Ortda qolgan xavotir
Oynai jahon orqali bir guruh bolalar Germaniyadan sog‘lomlashtirilib, ona Vatanga qaytib kelgani namoyish etildi.
Ko‘rsatuv davomida bunday xayrli ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining o‘rni alohida tilga olindi.
Muqimjon bobo nigohini darrov televizorga qadadi. Ekranda baxtiyor ota-onalar, yurtga qaytgan nuridiydasini sevinch ko‘z yoshlari ila bag‘riga bosib, elga tinchlik so‘rab duo qilayotgan bobo-yu buvilar namoyish etildi. Lavhani ko‘rib otaxonning ko‘ngli entikdi. U ham bir paytlar Toshkent xalqaro aeroportida kenja nabirasining yo‘liga ilhaq bo‘lib kutgandi…
…Muqimjon boboning o‘g‘li Komiljon hovli sahnida turgan traktorini sozlash uchun soatlab ovvora bo‘ladi. Dadasining oldida 4 yoshli Alijon o‘zicha bir nimlarnidir o‘ynaydi. Bolakayning onasi oshxonada o‘z ishi bilan band. Falokat oyoq ostida deganlari rost ekan. To‘satdan hovlini bolaning bo‘g‘ilib chinqirgan ovozi tutdi. Yugurib kelgan kattalar Alijonni mashina sozlashda ishlatiladigan suyuqlikni bexosdan ichib yuborganini bilishdi. Uni zudlik bilan viloyat Shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishdi. Afsuski, qanchalik tez harakat qilinmasin kimyoviy vosita o‘z kuchini ko‘rsatib bo‘lgan edi. Murg‘ak bolaning og‘iz va qizilo‘ngach sohasi jiddiy kuyish oqibatida jarohatlangan edi.
Hayot yo‘llari hamisha past-u balandliklardan iborat. Yaqin insonlarning sabr-u toqati, irodasi va bir-biriga bo‘lgan sadoqati ana shunday pallalarda bilinadi. Alijonning oilasidagilar ham og‘ir kunlarda bir-biriga dalda bo‘lib, musibatga sabr qilishdi. Muqimjon boboning ko‘z quvonchi Alijonning o‘sha voqeadan keyin ishtahasi yo‘qoldi. Kuygan a’zolari bitsa hamki, bola durustgina ovqat yeyolmay qoldi. Maxsus uskuna orqali uning me’dasiga jo‘natiladigan yegulik kor qilmay qo‘ydi. Oradan vaqt o‘tib, Alijon quvvatdan qola boshladi. Kun sayin nimjon bo‘lib borayotgan farzandini ko‘rib, ota-onaning bag‘ri ezilardi. Uni zudlik bilan Toshkentga shifokorlarning ko‘rigiga yuborishdi. Bolakay poytaxtda zaruriy muolajalarni olib, shifokorlar nazoratida bo‘ldi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Alijonning sog‘ayishi uchun umid uchqunlari paydo bo‘ldi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Muqimjon boboning nabirasi salomatligi borasidagi murojaatini e’tiborsiz qoldirmadi. Bolani germaniyalik shifokorlar o‘tkazadigan tibbiy ko‘rikka olib kelishni tayinladi.
Ko‘rikdan so‘ng oilasi bilan bir zum ham ayro yashamagan 4 yoshli bolakay xorijga ko‘zlari to‘la yosh bilan murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun uchib ketdi. Oila egalari 6 oyni kun sanab o‘tkazishdi. Har kun bobo fond orqali nabirasi holidan boxabar bo‘lib tursa-da, nuridiydasining diydori ko‘z oldidan ketmasdi.
Alijon Germaniyadan anchagina tetik bo‘lib qaytdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u navbatdagi jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun yana xorijga yo‘l oldi. Alijon endi avvalgiday yig‘lamadi, ota-onasi bilan kattalardek qo‘l silkib xayrlashdi. Avvalo Yaratganning inoyati, qolaversa, fond tomonidan biriktirilgan xodimlar va germaniyalik mutaxassislar mehnati tufayli uning salomatligi butkul tiklandi.
Muqimjon bobo o‘zining o‘y-xayollari bilan ovorra bo‘lib qolgan ekanmi, yoniga nabirasi Alijonning yugurib kelganini payqamay qoldi. Kenja nabirasiga razm solar ekan, uning chehrasida darddan asar ham ko‘rinmasdi.
Bu yil Alijon birinchi sinfga qadam qo‘yadi. Shularni o‘ylar ekan bobo Yaratganga shukrona keltirib, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga qalban minnatdorlik hissini tuydi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
Farg‘ona viloyati