Yangi marralar – yangi nomlar yoki ulkan yutuqlar

Kelajagimiz vorislari bo‘lgan farzandlarimizning aqliy va ma’naviy kamol topishi, iqtidorini to‘la namoyon etishga keng imkoniyat yaratish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bir qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jamg‘arma tomonidan qator yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazma va festivallar yangi-yangi nomlarni kashf etishda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘layapti. Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi bilan hamkorlikda 1997 yildan e’tiboran musiqa maktablari o‘quvchilari ishtirokida “San’at g‘unchalari” respublika yosh musiqachilar tanlovining o‘tkazilishi ko‘plab iqtidor egalarini kashf etishga zamin hozirladi. Tanlovning shu yil mart oyida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida 100 nafardan ziyod yosh iste’dod egalari o‘z iqtidorini namoyish etishdi.

– Musiqani jon-dilimdan yaxshi ko‘raman. Damli va zarbli cholg‘ular tanlovida saksofonda ijro etgan kuyim birinchi o‘ringa loyiq topilganida ko‘z o‘ngimda ota-onam hamda ustozlarimning shodon chehrasi namoyon bo‘ldi. Bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan tanlov tashkilotchilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi o‘quvchisi Munisa Akromova.

– Glier nomli Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchisi Javohir Jahongirov: – Jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovida zarbli cholg‘ular yo‘nalishida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim. Kelajakda jahonning katta sahnalarida ham xuddi shunday muvaffaqiyatlarga erishishni orzu qilaman, – deydi u.

Jamg‘arma tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlardan yana biri “Navro‘z sadolari” – Respublika milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambli va orkestrlar festivalidir. 2005 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu san’at festivalida barcha viloyatlardan yosh ijrochilar ishtirok etib, o‘z san’atlarini namoyish etmoqdalar. 2012 yilda bo‘lib o‘tgan “Navro‘z sadolari” V respublika festivalida diyorimizning barcha viloyatlaridan 300 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etishdi.

Jamg‘armaning yana bir e’tirofli tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg‘iz emassan” respublika jamoat bolalar fondi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamkorligida respublikamizdagi maxsus maktab-internatlari va “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Kamalak jilosi” rasmlar tanlovidir. Respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan “Mehribonlik uylari” maktab hamda maxsus maktab-internatlarining 1500 nafar tarbiya­lanuvchilari qatnashgan mazkur tanlov ishtirokchilari va g‘olib bolajonlarga jamg‘arma tomonidan 726,0 ming so‘mlik qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonlik bolalar Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida dam olmoqda

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, yurtimizdagi yuzlab iqtidor egalari ushbu nufuzli tanlovlar sabab kashf qilindi. Zero, Amerika qo‘shma shtatlari, Germaniya, Angliya, Gretsiya, Fransiya, Italiya, Rossiya kabi davlatlarning katta sahnalarida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda mamlakatimiz nomini dunyoga tanitgan 30 nafardan ziyod yosh san’at ixlosmandlarining erishgan muvaffaqiyatlari zamirida ham jamg‘armaning munosib ko‘magi bor.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: