Mehrning millati bo‘lmaydi

Bolalagimda qishloqqa borganimizda qarindosh urug‘lar gap orasida Sobira momo, Nikolay buva, Tatar momo deb so‘z ochganda ularning noodatiy ismlaridan ajablanardim.

Onam bunga shunday izoh bergandi: “Sobira momo, Nikolay buva kabi yana ko‘plab boshqa millat vakillari urush vaqtida qishlog‘imizga kelib qolishgan. Ular shu yerda unib-o‘sib, bola-chaqa orttirishdi.

Chindan ham Ko‘kdala qishlog‘ida turli millat vakillari istiqomat qilishadi. Rahmatli momomning qozoq millatiga mansub dugonalari ko‘p edi. Momomning aytishicha, ular birgalikda dalada mehnat qilib, bir dasturxondan non yeb, ahil-inoq bo‘lib ketishgan ekan. Hatto, momom yaqin-yaqingacha dugonalarini eslab, ulardan o‘rgangan qozoqcha qo‘shiqlarni xirgoyi qilib turardi. Eng qizig‘i, o‘sha qardosh millat vakillarining qishlog‘imizga kelib, o‘rnashishiga mening katta bobom Hasan buvaning xizmati katta bo‘lgan ekan. Dadamning aytishicha, Hasan buvaning otasi Tojinor buvamiz O‘tamali qishlog‘ida dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan savdo-sotiqqa anchayin puxta bo‘lgan Hasan buva har safar savdo bilan Samarqandning Kattaqo‘rg‘on shahriga borgan kezlarida boshpanasiz, och-nahor yurgan 20-30 nafar atrofidagi qozoq millatiga mansub insonlarga rahmi kelib, ularni mehnatga undaydi. Shu-shu bo‘lgan-u ular Tojinor buvaning qo‘llarida dehqonchilikni o‘rganib, boshpanaga ega bo‘lishgan ekan. Keyinchalik Ko‘kdala va boshqa qo‘shni qishloqlarda muqim o‘rnashib, uyli-joyli bo‘lib ketishgan ekan.

1944 fevralda janglardan birida yaralanib, nogiron bo‘lib uyga qaytgan samarqandlik Hamid Samadov ham urush tufayli boshpanasiz qolgan yetim bolalarga homiylik qilgan. Hali uylanmagan bo‘lishiga qaramay, u 13 nafar turli millat bolalarini farzandlikka olgan. Samadovlar oilasi toshkentlik Shomahmudovlar oilasi kabi insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan baynalmilal oila sifatida qadrlanadi.

– O‘zbek xalqida haqiqiy insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rish mumkin, – deydi Qrim-tatar markazi xodimi Limira Bekirova. – Bejizga O‘zbekistonni ko‘p millatli xalq deb atashmaydi. Zero, Ikkinchi jahon urushi vaqtida hech bir millat qilolmagan olijanoblikni o‘zbeklar ko‘rsata oldi. Bag‘riga minglab insonlarni olib, ularga mehr ko‘rsatdi. Og‘ir kunlarda dalda bo‘ldi. Rahmatli onam Zera Suleymanova ham 1944 yilda Qrimdan Samarqandga evakuatsiya qilingan edi. Onamni vokzalning o‘zidayoq bir o‘zbek oilasi o‘z bag‘riga olgan. Urushdan so‘ng otam Yusuf Suleymanov ham Samarqandga kelgan. Keyinchalik ular shu yerda tanishib, turmush qurishgan. Men ularning to‘ng‘ich farzandiman. Men bir umr o‘zbek xalqidan minnatdorman.

Yana o‘qing:  Ro‘zaning salomatlikka foydalari

Darhaqiqat, o‘sha yillari O‘zbekiston nafaqat matonat, balki oqibat o‘lkasi ham bo‘lgan. Urush olovi yonayotgan shaharlardan jo‘natilgan qanchalab beva-bechoralar, yetimlarga yurtdoshlarimiz o‘z uyidan, ko‘nglidan joy bergan. O‘z bolasi och-nahor, lekin o‘zganing bolasini o‘zga demay, o‘z bag‘riga olishi, o‘z bolasi og‘zidagi kemtikkina rizqni o‘zganing farzandiga ilinishi, haqiqiy jasoratning belgisidir.

Arxiv ma’lumotlarida keltirilishicha, 1941 yilning noyabr oyigacha birgina Ukrainadan O‘zbekistonga 54 ming nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirilgan. O‘zbekistonga eng ko‘p Rossiya, Belarus, Moldova va Boltiqbo‘yi respublikalari aholisi ko‘chib kelgan. Ular mamlakatimizning deyarli barcha hududlariga joylashtirilgan. 1942 yil bahoriga kelib O‘zbekistonga kelganlar soni 716 ming nafarni tashkil etgan ekan. Jami evakuatsiya qilingan odamlar soni 1 yarim millionga yetgan. Shundan 400 ming nafari bolalar bo‘lib, 200 ming nafari yetim bolalar hisoblangan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikda xalqimizning ana shunday mard, olijanob farzandlarining xizmati beqiyosdir.

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: