Buxoroning eng faol hamshirasi: bu muvaffaqiyatga u qanday erishdi?

12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Hamshira – 2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Muharram Salimovaning g‘olib deb topilishi, Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faoliyat yurituvchi barcha xodimlarni cheksiz quvontirdi.

Zero, hamshira qizning bu kabi muvaffaqiyati markazning yosh kadrlarga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiboridan nishonadir. Quvonchli kunda tabrik yo‘llagan dadasi To‘lqin aka Nurillayev bobosi va momosining izidan borgan qizini uzoq duo qilib, ularning yo‘lini tiladi.

Muharram Salimova shifokorlar avlodidan. Tibbiyot sohasini tanlashida bobosi Salim ota va buvisi Anbarbonu onalarning xizmatlari katta bo‘lgan. Jajji yuragida tug‘ilgan ishtiyoq esa yillar o‘tib, bo‘y ko‘rsatdi.

Buxoro tibbiyot kollejini muvaffaqiyatli tamomlagan Muharram ilk ishini Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limidan boshladi. Dastavval og‘ir bemorlar bilan ishlashdagi kasb mahoratining kamligi Muharramga birmuncha qiyinchilik tug‘dirdi. Keyinchalik uning tajribasi ortib, zimmasidagi barcha yumushlarni uddalay boshladi.

– Hamshiralik mashaqqatli, shu bilan birga sharfali kasb sanaladi, – deydi Muharram Salimova. – Ilk ish boshlagan kezlarimda ustozlarim – Zumrad Sharipova, Nozima Nuriddinova, shuningdek, bo‘lim boshlig‘i Usmon aka Oltiyevlarning daldasi menga kuch bag‘ishlagan. Ularning talabchanligi tufayli tanlagan sohamning yetuk mutaxassisi bo‘lishga harakat qilyapman.

Ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari, tegishli ko‘rsatmalari bilan Muharram ko‘p o‘tmay, bevosita jarrohlik amaliyotida ishtirok eta boshladi. Og‘ir axvoldagi bemorlarga ziyraklik bilan parvona bo‘lib, belgilangan muolajalarni dadillik bilan olib bordi.

Hozirda markazning reanimatsiya bo‘limida olti nafar bemorning sog‘lig‘i tiklanmoqda. Nasib qilsa, ularning oila davrasiga qaytishi ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Muharramxon ana shunday ezgu ishlarda ozmi-ko‘pmi xizmati borligidan behad xursand.

2014 yilda tibbiyot markazining qayta ta’mirlanishi, zaruriy tibbiy anjomlar bilan jihozlanishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tardi. Bemorlarga aniq tashxis qo‘yish, zudlik bilan davo choralarini qo‘llash jarayonlari yanada osonlashdi.

Muharramxonning “Hamshira – 2017” ko‘rik-tanlovida ishtirok etishining sababi shu vaqtga qadar olgan bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazish niyati bo‘ldi. O‘ylaymizki, qahramonimizdagi g‘ayrat va shijoat tanlovning respublika bosqichida ham g‘olib bo‘lishiga, kelajakda o‘zi orzu qilgandek malakali shifokor bo‘lishiga zamin bo‘ladi.

Ma’rifat ESHONXONOVA

Yana o‘qing:  Yuzingdagi tabassumdan quyosh kuch olsin

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: