Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlar yaxshilanadi
Prezident Shavkat Mirziyoev “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qaror sharhida ta’kidlanishicha, yurtimizda qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketishni tashkil etish va ulardan foydalanish sohasida xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida hali hal etilmagan qator muammolar mavjud.
Qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish ishlarini tashkil etish masalasi, avvalo, bunday chiqindilarni to‘plash, utilizatsiya qilish hamda qayta ishlash bo‘yicha aniq va amaliy tizimni yo‘lga qo‘yishni talab etadi. Hozirgi vaqtda chiqindilar to‘planadigan mavjud poligonlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlariga to‘liq javob bermaydi. Aksariyat joylarda chiqindilar tartibsiz ravishda to‘planadigan punktlar hamon saqlanib qolmoqda va ular tutash hududlarning sanitariya-epidemiologiya holatini yomonlashtirib, yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishiga sharoit yaratmoqda.
Bu boradagi eng muhim vazifa va muammolar inobatga olingan holda qabul qilingan Prezident qarori mamlakatimiz tuman va shaharlarining sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilash, 2017-2021 yillarda chiqindi bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirishni yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Jumladan, mazkur qaror bilan quyidagi dastur va loyihalar tasdiqlanmoqda:
2017-2021 yillarda chiqindilarni to‘plash, saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish tadbirlari;
2017 yilda mamlakatimiz shaharlaridagi sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga 237 ta maxsus texnika xarid qilish, 94 ta garaj qurish, qattiq maishiy chiqindilar uchun 168 ta elak qurilmalari o‘rnatish reja ko‘rsatkichlari;
Toshkent, Samarqand, Andijon va Namangan shaharlarida yirik loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan, 2017-2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining 161 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘larini jalb etgan holda shaharlarda chiqindilarni to‘plash, tashib ketish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati;
114 ming pogon metr to‘siq, 152 ta sanitariya uzeli, 158 ta maishiy xona, 163 ta avtomobillarni yuvish joyi, 269 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlari, 166 ta texnik suv ta’minoti qudug‘i hamda 240 kilometr asfaltlangan kirish yo‘llarini qurish orqali qattiq maishiy chiqindilar to‘planadigan 168 ta poligonni obodonlashtirish manzilli dasturi;
2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan texnologiyalarni joriy etish prognoz ko‘rsatkichlari, jumladan, kelgusi ikki yilda Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini qurish ko‘zda tutilib, mazkur loyihalarga 27 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ana shu kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali aholining keng qatlamlari uchun yanada qulay ijtimoiy sharoitlar yaratiladi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va mazkur dasturlar amalga oshirilishini nazorat qilish, muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Respublika komissiyasi tashkil etildi.
2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturni moliyalashtirish uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Mazkur qarorning amalga oshirilishi tufayli quyidagi muhim natijalarga erishiladi:
Birinchidan, aholiga qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish va poligonlarda utilizatsiya qilish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yaxlit tizim tashkil etish ishlari nihoyasiga yetkaziladi.
Ikkinchidan, sanitariya jihatidan tozalash ishlariga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi “Toza hudud” davlat unitar korxonalari filiallari maxsus texnikalar (chiqindi tashish va assenizatsiya mashinalari) hamda qattiq maishiy chiqindilar uchun elektromexanik elak qurilmalar bilan to‘liq ta’minlanadi.
Uchinchidan, qattiq maishiy chiqindilarni organik o‘g‘itlarga aylantirish uchun birlamchi qayta ishlashni tashkil etish, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga erishiladi.
To‘rtinchidan, aholini qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2021 yilgacha mamlakatimiz bo‘yicha 63 foizdan 93 foizga o‘sadi.