Olimlar: filmlar tomosha qilish og‘riq qoldirishga yordam beradi
Ko‘z yosh to‘ktiruvchi, ta’sirli filmlarni tomosha qilish insonlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladi, deydi olimlar.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari dramalar yig‘latadigan bo‘lishiga qaramay, ularga bo‘lgan qiziqishimizni asoslab beradi.
Oksford universiteti olimlaridan iborat jamoaning ma’lumotiga ko‘ra, fojiali yoki melodramatik filmlarni tomosha qilish endorfin — quvonch va lazzatlanish garmonlarini ishlab chiqarishga yordam beradi.
Organizmdagi bu kabi kimyoviy jarayonlar tabiiy og‘riq qoldirish ta’sirini ko‘rsatadi, shuningdek, atrofdagilar bilan yaqinlashtirishga ham xizmat qiladi, deyiladi Qirollik jamiyatining Open Science jurnalida chop etilgan hisobotda.
Badiiy timsollarga bo‘lgan ehtiros — inson jamiyatining ajralib turadigan jihatlaridan biri, biroq olimlar hozirga qadar bu holatning evolyusiya xususiyatlarini o‘rganmoqda.
«Badiiy fantastika janriga bo‘lgan moyillik — inson jamiyatining barcha madaniyatlarga xos juda muhim jihat bo‘lib, u keng miqyosda gumanitar olimlar tomonidan o‘rganiladi. Biroq nima sababdan fikshn ommani shu qadar jalb qiladi va uning funksiyalari qanday – bu savollar olimlar tomonidan hali ham tadqiq etilmagan», – deb tushuntiradi tadqiqot rahbari, psixolog Robin Danbar.
«Folklor katta ijtimoiy ahamiyatga ega: uning yordamida biz kelasi avlodga hikmatni qoldiramiz va bizlarni birlashtiruvchi umumiy qadriyatlarni anglaymiz. Bularning bari juda muhim, lekin nima sababdan bizni doim xushnud etishi kerakligi tushuntirilmagan», – davom etadi olim.
Psixologlar va adabiyotchilardan iborat Oksford olimlari jamoasi dramalar tomosha qilish chindan ham endorfinlar ishlab chiqarishini tekshirishga qaror qilishdi. Ular tajribada qatnashayotgan guruhlardan biriga «Styuart: O‘tgan hayot» filmini qo‘yib berishdi. Unda baxtsiz bolalikni boshdan kechirgan uysiz inson hayoti hikoya qilinadi.
Ikkinchi guruh neytral mavzulardagi hujjatli filmlarni tomosha qilishdi.
Olimlar ko‘ngillilarning og‘riqli nuqtalaridagi tomoshadan avvalgi va keyingi o‘zgarishlarni mashq orqali tekshirishdi, ya’ni unga ko‘ra kishi xuddi kursida o‘tirgandek devorga uzoq vaqtgacha suyanib turishi kerak bo‘ladi.
«Ta’sirli filmlarni ko‘rib, emotsional holatga berilganlar og‘riqqa chidab, yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etishdi va guruhdagilar bilan ko‘proq aloqada bo‘lishdi», — deydi professor Danbar.
Endorfin ta’siri shuningdek, komediya tomosha qilganlarda, kuylagan va raqs tushganlarda ham kuzatildi.
«Biz buni kimyoviy jarayon — dramaga bo‘lgan yagona moyillik, deb atamaymiz, sababi inson psixologiyasining boshqa jihatlari ham mavjud. Biroq bu biz nima uchun badiiy filmlardan rohat olishimizni tushuntirib beradigan muhim holatdir», — deydi olim.
Shekspir ijodini o‘rganuvchi mutaxassis Sofi Dunkanning fikricha, ular badiiy adabiyot insonlarga nima sabab va qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganishga urinishdi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, biz berilib film ichiga sho‘ng‘ib ketishimiz endorfinlar ishlab chiqishiga sabab bo‘ladi.
«Fojia yoki dramaga boy film tomosha qilish sog‘liq uchun foydali. U tabiiy og‘riq qoldiruvchi vosita bo‘lgan endorfinlarni erkin qiladi», – deydi Dunkan.
Manba: Sof.uz