Quvvati go‘shtday kuchli
Oqsilga boy yasmiqning “ajoyibotlari”
Yasmiq(chechevitsa) – dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik o‘simlik bo‘lib, Markaziy Osiyo va ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida qadimdan ma’lumu mashhur. Arablar yasmiqqa “faqirlar uchun go‘sht” deb nom berishgan.
Yasmiq tarkibida ko‘p miqdorda organizmga tez singadigan o‘simlik oqsili mavjud. Boshqa dukkaklilarga qaraganda yasmiq tarkibida oltingugurt aminokislotalari nisbatan kamroq uchraydi. Unda moy miqdori no‘xatga qaraganda oz, ammo temir va foliy kislotasi mo‘l. Yasmiq tarkibidagi eruvchan kletchatka ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Bu mahsulotdan tayyorlangan bo‘tqani muntazam iste’mol qilish organizmda modda almashinuvini yaxshilaydi, immunitetni ko‘taradi.
Yasmiq doni foydali mikroelementlar – kalsiy, kaliy, fosfor, temirning koni. Shuningdek, don tarkibida marganets, mis, molibden, bor, yod, kobalt, rux, “omega-3”, “omega-6” singari moy kislotalari mavjud.
Qolaversa, bu dukkakli mahsulot V guruhidagi darmondorilar, RR, A, S vitaminiga boy. O‘z ozuqaviy qiymati bilan yasmiq non, yorma va hatto, ma’lum ma’noda go‘sht o‘rnini ham bosa oladi. Boshqa dukkaklilar kabi yasmiqda ham magniy talaygina. Bu modda esa yurak va asab tizimining me’yorda faoliyat yuritishi uchun zarur hisoblanadi. Shuningdek, unda triptofan moddasi ham mavjud bo‘lib, mazkur aminokislota odam organizmiga tushgach “baxt gormoni” deb ataluvchi serotonin moddasiga aylanadi.
Mutaxassislar diabetga chalinganlar uchun qondagi qand miqdorini kamaytirish uchun yasmiq iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Shuningdek, undan tayyorlangan bo‘tqa me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, kolit(qabziyat)ni davolashda ham tavsiya etiladi. Xitoylik tabiblar yasmiq qizdiruvchi mijozli mahsulotlar sirasiga kiradi, deyishadi. Shuning uchun undan tayyorlangan taomlar sovuq kunlarda shifobaxsh hisoblanadi.
Ushbu mahsulotning foydali jihatlari bilan birga zararli tomonlari ham borligini unutmaslik lozim. Masalan, podagra, gemorroy(bavosil), diatez(chilla yara), tanosil a’zolari xastaliklariga chalinganlar, buyrak xastaligi bilan og‘riganlar uchun yasmiq tavsiya etilmaydi.
Vasila PO‘LATOVA
Tayyorladi