Rolikli konki bilan qushday parvoz qiling
Ko‘klam faslida aksariyat insonlar bo‘sh vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazishni xush ko‘radi. Ayniqsa, bolajonlar uchun havoning ilishi haqiqiy bayram sanaladi.
Bu paytda istirohat bog‘lari-yu xiyobonlarda rolikli konkida misoli qushday parvoz qilayotgan bolajonlarni ko‘rib, ularga havasingiz keladi. Aslini olganda rolikda harakatlanish uchun yosh ko‘rsatkichlari chegaralanmagan. Unda 3 yoshdan boshlab harakatlanish mumkin. Bu davrga kelib insonning ichki qulog‘ida joylashgan vestibulyar a’zo va tayanch-harakat tizimi yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Bolakay muvozanatni yaxshi ushlaydi hamda maqsadli harakatlana boshlaydi.
Rolikda uchish sport turi bo‘lganligi uchun u mutlaqo xavfsiz emasligi doimo yodingizda bo‘lsin. Terining yengil lat yeyishi bu sport turi uchun tabiiy hol sanaladi.
Bo‘lajak sportchi uchun sifatli rolikli konki tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Bola uchun istalgan turdagi sport anjomini xarid qilganingizda doimo uning xavfsizligi va qulayligiga ahamiyat qarating. Roliklar uchun mustahkamlik, vaznining yengilligi va qulaylik muhim omil sanaladi. Bu kabi sport anjomlarining qanday matodan ishlanganligi ham asosiy rol o‘ynaydi.
Uning ko‘rinishi.
Farzandingiz rolikda harakatlanishga katta qiziqish bildirayotgan ekan, uning tashqi ko‘rinishi, ya’ni dizayni bolajon uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini unutmang. Shu bois, konkini farzandingiz dididan kelib chiqib tanlasangiz, ayni muddao. Qolaversa, rolik tanlashda bolaning yoshi va uning mahorat darajasi juda muhim. Ular uchun ishlab chiqarilayotgan roliklar 2 xil ko‘rinishda bo‘ladi:
- “Kvad” – 2 juft g‘ildirakka biriktirilgan. Ular mustahkam bo‘lib, unchalik yuqori tezlikka ega bo‘lmaydi. Bu turdagi konkilar undan endigina foydalanishni boshlaganlar uchun yaxshi vosita bo‘la oladi.
- “Inlayn” – yagona chiziqqa biriktirilgan g‘ildiraklar tizimi. Bu kabi rolikda muvozanatni ushlash shart. Chunki unda tezlik yuqori darajada bo‘ladi. Bunday roliklar o‘ziga xos tuzilishga ega ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.
Farzandingiz ulg‘aya boshlashi bilan tabiiyki, uning oyoq o‘lchamlari ham kattalasha boradi. Bu vaziyatda esa “inlayn” rolikda o‘lchamni o‘zgartirish, ya’ni kengaytirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, bunday roliklar harakatlanish vaqtida oyoqning joyidan qo‘zg‘alishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ortiqcha shikastlanishlardan asraydi. Yumshoq oyoq kiyimga ega “inlayn” roliklar bilan esa ancha yillik harakatlanish tajribasiga ega bolalar yuqori tezlikka erishishi mumkin.
Turli yoshdagi bolalar uchun rolik tanlaymiz.
Agar farzandingizni 3 yoshidan boshlab rolikda harakatlanishga o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, unga mos o‘lchamni topish biroz mushkul. Bu yoshdagi kichkintoylar uchun “kvad” roliklari munosib. U orqali uchishni o‘rganib olgach, farzandingizga keyinchalik “inlayn” turdagisini qo‘rqmay xarid qilishingiz mumkin. 5-7 yoshdagi bolajonlar uchun ham mutaxassislar “kvad”larni tavsiya etishadi.
8-10 yoshli bolakaylarga ularning rolikda harakatlanish tajribasiga qarab munosib turini tanlasangiz bo‘ladi. 11-13 yoshli o‘spirinlar uchun “inlayn” turdagilarni xarid qilish mumkin. Qattiq yoki yumshoq oyoq kiyimli roliklarni tanlash esa bolaninng tajribasidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Farzandingizga rolik xarid qilishda uning xavfsizligi haqida unutmang. Konki sotib olish chog‘ida bosh, qo‘l, tirsak va tizzalarni himoyalaydigan maxsus anjomlarlar ham xarid qilishingiz lozim. Bular bolajonni turli shikastlanishlardan himoyalaydi.
Xarid uchun maxsus ko‘rsatmalar
Roliklarni maxsus sport do‘konlaridan xarid qiling. Sababi sizga kerak bo‘ladigan zarur tavsiyalarni faqat o‘sha yerda xizmat qiladigan mutaxassislardangina olishingiz mumkin. Xaridni farzandingiz bilan birgalikda amalga oshiring. Chunki, ular rolikni kiyib ko‘rishi lozim. Konkining o‘lchami mos kelgandan so‘nggina sotib olish talab etadi.
Rolik g‘ildiraklari alyuminiy qorishmasi yoki plastikdan tayyorlangan bo‘ladi. Yangi o‘rganuvchilar uchun plastikli g‘ildiraklar ayni muddao.
Bolalarga mo‘ljallangan roliklarning eng maqbul o‘lchami – 76-80 mm. Bunday g‘ildiraklar odatda 78A dan 80A gacha qilib belgilanadi.