Qushlarga mehri o‘zgacha bolalar ular ehtiyot bo‘lmasalar ornitoz bilan og‘rishlari mumkin
Ba’zi bolakaylar kichik yoshdan qushlarga juda qiziqishadi. Bu “xobbi”ni inobatga olgan ota-ona farzandiga uyda boqishi uchun birorta qush sovg‘a qilishi mumkin. Mazkur zavqli mashg‘ulotning salomatlik va ruhiyatga foydasi bisyor, ammo… “tanganing ikkinchi tomoni” ham borligini unutmaslik kerak.
Ornitoz (psittakoz deb ham yuritiladi) o‘tkir infeksion kasallik bo‘lib, uni asosan xlamidiya Chlamydophila psittaci qo‘zg‘aydi va odamga qushlardan yuqadi. Bemor odam atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydi, ya’ni odamdan odamga ushbu kasallik yuqmaydi.
Kasallik manbai
Infeksiya umumiy 170 turdagi yovvoyi va xonaki qushlarda uchraydi hamda ko‘payadi. Ushbu infeksiya ko‘pincha kurka, chayka, kaptar, o‘rdak, to‘tiqush, kanareyka, chumchuq, kam hollarda tovuq va xo‘rozda uchraydi. Kasallik qushlarda alomatsiz kechadi, ya’ni kasallangan qushni aniqlash qiyin.
Infeksiyaning yuqish yo‘llari
Xastalik asosan parrandachilik fabrikasida ishlovchi xodimlar, uy sharoitida yuqorida qayd etilgan qushlarni parvarish etishda ishtirok etgan shaxslar o‘rtasida kuzatiladi. Ulardan bir-biriga va odamlarga havo-tomchi yo‘li bilan chang, qush xo‘ragi, suvi, go‘ngi va tuxumi orqali yuqadi. Ayniqsa, shahar sharoitida qushlar xonadonda boqilganida tokcha, karniz, balkon kushlarning najasi va ularning tumshug‘idan ajralgan mayda zarrachalar bilan ifloslanishi sababli infeksiya tez va oson tarqaladi. Kasallik asosan yilning sovuq faslida qayd etiladi. Ushbu xastalik kuz boshlarida avj oladi. Yana bir jihati bolalarda bu dard bilan kasallanishga moyillik yuqori. Uni o‘rta yoshlilar va qariyalar darrov yuqtirib olavermaydilar.
Xastalik belgilari
Odam nafas olganda havodagi changda mavjud bo‘lgan xlamidiyalar mayda bronx, bronxiola va alveolalargacha yetib boradi. Bu parazitlar shilliq pardalar orqali hujayraga kirib boradi va ko‘payadi. Kasallikning yashirin davri 6 kundan 17 kungacha (ko‘pincha 8-12 kun) cho‘ziladi.
Tezda xlamidiyalar qonga kirib organizmda intoksikatsiya (zaharlanish) boshlanadi. Shu sababli bemorlarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) alomatlari paydo bo‘ladi. Intoksikatsiya natijasida turli tana a’zolari – jigar, taloq, asab tizimi zararlanadi. Bemorda tana harorati ko‘tariladi, bosh va bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘ladi va uning eti uvushib qaltiraydi. Shuningdek, xasta bolada tomoq og‘rig‘i, quruq yo‘tal, ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, uyqusizlik, ishtahasizlik, umumiy holsizlik kuzatiladi. Terida allergiyani eslatuvchi toshmalar paydo bo‘ladi.
Keyin esa pnevmoniya(o‘pka pardalarining yallig‘lanishi – zotiljam) vujudga keladi. Bemorning o‘pkasi og‘rib bezovta qila boshlaydi. Bola hansiraydi, uning nafas olishi qiyinlashadi, yiringli qon aralash balg‘am paydo bo‘ladi. Xasta bolaning yuragi sust uradi, tana harorati tez-tez ko‘tariladi.
Undan qanday asorat qoladi?
Ornitozni o‘tkir shakli bir oydan uch oygacha davom etishi mumkin. O‘z vaqtida davolanmasa kasallikni surunkali shakli vujudga keladi va bu jarayon uch-besh yil va undan ham ko‘p vaqt mobaynida davom etadi. Agar vaqtida chora ko‘rilmasa, dardninng asorati sifatida meningoensefalit(bosh miya pardalarining yallig‘lanishi), pnevmoskleroz(o‘pka xastaligi), gepatit(jigar kasalligi), artrit(bo‘g‘im yallig‘lanishi), miokardit(yurak pardasining yallig‘lanishi) rivojlanishi mumkin.
Dardga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davo choralari
Kasallikka laboratoriya tahlillari orqali, qonda xlamidiyalarga qarshi spetsifik antitelalar mavjudligini aniqlash orqali tashxis qo‘yiladi. Xastalikka aniq tashxis qon tahlili va o‘pkaning rentgenologik tekshiruvidan so‘ng qo‘yiladi. Qonda xlamidiya miqdori oshgani, eritrotsitlar cho‘kishi tezlashgani, limfotsitlar me’yori buzilgani kuzatiladi. Rentgen orqali o‘pkaning qaysi qismi va tarafi zarar ko‘rgani aniqlanadi. Bola boqayotgan qush ham tekshiriladi.
Bemor statsionar sharoitida davolaniladi. Ornitoz kasalligi qo‘zg‘atuvchisi antibiotiklarga sezuvchan. Shu sababli bemorlar antibiotiklar yordamida davolanadi. Qo‘shimcha tarzda vitaminlar kompleksi beriladi. Xasta bola uchun tez hazm bo‘luvchi yengil taomlar iste’mol qilish va ko‘p suv ichish foydali. To‘liq tuzalgunicha bemor boshqalardan izolyasiya qilinadi. O‘z vaqtida tashxis qo‘yilib, to‘g‘ri davolansa, bola tez tuzaladi.
Ehtiyotkorlikni talab etuvchi mashg‘ulot
Kasallikning oldini olish uchun, avvalo, qush boqishda ehtiyotkorlik darkor. Qushni xarid qilishda uni yaxshilab tekshirish, veterinardan maslahat olish, epidemiologik choralar bo‘yicha ma’lumot to‘plash maqsadga muvofiq. Qushning turar joyini odamlardan uzoqroq va toza tutish, bolalarga ular bilan yaqin aloqada bo‘lib, uni ushlab, ini va idishlariga qo‘l tekkizishga ruxsat bermaslik kerak. Agar qushlarda birorta o‘zgarish sezilsa, zudlik bilan veterinarga xabar berish shart.
Ornitoz tarixidan
Mazkur tashxis ilk bor 1876 yilda qo‘yilgan. Shifokorlar ikkita bemorga infeksiya kasallangan to‘tiqushdan yuqqanini aniqlashgan. Shu sababli xastalikka lotincha “psittae” – to‘tiqush so‘zidan kelib chiqib, “psittakoz” nomi berilgan.
1942 yilga kelib infeksiya nafaqat to‘tiqush, balki boshqa yovvoyi qushlardan ham yuqishi mumkinligi aniqlandi. Shu sababli bu kasallikka lotincha “ornis” – qush so‘ziga muvofiq “ornitoz” deb nom qo‘yildi.
Xastalikni qo‘zg‘ovchi xlamidiya hujayra ichidagi parazit hisoblanadi. U tashqi muhitda uzoq yashash xususiyatiga ega. Xlamidiya saqlovchi manba +60°S haroratda 10 daqiqa davomida qaynaganida faollikni yo‘qotadi. Buyumlarni esa dezinfeksiyalovchi eritmalar orqali zararsizlantirish mumkin.
Ornitozga chalingan bola qonida 5-7 kun ichida spetsifik antitanacha paydo bo‘ladi. Kasallikka qarshi hosil bo‘lgan immunitet 2-3 yil u bilan og‘rimaslik uchun yetadi. Lekin bu muddat tugagach, infeksiyani yuqtirmaslikka kafolat yo‘q.
Klara RAJAPBOYEVA,
Respublika DSENM epidemiologiya bo‘limi mutaxassisi