Sog‘lom avlod tarbiyasi – kelajak sarmoyasi

Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, har jabhada ulkan islohotlarni amalga oshirish imkonini berdi. Bugun yurtimiz shaharu qishloqlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari O‘zbekistonning har bir fuqarosi qalbida faxr va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadi. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish hukumatimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biriga aylandi. Zotan, har qanday davlatchilikning gurkirab yashnashi va tadrijiy taraqqiyoti, avvalo, el salomatligi va yurt obodligining ta’minlanishiga bog‘liqdir.

Tinch va osuda yashayotgan elda barkamol avlod voyaga yetadi. Yosh avlodning salomatligini ta’minlash uchun avvalo, bo‘lajak ota-onalar salomatligi haqida qayg‘urmoq kerak. So‘ngra dunyoga kelgan bolalarning jismonan sog‘lom, aqlan va ma’nan yetuk bo‘lib kamol topishi uchun qolaversa, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy savodxonlikni oshirish, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga tegishlicha yordam berish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish taqozo etiladi.

1993 yil 23 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilingan edi. O‘tgan vaqt davomida jamg‘arma dastlab davlat siyosatini real hayotga tadbiq etish borasida respublikamizning ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan o‘rin tutadigan xayrli tashkilot sifatida el orasida tilga olinsa, keyinchalik jahonning ko‘pgina davlatlarida ham nufuzi baland tashkilotlardan biri sifatida tanildi. Jam­g‘armaning Nizomiga ko‘ra “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ijtimoiy ahamiyatga molik tibbiy, gumanitar, madaniy-ma’rifiy, o‘quv-sog‘lomlashtirish va sport sohalarida ko‘pgina turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Jamg‘arma tashkil etilganiga bu yil 20 yil to‘ldi, ana shu o‘tgan davrni sarhisob etadigan bo‘lsak, ijtimoiy-tibbiy sohada amalga oshirilgan “Tibbiy-ijtimoiy patronaj”, “Ona va bola skriningi” tizimlarini joriy etish, “SOS – Bolalar mahallalarini tashkil etish” kabi loyi­halarimizni alohida tilga olsak arziydi.

Jamg‘armaning ta’lim sohasida ishlab chiqilgan bir qator loyihalari esa jamiyatimiz asoslarini yanada mustahkamlash, ijtimoiy hayot darajasini oshirishda ustuvor ahamiyat kasb etishi e’tiborga olingani holda hukumatimiz tomonidan uzoq muddatli “rejali harakat dasturlari”ga kiritildi. Jumladan, o‘smir qizlar va ularning onalarini qamrab olgan “Sanitariya va gigiyenaga oid bilimlarimizni oshiramiz”, yosh onalar uchun maxsus ishlab chiqilgan “Yangi tug‘ilgan chaqaloqni qanday parvarish qilish kerak?”, fertil (tug‘ruq) yoshidagi ayollar va ijtimoiy jihatdan xavf (risk) guruhiga kiritilgan bolalar uchun “Salomatlik maktabi” kabi loyihalarimiz davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yana “Sog‘lom avlod uchun” xal­qaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ijtimoiy sohada “Tug‘ruqxonalar va boshqa xildagi bolalar tibbiy muassalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash”, ekologik jihatidan noqulay shart-sharoit­larda istiqomat qiluvchi respublikamiz aholisiga xayriya yordamini berish maqsadida an’anaviy tarzda har yili uyushtiriladigan “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish loyihasi ham hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Yana o‘qing:  Bir oyda 5 mingdan ziyod xorijlik o‘zbekistonga kirish uchun elektron vizasini so‘rab murojaat qilgan

Sport sohasini rivojlantirish borasidagi loyihalar haqida so‘z ketganida turli xil sport o‘yinlarini, ayniqsa, ayollar va bolalar, shuningdek, nogironlar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarning izchillik bilan uyushtirib borilishi natijasida mamlakatimiz aholisi o‘rtasida sportga qiziqishning ortishiga, bu sohaning rivojlanishiga jiddiy turtki bo‘lmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi madaniy-ma’rifiy sohada ham izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ushbu jamg‘armaning Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy bo‘limlari hamda tuman tayanch maskanlari tomonidan amalga oshirilayotgan beg‘araz insonparvarlik dasturlari haqida so‘z borar ekan, albatta ijtimoiy jihatdan ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, nogironlar yoki imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularga g‘amxo‘rlik qilishga yo‘naltirilgan loyi­halar keng ko‘lamda bajarilayotgani xususida to‘xtalib o‘tish zarur.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining tashkil etilganiga yigirma yil to‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl”, Janubiy Koreyaning “KOFIH” – Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi, Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Ameri Cers” kabi kompaniyalari (shuningdek, jam­g‘arma AQSHning “Proster & Gamble” kompaniyasi bilan ham bir necha yil hamkorlik qilgan edi. Jamg‘arma shu o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirliklari hamda “Proster & Gamble” kompaniyasi bilan hamkorlikda muntazam ravishda “Balog‘at davri”, “Sog‘ tan – sog‘lom bola”, “Jozibador tabassum” deb nomlangan o‘quv-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarini o‘tkazgan edi). Rossiya Federatsiyasi, Malayziya, Finlyandiya Respublikasi, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi kabi xorijiy davlatlarning insonparvarlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.


Biz naslimizning kelajagi – sog‘lom avlod uchun kurash boshladik. Shu nom bilan orden ta’sis etdik va maxsus xalqaro jamg‘arma tuzdik. Bu bejiz emas. Sog‘lom deganda biz faqatgina jisman baquvvat far­zandlarimizni emas, balki ma’naviy boy avlodni ham ko‘zda tutganmiz. Chunki, har taraflama sog‘lom avlodga ega bo‘lgan xalqni hech qachon yengib bo‘lmaydi. Buni hammamiz yaxshi anglab olmog‘imiz shart.

Islom KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (“Buyuk maqsad yo‘lidan og‘ishmaylik”, 1993 yil).


“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir Davlat dasturlarini amalga oshirish, muruvvat, ta’lim, sport, tibbiyot, xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi keng ko‘lamli dasturlarni ham bajarishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida jamg‘arma va uning viloyatlardagi filiallari hamda shahar, tuman tayanch maskanlari, poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy Markazi, hududlardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari jamoalarining xalq salomatligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarini alohida e’tirof etishimiz zarur. Quvonarlisi, el salomatligi yo‘lidagi savobli ishga bir necha yildan beri hududlararo tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Koreya Respublikasining “KOFIH” jamg‘armasi tomonidan “Sog‘­lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasiga taqdim etilgan mobil klinikasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 martdagi 69-sonli qaroriga asosan faoliyat yuritmoqda. 2003-2013 yillar davomida yuz-jag‘ sohasi va ortopedik nuqsoni bor hamda yurak tug‘ma nuqsoni bilan tug‘ilgan jami 3381 nafar bemor bolalar jam­g‘armaning xalqaro hamkorlari homiyligida operatsiya qilindi.

Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish maqsadida tug‘ma va irsiy xastaliklarni barvaqt aniqlash uchun “Sog‘­lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida” gi 2008 yil 18 iyun PQ-892-sonli Qaror loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi.

Shuningdek, “Mehribonlik uylari” va “Muruvvat uylari”ning tarbiyalanuvichlari o‘rtasida “Kamalak jilosi” va imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida “Maftunkor ranglar dunyosi” rasmlar ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazishda ham jam­g‘arma faol ishtirok etmoqda. Yana 2007-2011 yillarda “Sog‘­lom avlod uchun” jam­g‘armasi Janubiy koreyalik hamkorlari bilan birgalikda “Teng imkoniyatlar” deb nomlangan maxsus loyihani ham amalga oshirdi. Bu loyiha shartlariga ko‘ra respublikada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan, ammo o‘qish uchun zarur mablag‘ga ega bo‘lmagan farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatilgan edi.

Yana jamg‘arma nogironlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarini uyushtirishda ham katta hissa qo‘shmoqda. Bu yo‘lda «Speshl Olimpiks» xalqaro tashkiloti bilan uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda va Parolimpiya o‘yinlarining mamlakatimizda yuqori saviyada o‘tkazilishida yordam bermoqda.

Respublika Skrining markazi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi filiallari tomonidan o‘tgan yilda mamlakatimizda yangi tug‘ilgan jami go‘daklar tug‘ma gipoterioz va fenilketonuriya kasalliklari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Tug‘ma gipoterioz va fenilketonuriya irsiy xastaliklari aniqlangan bemor bolalar Respublika Skrining markazi va uning filiallari tomonidan maxsus bolalar ozuqasi hamda dori-darmonlar bilan bepul ta’minlanmoqda. 2011 yilda jamg‘arma tomonidan Respublika Skrining markaziga tandem mass-spektrometr uskunasi muruvvat yordami sifatida topshirilgan edi. Ushbu uskuna moddalar almashinuvining irsiy buzilishlarini aniqlashda soha xodimlariga katta yordam bermoqda.

Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi 2012 yilda neonatal (go‘daklarda) va prenatal (homilador ayollarda) skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Respublika Skrining markaziga 2407,2 AQSH dollari miqdoridagi reagentlarni insonparvarlik yordami sifatida taqdim etdi. “Ona va bola skriningi” Davlat dasturining 3-bandini bajarish maqsadida aholining tibbiy savodxonligini oshirish uchun o‘tgan yili 32 ming nusxa “Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning zarari”, “Shaxsiy gigiyena”, “Skrining nima?” kabi mavzularda buklet va tarqatma materiallar jamg‘arma tomonidan chop etildi va tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan fuqarolarga bepul tarqatildi.

Jamg‘arma va uning Toshkent shahri, viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar hamda tuman tayanch maskanlarining mutaxassis-shifokorlari tomonidan aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida oliy o‘quv yurtlari, kollej, akademik litsey, umumta’lim maktablarda kashandalik va giyohvandlik hamda spirtli ichimliklarning zarari, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning xavfi, OIV va OITS, jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi kasalliklar xususida, sog‘lom oilani shakllantirish, kamqonlik, yod tanqisligi, bolalar hamda fertil yoshidagi ayollar kasalliklari kabi turli mavzularda talaba va o‘quvchilarga ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, poytaxtimizdagi Tibbiy-ijtimoiy Markazda ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Yosh onalar maktabi” ham bo‘lajak onalarning tibbiy savodxonligini oshirishda ko‘maklashmoqda.

Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sinxron suzish federatsiyasi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi va boshqa vazirliklar hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda xalqaro va nufuzli tibbiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini o‘tkazib kelmoqdamiz.

Shuningdek, nafaqat “Mehribonlik uylari” va “Muruvvat uylari”, balki “Go‘daklar uylari” tarbiyalanuvchilari hamda “Saxovat uylari”da yashovchi yolg‘iz keksalar, “SOS – bolalar mahallalari” tarbiyalanuvchilariga ham hamisha “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi ko‘makka shay.

Bu barcha ezgu sa’y-harakatlarimiz zamirida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, intellektual salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mujassamdir. Zero, yoshlar kelajak vorislari, mustaqil O‘zbekistonning bunyodkorlaridir.

Svetlana INAMOVA,

Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Boshqaruvi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: