Papaya endi o‘zimizning bog‘da
Mehnat, intiluvchanlik ishtiyoqi qon-qoniga singgan inson bo‘sh qolishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Qayerda bo‘lmasin, doim biror bir foydali ishga qo‘l ursam, vaqtimdan unumli foydalansam, deydi.
Qashqadaryolik Ulug‘bek Qarshiyev ham nafaqaga chiqdi-yu, jamg‘arib borgan mablag‘i hisobidan hovlisida mo‘jazgina issiqxona tashkil etishga kirishdi. U issiqxonani qishloq sharoitiga moslab qurish lozimligini yaxshi bilardi. Zero, sovuq qish mavsumida issiqlikni bir me’yorda tutib turish mushkul ish sanaladi. Bunday sharoitda unga transheya usulida tashkil etilgan issiqxona yaxshi qo‘l keldi. Uning afzallik tomoni shundaki, qish sharoitida parvarish qilinayotgan nihollar hech qanday issiqlik tizimisiz yer bag‘ridan chiqqan haroratda ham yaxshi unib o‘sa oladi. Issiqlik energiyasiga ham ortiqcha harajat sarf etilmaydi.
Dastavval qahramonimiz o‘z issiqxonasiga limon, mandarin, apelsin kabi sitrus mevalarning turli navlaridan ekdi. Shuningdek, mutaxassislardan ularning xususiyati, parvarish va agrotexnikasi borasida qimmatli ma’lumotlar oldi, tajriba to‘pladi. Ko‘p o‘tmay, nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zib, hosilga kira boshladi. O‘z ishidan mamnun bo‘lgan dehqon biroz o‘tib, issiqxonasini 13 sotixga kengaytirdi.
Kunlarning birida Ulug‘bek akada o‘z issiqxonasiga papaya niholini keltirib o‘tkazish fikri tug‘ildi. Avvaliga papaya kabi uncha tanish bo‘lmagan mevani parvarishlash, uni biroz ikkilantirdi. Mevaning xususiyati va parvarishini yaxshilab o‘rganib chiqqach, undan O‘zbekiston sharoitida ham yaxshi hosil olish mumkinligini anglab yetdi. So‘ng poytaxtdan 20 tupdan ortiq papaya ko‘chatini keltirilib, tomorqasiga yaxshi niyat bilan ekdi. Yangi ko‘chatlar bir yilga bormasdan hosilga kirib, o‘zining shifobaxsh mevalarini tortiq eta boshladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, yer yuzida papayaning mingdan ortiq navi bo‘lib, qaysi mamlakatda o‘stirilishiga qarab, mevasining ko‘rinishi, mazasi bir-biridan farq qiladi. Biroq ularning barini bir xususiyat birlashtirib turadi: to‘yimli va salomatlik uchun foydaliligi. Papayya mevasi tarkibida ko‘p mikdorda A, V, S, D vitaminlari, albumin va temir moddasi bor. Shuning uchun u jigar faoliyati, qondagi qand va oshqozondagi kislota miqdorini me’yorga keltiradi. Shuningdek, bu meva kaliy va magniy minerallariga ham boydir. Papayyaning eng muhim xususiyati, uning mevasi va barglari tarkibidagi papain fermentidir. Fiziologik ta’siriga ko‘ra u oshqozon shirasiga o‘xshab ketadi. Shuning uchun ham papayya mevasidan hazmni yaxshilaydigan parhez mahsulot sifatida foydalaniladi Papainning oqsilni parchalash xususiyati qattiq go‘shtni yumshatishda qo‘l keladi. Shu maqsadda tropik o‘lkalarda ovqatlarga bir bo‘lak papayya qo‘shib yuboriladi. Eng qattiq go‘shtni ham papayya bargiga o‘rab qo‘yilsa, bir necha soatdan keyin yumshab qoladi.
Olimlarning fikricha, papayya hatto saraton hujuyralarini yo‘q qilish xususiyatiga ham ega. Uni sof meva va quritilgan holda iste’mol qilish mumkin. Shuningdek, papayya tarkibida temir moddasi ko‘p bo‘lgani tufayli kamqonlikning oldini oladi. U dori vositasi emas, balki biologik ta’sirga ega bo‘lgan foydali o‘simlikdir. Bu meva to‘qimalardagi hujayralarning hayotini yaxshilab, tiklab boradi. Papain yiringni parchalash, shishlar, churralar va ayrim bezlarni bo‘shashtirib, so‘rilish xususiyatini yuzaga keltiradi.
Qahramonimizning aytishicha papaya issiqlikni sevuvchi o‘simlik sanaladi. Bunday o‘simliklarni qishning chilla mavsumida saqlab qolish nihoyatda mushkul. Qashqadaryolik bog‘bon buning ham yo‘lini topdi. U nihollarni sovuqdan termos shaklida saqlay boshladi
Ulug‘bek aka ko‘p vaqtini o‘zining mo‘jaz issiqxonasida o‘tkazadi. Uning aytishicha, yashil tabiat ko‘z charchog‘ini oladi, kishiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Issiqxonadagi ishlar Ulug‘bek aka, turmush o‘rtog‘i O‘g‘iloy opa, shuningdek, nabiralaridan ortmaydi.
Bog‘bon har yili papaya daraxtidan 300-400 kg hosil oladi. U yetishtirgan mevalarga talabgor juda ko‘p. Shaxsiy tomorqaning foydasini bilgan Ulug‘bek aka kelgusida issiqxonani yanada kengaytirib, papaya daraxtlari uchun alohida qishki bog‘ tashkil etishni maqsad qilgan Buning uchun tadbirkor bog‘bonda tajriba, bilim, eng muhimi, shijoat va g‘ayrat yetarli.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri