Atletlarimizning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyati
O‘zbekistonlik atletlar Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 3 oltin, 4 kumush va 5 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli musobaqada qit’amizning 20 dan ziyod davlatidan 140 dan ortiq sportchi sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi. E’tiborlisi, qit’a chempionatining erkaklar o‘rtasidagi bahslarida terma jamoamiz a’zolari 3 oltin, 4 kumush va 2 bronza medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Tajribali atletimiz, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni Farhodbek Sobirov qit’a chempionatida tengsiz ekanini isbotladi. Vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida F.Sobirov shtangani dast ko‘tarishda 175 kilogramm natija bilan oltin, siltab ko‘tarishda 205 kilogramm natija bilan kumush, ikkikurashda 380 kilogramm natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘ta og‘ir vazn toifasidagi (+105) polvonlar bahsida qatnashgan yana bir sportchimiz Rustam Jangabayev dast ko‘tarishda 196 kilogramm, siltab ko‘tarishda 241 kilogramm natija bilan ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ikkikurashda esa 437 kilogramm natija bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘z vazn toifasida Ivan Yefremov shtangani dast ko‘tarishda kumush, Adham Ergashev va Doston Yoqubov siltab ko‘tarishda bronza medallar bilan taqdirlandi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Omadoy Otaqo‘ziyeva ham shtangani siltab ko‘tarishda uchinchi bo‘ldi. Dolera Davronova esa shtangani siltab ko‘tarish va ikkikurashda ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
N.NORBOBOYEV