Uy-joy kommunal sohasini rivojlantirish orqali aholiga qulayliklar yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Ushbu qaror ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan oqilona foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini belgilangan muddatlarda olib borish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.
Qarorda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutadi:
aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ko‘p xonadonli uylarda joylashgan xonadonlardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimi va umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarni o‘z vaqtida va sifatli ta’mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, u yerlarda bolalar va sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta’sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uy-joy kommunal soha tashkilotlari, xususan, ta’mirlash-tiklash xizmatlarining moddiy-texnik bazasini yaratish va mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash.
Qarorga muvofiq 2017–2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi tasdiqlandi. Ushbu dasturda ko‘p xonadonli uy-joy fondining umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarini kapital va joriy ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash tizimini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar belgilandi.
Qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur dasturni amalga oshirishda “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki uy-joy kommunal sohasiga qarashli tashkilotlarni moliyalashtirishni ta’minlaydigan vakolatli bank etib belgilandi.
Dasturni amalga oshirish doirasida tijorat banklariga “Ta’mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonasi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etildi.
Shuningdek, mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlarini ko‘rsatadigan “Yagona hisob-kitob markazi” va shahar hamda tumanlarda uning filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Qaror bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra:
ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulki va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar joy va noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari miqdori O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi har yili tasdiqlaydigan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan hajmda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan belgilanadi;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi “Kommunalo‘quv” o‘quv-uslubiy markazi” davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi.
Qarorning amalga oshirilishi quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:
birinchidan, bu qaror ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini va undan maqsadga muvofiq holda foydalanishni tubdan yaxshilash, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;
ikkinchidan, aholining rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan ko‘p xonadonli uy-joy fondida yashashi uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish;
uchinchidan, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlaydi.