Shifobaxsh xushbo‘y rayhon
Har bir o‘zbek xonadonini rayhon gullarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qaysi bir, xonadonga kirib bormang rayhonning muattar ifori dimog‘ingizga urilib, sizga xush kayfiyat baxsh etadi.
Bilasizmi, Hindistonda mazkur o‘simlikni ilohiy deb hisoblashadi, uni insonlar nafaqat muattar ifori sabab balki, ziravor sifatida ham sevib iste’mol qilishadi. O‘zbek oshxonasida ham rayhondan keng foydalanishadi. Ayniqsa jazirama yoz mavsumida rayhon bilan bezatilgan yahna taomlar, ichimliklar ishtaha bilan tanovul qilinadi. Qurutilgan rayhonni esa qish mavsumida tayyorlanadigan taomlarga solishadi.
Rayhondan nafaqat oshxonada balki tibbiyotda ham keng foydalanishadi. Uning organizm uchun foydali xususiyatlari behisob. U tarkibidagi efir moyi sabab juda foydalidir. Rayhonning barglari tarkibida , 1,5 foizgacha efir moyi uchraydi. Shu sabab ham undan mayin va yoqimli hid tvaralib turadi. Uning tarkibida uchraydigan moy tarkibi linalool, evgenol, meilxavinol, kamfora (u yurak urushini bir maromda urushini ta’minlashga ko‘maklashadi, nafas olish tizimiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi).
Rayhondan davo maqsadida uning barcha qismlaridan foydalanishadi. Xususan, uning ildizi, tanasi, bandlari va barglari shifobaxsh sanaladi.
Ko‘katining damlamasi me’da faoliyati bilan bog‘liq xastaliklarda, qabziyatda, ko‘kyo‘talda yo‘talga qarshi vosita sifatida, qorin dam bo‘lishida, ishtaha yo‘qolganida, qon bosimi pasayishida, buyrak va qovuq shamollashlarida, tumovda, shuningdek emizikli onalarda ko‘krak suti ajralishini yaxshilashda iste’mol qilinadi. Barglari damlamasidan angina va stomatitda g‘arg‘ara qilib og‘izni chayishda foydalanishadi.
Rayhon o‘simligi qaynatmasi, tish og‘rig‘ida, stomatitda, anginada og‘riqni qoldirish vositasi sifatida og‘iz bo‘shlig‘ini g‘arg‘ara qilish, bitishi qiyin turli yaralarda malham sifatida dokani qaynatmada ho‘llab qo‘yish tavsiya etiladi. Yangi uzib olingan rayhon barglari sharbati quloq shamollashida, ekzemada va bitishi qiyin yaralarda tavsiya etiladi. Bu tabiiy shifobaxsh vosita kishi og‘iz bo‘shlig‘ida mavjud bo‘lgan mikroblarning 99 foizini yo‘q qilish xususiyatiga ega.
Viruslarga, infeksiyalarga va mikroblarga qarshi kurashuvchanlik xossalari tufayli, u tabiiy antibiotik vosita sanaladi. U tishlarda tosh yig‘ilishiga hamda kariyesga qarshi vosita sanaladi. Rayhonning qaynatma va damlamasi milklarni ham mustahkamlash xususiyatiga ega.
Rayhonda mavjud bo‘lgan shifobaxsh moddalar organizm uchun zararli hisoblangan xolesterin moddasini yo‘qotish xususiyatiga ega. Shu sabab mazkur o‘simlikni yurak xastaligi bor kishilar uchun ovqat tarkibiga qo‘shish tavsiya etiladi.
Rayhon yordamida buyrakdagi toshlarga qarshi kurashish ham mumkin. Uning tarkibidagi moddalar peshob haydash xususiyatiga ega bo‘lib, o‘tkazilgan tadqiqotlar buyraklarda paydo bo‘lgan toshlarni eritib yuborishini isbotlagan. O‘simlikning og‘riq qoldirish xossasi buyrak sanchib og‘rishini bartaraf etadi.
Xurshida HUSENOVA