Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq yangradi
25 may kuni mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan «Xayr, maktab! Salom, kollej!» deb nomlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan yosh avlod kamolotiga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda ta’lim tizimidagi islohotlarni zamon ruhiga mos tarzda takomillashtirish, o‘quvchi-yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitobxonlikni yanada rivojlantirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bolalarning to‘laqonli bilim va tarbiya olishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda umumta’lim fanlarini o‘qitishning uzluksizligi va izchilligini ta’minlash, zamonaviy metodologiyasini yaratish, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standartlarini takomillashtirish, yangi o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish yuzasidan katta hajmdagi ishlar bajarilmoqda. 2016/2017 o‘quv yilida ota-onalar, pedagoglar jamoasi fikrlarini inobatga olgan holda sinflarda o‘quvchilar tarkibini belgilangan me’yordan oshirmaslik, ayrim fanlardan o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitish, o‘quv to‘garaklari faoliyatini yanada jonlantirishga doir chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi. Shu bilan birga, bolalarni turli zararli g‘oya va ta’sirlardan ishonchli himoyalash, o‘quvchilarning darslarga qatnashishini o‘rganish, huquqbuzarlik bo‘yicha profilaktika choralarini kuchaytirish yuzasidan keng qamrovli loyihalar kutilgan samaralarni berdi.
«Islom Karimov asarlari bilimdoni», «Eng yaxshi elektron axborot-ta’lim resurslari», «Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi», «Konstitutsiya – baxtimiz poydevori», «Ona yurt ohanglari», «Bolalarning texnik ijodkorligi», «Huquq bilimdonlari» kabi ko‘rik-tanlovlar o‘quvchilarning bilimlarini yanada boyitish va kengaytirish, iqtidor sohiblarini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish imkonini berdi. O‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar bo‘yicha respublika forumi, «Ta’lim jarayonida AKTning roli», «maktab – mahalla – oila» hamkorligini mustahkamlashga oid konferensiyalar, seminarlar darslarni yanada mazmunli o‘tkazish, ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar unumini oshirishda asosiy omil bo‘ldi. Ayni paytda «Orasta qizlar», «Yashil sayyoramiz taqdiri o‘z qo‘limizda» mavzuidagi ko‘rik va festivallar, kitobxonlik haftaliklari bolalarning tibbiy, ekologik madaniyatini yuksaltirish, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 9-umumta’lim maktabida ham o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan «Xayr, maktab! Salom, kollej!» nomli tadbir tantanali va samimiy ruhda o‘tdi. Unga ota-onalar, pedagoglar, mahalla faollari taklif etildi.
– Ta’lim sohasidagi keng qamrovli islohotlar bizning o‘quv maskanimiz faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda, – deydi maktab direktori Dildora To‘laganova. – Bu yil to‘qqizinchi sinfni 58 nafar o‘quvchi bitirayapti. Ularni kasblarga yo‘naltirish, mutaxassislikka oid bilimlarini oshirish maqsadida kollej va litseylarda «Ochiq eshiklar kuni» kabi ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. O‘quvchilar o‘rtasida muntazam tarzda o‘tkazilgan so‘rovnomalar bolalarni umumiy o‘rta ta’lim maktabidan so‘ng kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga to‘laqonli qamrab olishda, ularning fikrini to‘g‘ri shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda yosh avlod kamoloti va istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr-e’tibor o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va qiziqishini tobora kuchaytirishga puxta zamin yaratayotgani ta’kidlandi. Yil davomida turli ijodiy va ma’rifiy tanlovlar, bilimlar bellashuvlarida, sport musobaqalarida faol qatnashgan o‘quvchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 467 mingdan ortiq o‘quvchi tamomlaydi. Ular o‘qitishning keyingi bosqichi – kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga to‘liq qamrab olinadi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA