Urushdan omon qaytgan bobom
Qishloqning tafti o‘zgacha-da. Shahar quvvatingni shimib olgan kezlarda bu yerda qaytadan yasharasan. Ajib kengliklar kishi ruhiga tetiklik bag‘ishlaydi.
Shuning uchun dadam bilan bobom uyi qo‘nim topgan Sarmarqand viloyati, Urgut tumani, Tegirmonboshi qishlog‘iga tez-tez qadam ranjida qilib turamiz. Amaki-yu, ammalar, uzoq yaqin qarindosh-urug‘lar tashrifimizdan xabar topgan chog‘i ota uyiga yig‘ilishadi. Qutlug‘ xonadon mehmonlar bilan gavjum bo‘lib ketar, qizg‘in suhbatlar-u, shirin diydor zavqi tonggacha davom etadi. Shu tobda beixtiyor oiladagi ahillikka tamal toshini qo‘yib, mehr-muhabbat rishtalarini mustahkam bo‘lishiga xizmat qilgan bobom bilan momom yodimga tushadi-yu, bolaligim o‘tgan o‘sha kezlar ko‘z o‘ngimda birma-bir gavdalanadi. Ota-onam kasb taqozosi bilan poytaxtda yashagan bo‘lsa-da, men Haqnazar bobom, Ruxsatoy momoning qo‘lida tarbiya topganman. Shuning uchun ular bilan bog‘liq xotiralar bir olam…
Bobom qishloqning kayvonilaridan edi. El orasida u kishini tanimagan bilmagan inson yo‘q. 7 yoshdan 70 yoshgacha bobomni hurmat qilib, e’zozlashardi. Kimningdir boshiga ish tushsa, maslahat olgani darhol bobomning huzuriga oshiqar, ular hech kimdan yordamini sira ayamasdi. Bunday kezlarda ana shunday insonlarning nabirasi bo‘lganimdan o‘zimda yo‘q quvonib ketardim.
Haqnazar bobomning kichik jussali gavdasi o‘ziga yarashar edi. U kishi suronli urushning vahimali girdobiga tushib, omon qaytganlardan. Ehtimol shuning uchundir yoki tabiatan shundaymi, kamgap va xokisor edi. “Gavdaga qarab to‘n bichmaydi”, deganlaridek, mehnatning bilagidan mahkam tutganlardan. Esimni tanibmanki, tonggi quyosh hali zamon nurlarini kenglik sari yoymasidanoq, bobom hovli etagida yumushlarini tugatib bo‘lardi. G‘ayratli, shashti baland inson edi. Kunning qizig‘idayam tin olmay, manglayidan oqqan terni ohista artib, “Yaratganga shukr”, derdi-da yana mehnatga unab ketaverardi. Momom “Taqsir, kun tig‘ida qoldingiz-ku” deya beozor koyisa, “Indama, tugatib olay. Xotirjamlikda mehnat qilganga ne yetsin” deb ishida davom etardi. Nonushtaga jam bo‘lganimizda ham bobom vazminlikni sira tark etmasdi. To‘kin-sochin dasturxon qarshisida jimgina tanovul qilar, har safar bizga mamnuniyat ila tikilib qolardi. Ba’zan dasturxon ustida bolalarcha qilingan behuda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ysak, bizni koyigandek bo‘lib atrofga to‘kilgan nonning uvog‘ini ham ohista terib, yeb olardi.
– Sendek paytlarimda bunday noz-ne’matlar qayoqda deysan, – derdi. – Bir burda non topish uchun tong sahardan kun botguncha mehnat qilardik. Dasturxonimizga bir luqma yemish topgan kun biz uchun bayram. U paytlar bir tishlam non oltindan ham aziz edi. Ochlik balosi qanchadan-qancha oilalarning, hali “o‘n gulidan bir guli ochilmagan” bolalarning boshiga yetmadi deysan, bolam.
Bobom o‘tmishi haqida so‘zlab berarkan uning nafasidan titroq ohangi sezilardi. O‘sha mash’um kun ko‘z oldidan bir-bir o‘tdi chog‘i ko‘zlarida yosh qalqidi…
Dadamning aytishiga qaraganda bobomning bolalik kezlardagi notinch davr uni aka-yu opasidan, ota-yu onasidan ayirib, boshiga yetimlikni soldi. Bolakay bir tishlam non topish ilinjida o‘zgalar xonadonida mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. Sodda va mehnatkash bolani ko‘rgan qishloqdagi Momojon ismli kampir uni o‘z bag‘riga olib, voyaga yetkazdi. Haqnazar bobom momosini “ziyoli, bilimli zukko ayol edi”, deya ko‘p bora xotirlardi. Xat-savodining mukammal bo‘lishida u kishining xizmati katta bo‘lganini so‘zlab bergan.
1929 yilga kelib qishloqdagi qurilish va islohotlarda bobom qizg‘in jarayonlarda faol bo‘lgan.
Qishloqda bilimli, xatsavodi chiqqan kadrlar barmoq bilan sanoqli bo‘lgani bois aholining savodini oshirish dolzarb masala bo‘lgan. Shunda bobom bir guruh do‘stlari bilan mo‘jaz maktab barpo etishdi. Paxsadevor bilan qad rostlagan kichik binoda boshlang‘ich sinf ochildi. Bolalar ta’lim ola boshlashdi. Bir paytlar tamal toshini qo‘ygan bilim dargohida amakim Pirnazar Xudoynazarov mehnat, jismoniy tarbiya, rus tili va adabiyoti fanlaridan dars berish bilan birga direktor o‘rinbosari, direktor vazifalarida uzoq yil ishlab, nafaqaga chiqqan.
Bobom urush yillarini xotirlarkan u bilan hamqishloqlaridan 14 nafar yigitlar frontga jo‘naganini, ulardan bor-yo‘g‘i 3 nafariga og‘ir ahvolda yurtga qaytish nasib etganini kuyunib eslaydi.
– Urush qanchadan qancha odamlarning yostig‘ini quritmadi!? Mash’um yillardan halovat qochgandi. To‘yib non yemadik, issiq joy-u sokin uyqu nimaligini bilmay o‘tdik. Tonglarni jangohlarda, pastqam sovuq zax yerlarda ottirardik. Urushning so‘nggi yillarida Haqnazar bobom Leningrad ostonasida kechgan qonli to‘qnashuvda 23 yeridan o‘q yeb, og‘ir yarador bo‘ldi. Jang maydonidan hushsiz holda topilgan bobom gospitalda uzoq davolanib, bir necha bor jarrohlik operatsiyasidan so‘ng oyoqqa turdi. Kuchdan qolgan, karaxt holda shifoxonadan chiqar ekanman, shu yerda yashab qol degan so‘zlarga ham quloq osmay qishlog‘imga oshiqdim, – deya o‘sha damlarni xotirlardi u. – Zero, sog‘ayishimga turtki bo‘lgan Vatan sog‘inchi, ona qishlog‘imning nafasi meni o‘ziga ohanrabodek chorlardi. Temir yo‘llar meni kindik qonim tomgan zaminga elitmagunga qadar yuragim orom topmadi. Shukrki, bu yerlardan hali rizqim uzilmagan ekan…
Mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilganida bobomning quvonchi ichiga sig‘may ketgandi. Xushxabarni qishloqdoshlariga sevinib yetkazgani hamon yodimda. Ehtimol uning jon olib jon berishlari, ona yurtiga qaytib kelmagan safdoshlarining hayoti beizn ketmaganidan ko‘ngli taskin topgandi o‘sha kun.
Bobom umrining so‘nggi yillariga qadar halollikni, Vatanga sadoqatni, insoniylikni hayotiy shioriga aylatira oldi. Sakkiz nafar farzandlariga hech zamon unday bo‘l, bunday qil demadi. Chunki, bu insonning umr yo‘li, qilgan amallarining o‘zi bir hayotiy saboq bo‘lib ortida qolganlarga tom ma’noda dasturilamal bo‘la oldi. Demakki, bu kishining siymosi avlodlar xotirasida porloq xotira bo‘lib abadiy qalbimizga muhrlanajak.
Bobomurod HAQNAZAROV