Hamshiralik ishi: yutuq va vazifalar

Inson salomatligini asrashda malakali shifokorlar bilan bir qatorda mahoratli hamshiralarning ham alohida o‘rni bor. Ularning sharafli va mas’uliyatli kasbini e’zozlash, hamshiralik ishi asoslarini takomillashtirish, tizimdagi ilg‘or tajribani ommalashtirish maqsadida har yili 12 may Xalqaro hamshiralar kuni sifatida keng nishonlanadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida hamshiralik ishini yanada takomillashtirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. Videoselektor formatida o‘tgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlar vakillari, Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, professor-o‘qituvchilar, poytaxtimiz va viloyatlardagi klinikalarning bosh shifokorlari, hamshiralar ishtirok etdi. Unda respublika sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda, videoselektor yig‘ilishlarida, hududlarga uyushtirgan safarlari mobaynida sog‘liqni saqlash tizimidagi masalalarga doimiy e’tibor qaratib, xalqimizni rozi qilish uchun avvalo tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish lozimligini ta’kidlamoqda. Shu yilning 6 may kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Yashnobod tumanida bo‘lganda ham oilaviy poliklinikalarning samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko‘rsatishni yanada kuchaytirish, aholi uchun qulayliklarni oshirish, tibbiy yordam qamrovini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, inson uchun o‘zining va yaqinlarining salomatligidan ortiq boylik yo‘q. Bugun mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlar ana shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Joriy yilning o‘tgan davrida bu yo‘nalishda qator Prezident farmonlari va qarorlari qabul qilindi. Shoshilinch yordamni takomillashtirish, aholiga birlamchi tibbiy-profilaktika va tibbiy-patronaj yordamini kengaytirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirishga oid hujjatlar bunga misoldir.

Sohada olib borilayotgan islohotlar jarayonida hamshiralik ishini rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalish etib belgilangan. Zero, bugun nafaqat mamlakatimiz, balki jahon tibbiyotida yetakchi kuchga aylanib borayotgan hamshiralarning inson salomatligini asrash, aholiga tibbiy-profilaktika, diagnostika, davolash yordami ko‘rsatishda alohida o‘rni bor.

Shu bois, mamlakatimizda o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlari bilan hamqadam ish yuritishlariga zarur sharoit yaratish davlatimizning doimiy e’tiborida. Bugungi kunda yurtimizda 78 ta tibbiyot kolleji faoliyat yuritayotir. Ushbu ta’lim maskanlarida o‘quvchilarning tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutaxassisliklari bo‘yicha amaliy bilimlarini mustahkamlash va o‘quvchilarda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish hamda bandliginini ta’minlash maqsadida “Ustoz-shogird”, “Kollej-korxona” an’analari joriy etilib, o‘quvchilar malakali hamshiralarga biriktirilmoqda.

Jahondagi ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, mamlakatimizda ham oliy ma’lumoti hamshiralar tayyorlash tizimi yaratilgan va bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda. Hozirgi kunda Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha uch yarim mingdan ortiq oliy ma’lumotli bakalavr xamshiralar tayyorlandi, 100 nafardan ortiq hamshiralar magistr darajasiga ega. Ular davolash-profilaktika muassasalarida bosh, katta va yetakchi xamshira hamda tibbiyot instituti va kollejlarida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Yana o‘qing:  Asriy an’analarning zamonaviy qiyofasi

Xabaringiz bor, joriy yilning 4 aprelida Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Hujjatda 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralari malakasini oshirish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ilgari oliy ma’lumotli hamshiralar ham Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirishdan o‘tkazish markazida malaka oshirar edi. Ammo ushbu mezon o‘zini oqlamadi. Bugun oliy ma’lumotli hamshiralar yuqori bilim-saviyaga ega bo‘lib, avvalgidek shifokor tavsiyasini bajaruvchi – ijrochi emas, malakali mutaxassis sifatida namoyon bo‘lmoqda. Demak, shunga muvofiq ular malakasini ham shifokorlar darajasida yuksaltirish zarur.

Yaqinda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlari ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuritiladigan tibbiy hujjatlarni muvofiqlashtirish to‘g‘risida”gi 60-sonli buyrug‘i e’lon qilindi. Avvallari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuritiladigan jurnallar ro‘yxati qariyb 100 ta edi. Endilikda bu hujjatlar 20 tagacha qisqartirildi.

Birlamchi tibbiy bo‘g‘inda ish samaradorligini oshirish — bugunning talabidir. Shu mezondan kelib chiqib, kuni kecha poytaxtimizdagi jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikalariga 60 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi. Endilikda bemorlarning uyiga borib, eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish kabi vazifalar o‘z vaqtida, kechiktirilmay amalga oshiriladi. E’tiborli jihati, ushbu amaliyot kelajakda boshqa hududlarda ham joriy qilinishi belgilangan. Xususan, yaqin kunlarda Samarqand shahar oilaviy poliklinikalarida ham xuddi shunday “DAMAS” rusumli avtomashinalar aholi xizmatiga topshiriladi.

Aholiga tibbiy patronaj yordami ko‘rsatishda sohada ish yuritayotgan mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy e’tibor markazidadir. Prezidentimizning 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, patronaj xizmati va profilaktik ko‘riklarning sifatini oshirish maqsadida maxsus shtab tashkil etildi va chora-tadbirlar kengaytirilmoqda.

Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon bo‘lib, tibbiyotning biror yo‘nalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya bloklarida malakali hamshiraning bilim, mahorati, tajribasi, o‘z kasbiga sadoqati bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda muhim omil bo‘ladi.

Yana o‘qing:  KEKSALIKNING QUTLUG‘ SAODATI

Ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasb sohibalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hamshiralik ishiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha doimiy seminar-treninglar, mahorat darslari tashkil etilayotir. Sohada orttirilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida maxsus ko‘rik-tanlovlar, davra suhbatlari, muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu tadbir ham sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning bugungi bosqichida o‘rta tibbiyot xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalarni tahlil etish, hamshiralik ishini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Anjuman doirasida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida hamshiralik ishida qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Sohaga oid ilmiy-amaliy yangiliklar yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: