Bezgak chivinlari bezarar emas

Bezgak – anofeles (bezgak) chivinining chaqishi orqali yuqadigan, qaltirash, tana haroratining ko‘tarilishi, jigar va taloqning zararlanishi va kamqonlik bilan kechadigan xavfli hamda o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi.

Kasallikni plazmodiy deb atalmish parazitlar qo‘zg‘atadi. Plazmodiylarning odamda parazitlik qiladigan to‘rt turi farqlanadi. Ularni faqat mikroskop ostida ko‘rish mumkin. Bu parazitlar inson qonida yashab, ko‘payadi va qizil qon tanachalarida joylashib, ularni parchalaydi hamda qon ishlab chiqarish, asab, yurak-qon tomir va organizmning boshqa tizimlari ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kasallik manbai bemor odam va parazit tashuvchi xasta kishidir. Tarqatuvchilari esa anofeles avlodiga mansub bo‘lgan chivinlar hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra dunyo bo‘yicha har yili 400 mln. dan ortiq odam bezgak dardiga chalinib, ularning 1 mln. dan ortig‘i vafot etadi. Jumladan, vafot etganlarning 90 foizini Ekvatorial Afrikada yashovchi aholi tashkil etib, ularning 18 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

2007 yilning may oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining assambleyasining 60-sessiyasida 25 aprel har yili dunyo bo‘yicha xalqaro bezgakka qarshi kurash kuni deb e’lon qilindi.

Bugungi kunda bezgak xastaligi dunyoning 100 dan ortiq davlatlari aholisining sog‘ligiga jiddiy xavf solib kelmoqda. Kasallik asosan Afrika, O‘rta Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Yevropaning ayrim hududlarida ro‘yxatga olinmoqda. Bezgak avval eliminatsiya (bartaraf) etilgan Mustaqil hamdo‘stlik davlatlarida (Tojikiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya va boshqa davlatlarda) yana qayd etilishi kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda bezgak kasalligi 1925–1961 yillarda keng tarqalgan bo‘lib, o‘sha davrlarda 700 mingdan ortiq bezgak kasalligi holatlari ro‘yxatga olingan edi.

O‘tgan asrning 60-yillarida O‘zbekistonda kasallikni yo‘q qilishga erishilgan bo‘lib, 1980–1990 yillarda mamlakatimizda bilan qo‘shni bo‘lgan davlatlar Afg‘oniston va Tojikiston respublikalarida bezgak kasalligining epidemiyasi kuzatilganligi hamda ushbu davlatlar o‘rtasida aholining (migratsiya) faol qatnovi natijasida, bezgak kasalligini respublikamiz hududiga ommaviy ravishda kirib kelish holatlari kuzatila boshladi. 1990-yillarning boshida Tojikistonning bezgak kasalligi tarqalgan hududlari bilan chegaradosh bo‘lgan yurtimizning janubiy viloyatlarida chegaraning uzunligini hisobga olgan holda ushbu dard 1999 yilda Surxondaryo viloyatida uch kunlik bezgakning past darajada mahalliy yuqishi yuzaga keldi. Keyinchalik Qashqadaryo viloyatida kasallikning yangi faol o‘choqlari qayd etildi. Qo‘shni Qirg‘izistonda 2002 yili infeksiyaning epidemik tarqalishi sodir bo‘ldi va respublikamizning chegaradosh bo‘lgan viloyatlariga kirib kelish, tarqalish xavfi yuzaga keldi. Shuningdek, o‘sha davrda Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari respublikaning barcha hududlarida ham bezgak kasalligi holatlari qayd etildi.

Yana o‘qing:  Bo‘lajak mutaxassislar ustozlar tajribasini o‘rganishdi

JSSTning tashabbusi bilan Toshkent shahrida 2005 yil 18-20 oktyabr kunlari Yevropa mintaqaviy hududida bezgakning mahalliy kasallik sifatida yuqishini bartaraf etish uchun qaratilgan I xalqaro anjuman o‘tkazildi. Bezgak tarqalgan mamlakatlarda “Bezgakni bartaraf etamiz” mintaqaviy dasturining ahamiyatini e’tiborga olgan barcha ishtirokchi mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston ham ushbu dasturni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu anjumanda “Kurashdan bezgakning eliminatsiyasiga o‘tish” Toshkent deklaratsiyasi tasdiqlandi.

Bezgak bo‘yicha Milliy dasturni kuchaytirish maqsadida 2005–2010 yillar mobaynida “O‘zbekistonda bezgakka qarshi kurashni kengaytirish 2005–2009 yy. bezgakni yuqish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga asosiy e’tiborni qaratish” nomli OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurash Global jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha amalga oshirildi.

Bezgakning epidemiologik nazorat tizimida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, bezgakni erta aniqlash, unga laboratoriya usulida tashxis qo‘yish, kasallik manbai bo‘lgan bemor va parazit tashuvchilarni o‘z vaqtida davolash, epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bezgakning faol o‘choqlarida kimyoviy profilaktika ishlari o‘tkazildi. Shuningdek, entomologik nazorat va chivinlarga qarshi kurash bo‘yicha kompleks tadbirlar kuchaytirildi. Amaliy-ilmiy izlanishlar, aholini chivinlar hujumidan shaxsiy va guruhli himoyalash choralari, aholi orasida kasallikni oldini olish bo‘yicha sanitariya-targ‘ibot ishlari, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti va kadrlarni tayyorlash yaxshilandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizda 2010 yildan buyon mahalliy bezgak kasalligi ro‘yxatga olinmadi. Lekin ushbu xastalikni chetdan kirib kelish xavfi bizda mavjud. Shuning uchun ham bugungi kunda mutaxassislar tomonidan bezgak kasalligining chetdan kirib kelishini oldini olish borasida muntazam amaliy sa’y-harakatlar ro‘yobga oshirib kelinmoqda.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: