarrohlik ishlari amalga oshirilayapti. Bu bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanganligini va tibbiy muassasalarning zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlash yuksalganligini aks ettiradi.

Jamg‘armaning dastlabki faoliyat davrida amalga oshirgan yana bir savobli ishi – “SOS Kinderdorf” – jahon tashkilotining O‘zbekiston bo‘limini tashkil etilganidir. Dastlab “SOS” bolalar mahallasi faqat Toshkentda tashkil qilingan bo‘lsa, bugungi kunda qator viloyatlarda uning bo‘limlari ishlab turibdi.

Jamg‘arma o‘z faoliyatida mamlakatimizning suyanchi, tayanchi bo‘ladigan sog‘­lom bolalarga ham alohida e’tibor berdi. Iqtidorli talaba va o‘quvchilarga jamg‘armaning stipendiyasi tashkil etildi.

Namangan viloyatidagi “Pahlavon” sport majmuasi tennis kortlarida o‘tkazilayotgan “Devis kubogi” musobaqasida ishtirok etayotgan Farrux Do‘stov haqida eshitganimda, uning jamg‘arma tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan tennis musobaqalaridagi ishtiroki yodimga tushdi. U ketma-ket uch yil o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda g‘olib bo‘lgandi. Jamg‘arma kashf qilgan bola bugun jahon bellashuvlarida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘taryapti.

Mening so‘zimni ma’qullar ekan, opa yana bir misolni keltirdi: – Lola degan o‘n uch yashar qiz Koreyada operatsiya bo‘lib qaytgan edi. Hozir egizak bolalarning onasi. Bayramlarda telefon qilib yo‘qlaganida quvonib ketaman. Aslida biz bir vositachi, bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulug‘vor savob ishlarning bir nuqtasi, xolos. Bilasizmi, O‘zbekistonimizning o‘ziga xosligi nimada!? Yurtimizning tinchligida, mehnatkash xalqimizning og‘ir-vazminligida, barakali qo‘llarida, – deydi opa zavq bilan.

Yurtimizda bizni quvontiradigan buyuk kunlar ko‘p. Mamlakatimiz istiqlolga erishgan kun – Mustaqillik kuni – bayram. Qadriyatlari davom etayotgan Navro‘z – ulug‘ ayyom. Farzandlarini kamolini ko‘rgan kuni xalqimiz uchun bayram. Rustam Qosimjonov, Farrux Do‘stov kabi farzandlarimiz mustaqil O‘zbekistonni dunyoga tanitmoqda. Vatanimiz jamolida ham, mustaqil O‘zbekiston tuzgan tashkilotlar faoliyatida ham yurtimiz kishilarining taqdirida ham buloqning hayotbaxshligi mavjud.

Shuningdek, opa bilan suhbatlashib, men bu ayolning tabiatida ham hamisha yo‘l izlaydigan buloqning hayotbaxshligini ko‘rdim.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: