Ota-ona ibrati farzandlarga qanot bag‘ishlaydi
Farzandingiz sportda ketma-ket g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ko‘ksini medallar shodasi bezasa, ota-ona sifatida bundan faxrlanasiz.
Bordi-yu, uch nafar farzandingiz ham chempion bo‘lsachi?! Bunday oilaga har qanday kishi havas ko‘zi bilan boqishi tayin.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi Zafar Raimovlar oilasida ulg‘ayayotgan farzandlar kichikligidanoq sportga mehr qo‘yishgan. Oilaning to‘ng‘ichi Aslbek boks bilan jiddiy shug‘ullanadi. Komronbek mana bir necha yildirki, karate to‘garagiga qatnaydi. Behruzbek esa dzyudo to‘garagi a’zosi.
Farzandlar salomatligini o‘ylab, ularni sportga oshno bo‘lishiga ko‘maklashgan Zafar aka bugun dilbandlarining g‘alabasidan boshi osmonga yetmoqda.
Aslbek bugunga qadar respublika miqyosda o‘tkazilgan musobaqlarda shoda-shoda medallarni qo‘lga kiritdi. Komronbekning natijalari ham akasinikidan sira qolishmaydi. U joriy yilning mart oyida karate sport turi bo‘yicha respublika chempionatida g‘olib bo‘ldi. Hozirda u Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro turnirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Behruzbek ham respublika miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etib, bir necha bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
Oila boshi Zafar akaning aytishiga qaraganda farzandlarni qiziqishlari tomon yo‘naltirish u qadar oson ish emas. Buning uchun kattalar bolani rag‘batlantirishi, unga tanlagan yo‘lining yaxshi tomonlarini ko‘rsata olishi lozim.
– Farzandlarimni to‘garaklarga shunchaki bo‘sh yurmasin, deb jo‘natmayman. Imkoni bo‘lsa, har bir mashg‘ulotida qatnashishga harakat qilaman. Bunday vaziyatda bola ruhlanadi, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi, – deydi sportchilarning onasi Shahnoza Raimova.
Ota-ona oila bog‘bonlariga qiyoslansa, unda unib-o‘sayotgan farzandlarni navnihollarga mengzash mumkin. Biz ham Raimovlar oilasida kamol topayotgan barkamol farzandlar kelajakda sportimiz dovrug‘ini butun dunyoga tanitishiga tilakdoshmiz.
Ma’rifat TOLIPOVA