“Barkamol avlod”ning ijodkor bolalari
Chilonzor tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi bolajonlarning sevimli maskani. Farzandlari iqboli va kelajagini o‘ylagan ota-onalar uchun bu dargoh juda qadrli. Undagi suratlar, turli munchoqli bezaklar, to‘qilgan buyumlar, milliy o‘yinchoqlar, liboslar dizayni, zargarlik, duradgorlik namunalari beixtiyor e’tiboringizni tortadi.
Markazda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ttiz olti yo‘nalishdagi to‘garaklarning a’zolari olti yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Olti yoshli Shukrona “Mohir qo‘llar” to‘garagining eng kichik qatnashchisi. “Rasm chizishga qiziqishimni sezib, ota-onam shu to‘garakka berdi”, deydi qizaloq quvonganidan suratlarini ko‘rsatib. O‘n yoshli Sunnatillaning ham to‘garakka kelib qolishi o‘zi uchun tasodif. Ammo ota-onasining istagi shu edi. Aqlli, yaxshi xulqli bola tarbiyalashni qaysi ota-ona istamaydi, deysiz?! Ular adashmagan ekan. Sunnatillaning rasm solishga qo‘li kelib, tanlovlarda sovrindor ham bo‘ldi.
– Shukrona chizayotgan suratlar, qog‘ozdan, plastilindan yasayotgan turli shakllar, daraxtlar va o‘yinchoqlar uning iqtidoridan darak beradi, – deydi tasviriy san’at to‘garagi o‘qituvchisi Yelena Erlix. – U juda harakatchan. Boshlagan ishi maromiga yetmasa, yana qayta chizishga, asliga o‘xshatishga harakat qilaveradi. Sunnatilladagi bosiqlik va tirishqoqlik chizmalarida, u yaratayotgan turli namunalarda namoyon bo‘lmoqda. Olti guruhdagi 60 nafar to‘garak a’zosining har biri o‘z imkoniyati va iqtidorini sinab ko‘rayotgani, eng muhimi, ulardagi intiluvchanlik ustozlarga kuch-g‘ayrat beradi.
Chilonzor tumani “Barkamol avlod” bolalar markazida har bir kun shunday boshlanadi. Bu yerda o‘qituvchilar va ona-onalarni yagona maqsad birlashtiradi: bu o‘sib kelayotgan yosh avlodning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va dam olishini tashkil etishdir. Zero, Birinchi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida ta’kidlaganidek, “Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor, buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak”. Bunday ulug‘ maqsad va ishonch mamlakatimizdagi ta’lim muassasalari qatorida “Barkamol avlod” bolalar markazlariga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur markazlar faoliyatini takomillashtirish, o‘quvchilarni qiziqishi bo‘yicha ilmga, hunarga yo‘naltirish va ularning bilimini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi markaz direktori Umida Turg‘unova. – Markazimizda mazkur hujjat ijrosini ta’minlash hamda bu borada ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu yerdagi 63 guruhga olti yuzdan ortiq o‘quvchi qabul qilingan bo‘lib, ulardan 20 nafari 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi va 10 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandidir. Ushbu markaz tayanch muassasa sifatida tumandagi umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan to‘garaklarga amaliy yordam ko‘rsatib keladi. Mashg‘ulotlar haftasiga ikki marotaba darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarda tashkil etiladi. Markazni tamomlagan o‘quvchilar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha guvohnomalarga ega bo‘ladi.
Markazdagi raqs ansambllari, turli to‘garaklar doim bolalar bilan gavjum. Biz ulardagi mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishishga qiziqdik. “Yog‘och o‘ymakorligi” to‘garagi mashg‘ulotlarini o‘qituvchi Sardor Shermuhamedov o‘tkazar ekan. Uning aytishicha, to‘garak a’zolarining hunar o‘rganishga chanqoqligi yaxshi natija berayotir. Ular orasida 270-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Afzalxo‘ja Abdusattorov ham bor. U o‘tgan yili “Yosh hunarmand” ko‘rik tanlovining shahar bosqichida 2-o‘rinni egallagan.
– Uch yildan buyon shu dargohga qatnayman va birorta mashg‘ulotni qoldirgim kelmaydi, – deydi u. – Chunki har bir darsda ustozimdan yog‘och o‘ymakorligining yangi-yangi jihatlarini o‘rganaman. Hozir yog‘ochga ishlov berish, shakllar solish, naqshli gullar yasab, sovg‘a qutichalari va boshqa shaklli ishlarni qila olaman.
To‘garaklarning yana biri – “Karving san’ati”. Bunda bolajonlar meva va sabzavotlardan turli shakllar yaratishni o‘rganadi. To‘garak a’zosi Jasmina Xalilova turpdan atirgul yasadi. Farhod Miniyozov mashg‘ulot o‘tayotgan gimnastika to‘garagi bolalarning sog‘lom o‘sishi va to‘g‘ri rivojlanishiga ko‘maklashayotgan bo‘lsa, Zuhra Ro‘ziyeva rahbarligidagi “Tumor” raqs to‘garagida qizlar milliy raqslarimizdan birini o‘rganayotgan ekan.
“Oloviddin” vokal guruhi, “Milliy raqs”, “Eleks” sport bal raqslari, “Zamonaviy raqs”, “Shodiyona” va “Namunaviy raqs” to‘garaklari a’zolari erishgan yutuqlar yanada salmoqli. Ular tuman va shaharda an’anaviy o‘tkaziladigan barcha ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotir. Ko‘plab ko‘rik-tanlovlarning ishtirokchisi. Ayniqsa, “Oloviddin” vokal guruhi va “Eleks” sport bal raqslari to‘garagi a’zolarining poytaxtimiz va xorijda o‘tkazilgan xalqaro turnirlardagi ishtiroki va ular qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar mamlakatimizda navqiron avlod kelajagiga qaratilayotgan alohida e’tiborning samaralaridir.
Nasiba ZIYODULLAYEVA,
O‘zA muxbiri