ILM – BOQIY MEROS
Hayotda shunday insonlar borki, ularning ibratli ishlari, ilmiy-ma’naviy meroslari, mehru oqibatlari insonlar xotirasida mangu yashaydi. Ulardan biri texnika fanlari doktori, professor Shohida Abdurahmonovani ham ko‘pchilik hurmat bilan yodga oladi.
Boy ilmiy-pedagogik tajribaga ega bo‘lgan olimaning 300 dan ortiq ilmiy maqolalari, tolalar kimyosi va texnologiyasiga bag‘ishlangan o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.
O‘rta maktabni a’lo baholarga tugatib, Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat institutining “Kimyo-texnologiya” fakultetida tahsil olayotgan chog‘idayoq bilimdon va jamoatchi talaba ustozlarining nazariga tushdi. Oliygohni tugatgach kafedrada ishga olib qolinadi. Mazkur institutning “Yuqori molekulyar birikmalar kimyosi va texnologiyasi” kafedrasida assisent lavozimidan professor darajasigacha erishgan Shohida opa bu yerda o‘ziga xos maktab yaratdi desak aslo mubolag‘a emas. Akademik G.Kudryavsev, professorlar V.Shabligin, Z.Gogovin kabi ustozlarining o‘gitlariga amal qilib ulardan o‘rganganlarini ko‘plab shogirdlariga o‘rgatdi.
Taqdir oilani ham ilmni ham birdek muqaddas bilgan Shohida opadan o‘z sinovlarini ayamadi. Ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir paytda 10 yoshli farzandi to‘satdan vafot etadi. Ona uchun o‘z jigarini yo‘qotishdan og‘irroq dard bo‘lmasa kerak. Ammo Shohida opa bu dardni yengishga o‘zida kuch topib butun diqqat-e’tiborini oilasi, farzandlari tarbiyasi, sevgan kasbi va ilmga baxshida etdi. Zero, ustozning hayot atalmish kurash maydonida toblangan irodasi juda mustahkam edi. Ilmda shuncha muvaffaqiyatlarga erishgan Shohida opa avvalo mehribon ona, sarishtali uy bekasi ekanligini aslo yodidan chiqarmas edi. Endigina ilmga kirib kelayotgan biz yoshlarga ham buni alohida uqtirardi.
Onadek mehribon ustozimiz hamisha xalqimiz “ilmni igna bilan quduq qazish”ga qiyoslaydi. Bu juda murakkab yo‘l, ammo biz ayollar uchun oila muhimroqdir. Ilmiy daraja va unvonlarga oilani saqlagan holda erishish eng katta baxtdir,– der edi. Nomzodlik ishimni muhokamasi davomida o‘z fanining fidoyisi bo‘lgan bu inson bilan uchrashganim hamon yodimda. Shohida opaning muomala madaniyati, yoshlarga bo‘lgan e’tiboridan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgan edi. Rasmiy hakam sifatida dissertatsiya ishim bilan tanishgach, menga ish yuzasidan bir necha savollari borligini aytdi. Ustozning salobati bosib hayajonlanib ketdim. Shoshib qolganimni ko‘rgan Shohida opa meni chalg‘itish uchun: “Qizim, turmushga chiqqanmisiz?”,– deb so‘rab qoldi. So‘ngra oilam, farzandlarim haqida so‘rab o‘rtadagi noqulay vaziyatni bartaraf etdi. O‘zimni erkin his qila boshlaganimdan so‘ng ilmiy ishimga oid savollarni berishni davom ettirdi. O‘sha kuni Shohida opaga bo‘lgan hurmatim ming chondon oshib xonasidan shodlanib chiqarkanman ustozning nafaqat kimyo ilmini bilimdoni, balki xalq tabobati sirlaridan ham xabardor ekanliklariga amin bo‘ldim.
Oradan yillar o‘tdi. Bizning samimiy, iliq munosabatimiz olima hayotining so‘nggigacha davom etdi. Ustoz bugun oramizda yo‘q, ammo uning boshlab bergan ilm yo‘lini safdoshlari, shogirdlari davom ettirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda o‘zbek olimasi Shohida Abdurahmonovaning qoldirgan ilmiy merosi ilm-fan rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.
Noira VOHIDOVA,
kimyo fanlari nomzodi