Salomatlik sari dadil qadamlar

Mamlakatimizda 29 aprel kuni «Salomatlik sari» ommaviy yugurish tadbirlari o‘tkazildi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, oilalarda va mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur salomatlik aksiyasida o‘ttiz besh mingga yaqin turli soha xodimlari, faxriylar, xotin-qizlar, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqalarida to‘rt mingdan ortiq ishtirokchi o‘z shijoati, irodasi, matonati va tezkorligini namoyon qildi.

…Ertalabdan Nukus va Oybek ko‘chalari chorrahasi musobaqa ishtirokchilari bilan gavjum. Ular «Salomatlik sari» ommaviy yugurish tadbirining boshlanishini katta hayajon bilan kutmoqda. Musobaqaga start beriladi.

Musobaqa qatnashchilari Oybek, Afrosiyob, Sharof Rashidov, Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatriga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari B.Mahmadaliyev va boshqalar mamlakatimizda aholining salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashning muhim omili sifatida jismoniy tarbiya va sport rivojiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Bu jarayonda turli musobaqalar, ommaviy sport tadbirlari yoshlarning sportga qiziqishini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lib yurishda sportning ahamiyati beqiyos, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi Abdurashid Meliboyev. – Bu kabi musobaqalar turli soha xodimlarining faolligini va mehnat faoliyatining unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

– Bunday tadbirlar jamiyatda sog‘lom muhit barqaror bo‘lishi, yoshlarning turli salbiy illatlardan mustahkam immunitet hosil qilishiga katta zamin yaratadi, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Kumush Matyoqubova. – Bugungi tadbirda g‘alaba qozonganimdan xursandman. Bu tadbir nafaqat o‘z mahoratimni namoyish etish, balki, turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan tengdoshlarim orasida yangi do‘stlar topish imkonini ham berdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Tadbir qatnashchilari «Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi», «Eng yosh ishtirokchi», «G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun» singari turli nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.

Yana o‘qing:  Yuqori xolesteringa qarshi birinchi vaksina odamda sinab ko‘rishga tayyor

 

Bayram AYTMURODOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: