Olimpiadadan Olimpiadagacha
nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan medallar shodasi kelgusi g‘alabalarga zamin yaratmoqda
Ma’lumki, 2016 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz a’zolari 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza, jami 13 medal, Paralampiya o‘yinlarida esa 8 oltin, 6 kumush, 17 bronza jami 31 medalni qo‘lga kiritishdi.
Natijalar tahlil qilinar ekan, sovrinli o‘rinlar faqatgina boks, dzyudo, og‘ir atletika, sport kurashlari bo‘yicha qo‘lga kiritilganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, ushbu musobaqadan so‘ng badiiy va sport gimnastikasi, trampolin, yengil atletika, taekvondo WTF, baydarka va kanoeda eshkak eshish kabi sport turlarini rivojlantirish yo‘lida qilinadigan ishlarimiz hali talaygina ekanligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi Farmoniga binoan tuzilgan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi oldida ana shu va boshqa bir qator vazifalar, yechimini kutayotgan masalalar turibdi. Qo‘mita raisi Rustam QURBONOVga bir necha savollar bilan yuzlandik:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarining 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Barchamizga ma’lumki, sport aholini sog‘lom turmush tarziga odatlantirish, kelajak avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishida muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojida o‘ziga xos o‘rin tutmoqda.
Mazkur qaror bilan birga 47 banddan iborat dastur va 25 banddan iborat kompleks chora-tadbirlar rejasi hamda qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan qo‘mitaning buyrug‘i hamda nazorat rejasi tasdiqlandi. Ushbu masalaga mas’ul sport turlari bo‘yicha federatsiya va uyushmalar, yirik kompaniya, vazirlik, idoralar rahbarlari dasturda belgilangan vazifalarni yuqori saviyada amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan Respublika komissiyasining selektor yig‘ilishida tegishli qarorlar qabul qilishdi. Hozirda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan barcha sport turlarini rivojlantirish, sportchi va murabbiylarimizga kerakli barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Sportchilar o‘z tajribasini oshirish, reyting ballarini to‘plashda nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlari talab etiladi. Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlaridan keyin mavsum doirasida terma jamoamiz a’zolari qanday natijalarni qo‘lga kiritishdi?
– 2017 yilning o‘tgan birinchi choragida dunyo miqyosida ko‘plab nufuzli xalqaro turnirlar o‘tkazildi. Quvonarlisi, ushbu musobaqalarda o‘zbek sportchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishdi. O‘tkazilgan 83 ta xalqaro musobaqada 526 nafar (shundan 173 nafari qizlar) sportchimiz ishtirok etib, 71 oltin, 58 kumush, 63 bronza, jami 192 medalni qo‘lga kiritishdi.
– Joriy yil O‘zbekiston sport delegatsiyasi qanday nufuzli musobaqalarda qatnashishlari rejalashtirilgan?
– Qo‘mitaning asosiy e’tibori 8-25 may kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida IV “Islom birdamligi o‘yinlari”da 156 nafar, 19-30 may kunlari Xitoyning Taypey shahrida XXIX yozgi Butunjahon Universiada o‘yinlarida 100 ga yaqin hamda 15-24 sentyabr kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida Yopiq sport inshootlarida Jang san’atlari va V “Osiyo o‘yinlari”da 160 nafar delegatsiyamiz a’zolarini ishtirok etishini rejaga kiritganmiz.
Quvonarlisi, ayni kunlarda Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan IV “Islom birdamligi o‘yinlari”da atletlarimiz munosib ishtirok etishmoqda. Bugunga qadar vakillarimiz sport gimnastikasi, tennis, dzyudo, badiiy gimnastika, karate, og‘ir atletika kabi bir nechta sport turlari bo‘yicha shoda-shoda medallarni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida yetakchi o‘rinlarda bormoqda.
– Qobiliyatli sportchilarni erta aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlashda yurtimizda uch bosqichda o‘tkaziladigan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiada sport o‘yinlarining alohida o‘rni bor. Hozirda barcha sport muxlislarining diqqat-e’tibori shu oy Jizzax shahrida o‘tkaziladigan “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining final bosqichlariga qaratilgan…
– To‘g‘ri aytdingiz. Ayni paytda ushbu musobaqaga viloyatda katta hozirlik ko‘rilmoqda. Bellashuvlar o‘tkaziladigan barcha sport inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Sport musobaqalari o‘tadigan inshootlar zamonaviy sport anjomlari, jihozlari va uskunalari bilan ta’minlandi.
Bugunga qadar basketbol (Samarqand shahrida), boks va gandbol (Nukus shahrida), futbol (Qarshi shahrida) hamda voleybol (Namangan shahrida) bo‘yicha saralash bosqichlari yakunga yetdi. Respublika final bosqichida sportchi o‘quvchilar jami 186 komplekt medallar uchun kurash olib boradilar. Musobaqada 901 nafar sportchi, 210 nafar murabbiy, 175 nafar hakam, 1 ming 655 nafar ishtirokchi qatnashishishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, anjumanda sport federatsiyalari mas’ullari, sog‘liqni saqlash hamda ichki ishlar xodimlari va san’atkorlar ham qatnashishi rejalashtirilgan. O‘ylamanki, bu galgi musobaqa ham farzandlarimiz orqasidan yangi-yangi nomlarni kashf etadi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Yulduz ORTIQOVA
suhbatlashdi