Bokschilarimiz osiyo chempionatida muvaffaqiyatli odimlamoqda

Bokschilarimiz osiyo chempionatida muvaffaqiyatli odimlamoqda

O‘zbekiston sport sohasida salohiyati yuqori mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Boks bo‘yicha Osiyo chempionatiga qit’amizning qator davlatlari da’vogarlik qildi. Lekin Osiyo boks konfederatsiyasi mamlakatimizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur chempionatga mezbonlikni O‘zbekistonga topshirdi.

30 aprel kuni poytaxtimizdagi muhtasham “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Boks federatsiyasi, Osiyo boks konfederatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning 30 ga yaqin davlatidan 200 dan ziyod charm qo‘lqop ustasi o‘nta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Chempionat bokschilarga shu yilning 23 avgust – 4 sentyabr kunlari Germaniyada bo‘ladigan jahon chempionatiga yo‘llanma berishi bilan ahamiyatlidir. Qoidaga ko‘ra har bir vazn toifasida kuchli oltilikka kirgan bokschilar yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Ushbu tantanali tadbirda mamlakatimizda sportning Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan turlari, jumladan, boksni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi. Bu sport turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun yurtimizda mustahkam moddiy-texnik baza yaratilgan. Sportchilarimizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida, turli nufuzli musobaqalarda munosib qatnashishini ta’minlash, ularga zarur sharoitlarni yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Osiyo chempionatida ona Vatanimiz sharafini Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari – Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, tajribali bokschilarimizdan Jasurbek Latipov, Elnur Abduraimov, Iqboljon Xoldorov, Isroil Madrimov, Sanjar Tursunov, Bahodir Jalolov himoya qilmoqda.

Chempionatda 52 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Jasurbek Latipov pokistonlik Said Asifni, vazni 64 kilogramm bo‘lgan Iqboljon Xoldorov esa hindistonlik Ashishni mag‘lubiyatga uchratib navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.

56 kilogramm vazn toifasida qatnashayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Murodjon Ahmadaliyev turkmanistonlik Shodlikmurod Murodovni dastlabki raundda texnik nokautga uchratdi.

60 kilogramm vazn toifasida bellashgan terma jamoamiz a’zosi Elnur Abduraimov filippinlik Jeyms Palistni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Mazkur jangdan so‘ng ringga 69 kilogramm vazn toifasida tajribali bokschimiz Shahram G‘iyosov ko‘tarildi. U iordaniyalik raqibi Ziyad Eashashga hech qanday imkoniyat qoldirmay, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yana o‘qing:  Mahsulotingiz kaloriyalimi?

Musobaqada 81 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi Bektemir Meliqo‘ziyev eronlik Amin Zyadi bilan kuch sinashdi va bahsning birinchi raundidayoq g‘alaba qozondi.

 

T. ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: