Testosteronning ko‘pligi erkak kishining xatti-harakatida qanday aks etadi?
Amerikalik olimlar testosteron gormoni ko‘p bo‘lgan erkaklar savqi tabiiy asosida o‘z-o‘zidan qaror qabul qilishga moyilligi va nohaqligini tan olishga tayyor bo‘lmasligini aniqladi.
Tadqiqot natijasi Kaliforniya texnologiya institutining saytida chop etildi. Tadqiqotning to‘liq versiyasi Psychological Science ilmiy jurnalining yangi sonida bosiladi.
Tajribada 243 nafar erkak ishtirok etdi. Ularga gormon dozasi yoki platsebo (dorilik xususiyati bo‘lmagan, biroq mijozning ishonchi asosida davolash maqsadida foydalaniladigan modda) qabul qilish taklif etildi. So‘ng ular sinchiklab tekshiruv va puxta tafakkurni talab qiladigan turli matematik topshiriqlarni bajarishdi.
Testosteron dozasi qabul qilganlar eng birinchi miyasiga kelgan fikrga asoslanib noto‘g‘ri javob berdi. Ular javobining to‘g‘ri-noto‘g‘riligi bilan qiziqmadi ham.
Olimlar bu qonuniyatni quyidagicha izohladi: erkakning organizmida testosteron oshishi bilan o‘ziga ishonch hissi ortib boradi. Agar erkakning o‘ziga ishonchi ziyoda bo‘lsa va haqligiga ishonsa, xatosini tuzatishga moyil bo‘lmaydi, deb yozadi tadqiqotchilar.
Manba: sof.uz