Dorilomon kunlar shukronasi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Inoyat ota Sodiqov 92 yoshda. U “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomashinani navbatsiz sotib olish va unga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatidan foydalandi. «Rohat» avtosalonidan «Damas» avtomashinasini sotib olib, o‘zi haydab chiqdi.

– Farzandlarim bilan anchadan beri «Damas» olishimiz kerak, deya o‘ylab yurardik,  – deydi otaxon. – Prezidentimizning urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab chiqargan farmoniga binoan mashinani navbatsiz sotib oldik. Bor-yo‘g‘i bir yarim soatda hamma hujjatlarni rasmiylashtirib, mashinaning kaliti qo‘limga topshirildi. Yurtimiz tinch, hur zamon abadiy bo‘lib, Prezidentimizning umrlari ziyoda bo‘lsin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori urush faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni munosib ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.

Farmonga muvofiq, Yashnobod tumani hokimligi, mudofaa ishlari bo‘limi, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari Inoyat ota xonadonida bo‘lib, Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklab, Prezidentimiz nomidan 2 million so‘m pul mukofotini topshirdi. Shohimardon mahallasida yashovchi Inoyat otaning minnatdorligini nurli chehrasidan, samimiy suhbatidan sezish qiyin emas.

–  Frontga ketganimda tog‘ni ursa, talqon etguday yigit edim. 1948 yili Toshkentga qaytib, yana sevimli kasbim – haydovchilik bilan shug‘ullandim. Umrimning 70 yilini shu kasbga bag‘ishlaganman. Men dunyodagi eng baxtli va boy odamlardan biriman: 10 farzand, 31 nevara, 33 evaraning ardog‘idaman. Ba’zan meni ko‘rishga kelgan nevara-chevaralarim sanog‘idan adashib ham ketaman. Shu kunlarga yetkazganiga ming shukr!

Inoyat ota mudom harakatda. Mahallada, ta’lim muassasalarida yoshlarga tinchlikning ulug‘ ne’mat ekani, bugungi farovon hayotimizning qadriga yetish, uni asrab-avaylash zarurligi haqida nasihat qiladi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashadi.

Otaning samarali mehnatlari munosib rag‘batlantirilib, «Jasorat», “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70 yilligi”  yubiley medallari bilan taqdirlangan.

Suhbat qiziganda otaxon urush yillarini xotirlab, halok bo‘lgan quroldoshlarini eslab, sukutga ketdi, bildirmay ko‘ziga yosh oldi. Bugungi farahbaxsh kunlar, mustaqillik yaratgan bemisl imkoniyatlar, tinchlik-omonlikda o‘tayotgan hayoti uchun yaratganga beadad shukronalar aytdi.

Yana o‘qing:  Ayol – baxtning doyasi

 

 Azima QIYOSOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: