Ringda to‘qqiz nafar o‘g‘lonning shijoati
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining to‘qqiz nafar a’zosi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» sport majmuasi mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbek bokschilari ketma-ket g‘alabalari bilan muxlisu mutaxassislarni xushnud etmoqda.
Musobaqaning chorak final bellashuvlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bokschilar chempionlik uchun kurashni davom ettiradi. Shuningdek, xabar berib o‘tganimizdek musobaqada boks bo‘yicha jahon chempionatining litsenziyalari o‘z egalarini kutib turibdi. Bu esa Osiyo chempionatiga bo‘lgan qiziqishni yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Qit’a chempionatining chorak final uchrashuvlarida 10 nafar o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tarilishdi. Ulardan faqat -91 kilogramm vazn toifasida chempionlik uchun kurash olib borgan Sanjar Tursunov XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi – qozog‘istonlik Vasiliy Levitdan mag‘lub bo‘lib kuchli to‘rtlikka yo‘llanma ola bilmadi. Qolgan 9 ta bellashuvda hamyurtlarimiz raqiblaridan ustun kelishdi.
E’tiborlisi, o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglarning 4 tasi nokaut bilan yakunlandi. Rio–2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilaridan Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov va Bahodir Jalolov raqiblarini texnik nokautga uchratishdi. Shuningdek, -64 kg vazn toifasida Iqboljon Xoldorov ham jangni muddatidan oldin yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
3 may kungi janglar natijasi:
-49 kg: Hasanboy Do‘stmatov — Jomart Yerjan (Qozog‘iston) — g‘alaba
-52 kg: Jasur Latipov — Sing Bisht (Hindiston) — g‘alaba
-56 kg: Murod Ahmadaliyev — Nima Dorji (Butan) — nokaut
-60 kg: Elnur Abduraimov — Farrand Papendang (Hindiston) — g‘alaba
-64 kg: Iqboljon Xoldorov — Xung Ming Pan (Xitoy Taypeyi) — nokaut
-69 kg: Shahram G‘iyosov — Seon Xyong Li (J. Koreya) — nokaut
-75 kg: Isroil Madrimov — Eumir Marsial (Filippin) — g‘alaba
-81 kg: Bektemir Meliqo‘ziyev — Sh. Negmatulloyev (Tojikiston) — g‘alaba
-91 kg: Sanjar Tursunov — Vasiliy Levit (Qozog‘iston) — mag‘lubiyat
+91 kg: Bahodir Jalolov — Do Xeon Kim (Janubiy Koreya) — nokaut
Yarim finalga yo‘llanma olgan bokschilar joriy yilning 23 avgustidan – 4 sentyabriga qadar Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Demak hozircha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari jahon chempionatida 10 ta vazn toifasining to‘qqiztasida ringga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib ulgurishdi. Yo‘llanmalar soni maksimal — 10 ta bo‘lishi ham mumkin. Buning uchun kechagi chorak final bahsida raqibiga imkoniyatni boy bergan Sanjar Tursunov chorakfinalning boshqa mag‘lub bokschilari bilan bo‘ladigan qo‘shimcha jangda g‘alaba qozonishi kerak. Umid qilamizki Gamburgdagi jahon chempionatida terma jamoamiz to‘liq tarkib bilan ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun 4 aprel kuni Osiyo chempionatida dam olish kuni hisoblanadi. Yarim finallar 5 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari quyidagi raqiblarga ro‘baro kelishadi:
Osiyo chempionati. 1/2 final:
-49 kg. Hasanboy Do‘smatov — Amit (Hindiston)
-52 kg. Jasurbek Latipov – Azamat Isakulov (Qozog‘iston)
-56 kg. Murodjon Ahmadaliyev – Yon Xun Xan (Janubiy Koreya)
-60 kg. Elnur Abduraimov — Jun Shan (Xitoy)
-64 kg. Iqboljon Xoldorov – Bekdaulet Ibragimov (Qozog‘iston)
-69 kg. Shahram G‘iyosov — Sajjad Kozimzodaposhtiri (Eron)
-75 kg. Isroil Madrimov– Abilxan Amankul (Qozog‘iston)
-81 kg: Bektemir Meliqo‘ziyev – Jyabin Xuan (Xitoy)
+91 kg: Bahodir Jalolov — Muhammad Muales (Suriya)
N.NORBOBOYEV