Asorati jiddiy dard

yoxud gingivitning kelib chiqishiga nima turtki bo‘ladi?

Inson organizmidagi eng qattiq suyak to‘qima tish hisoblanadi. Uning atrofini tutib turuvchi to‘qima milk deb ataladi. Inson og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari orasida milk yallig‘lanishi gingivit deyiladi.

Bu kasallik milk qonashi bilan tavsiflanadi. Sog‘lom og‘iz bo‘shlig‘ida tishlar yuvilganda milk qonashi kuzatilmaydi. Gingivitda esa milkning tishga tutashib turgan chetki qismi va ularning orasini to‘ldirib turgan milk so‘rg‘ichlari zararlanadi. Kasallikning bir necha xil turlari farqlanadi. Xastalikning kataral turida milk qizaradi, shishadi, qonaydi va bemor ovqat yeganda og‘riydi. Tishlarda yumshoq va qattiq karashlar to‘plana boshlaydi. Ushbu dardning surunkali turida bemor hech qanday bezovtalik hissini sezmaydi. Uning milkidagi yallig‘lanish jarayoni uzoq va sust kechadi.

Ko‘pchilik holatda kasallik stomatolog ko‘rigi paytida aniqlanadi. Gingivitning bu turi davolanmasa bemor tish yuvganda milk qonashi, uning so‘rg‘ichlarining bo‘rtib ketishi kuzatiladi. Kasallik zo‘rayganda, milklar shishib ovqat iste’mol qilish paytida ham qonaydi. Uning yarali nekrotik turida bemorning tana harorati ko‘tarilib, unda holsizlik kuzatiladi. Milkda yaralar paydo bo‘ladi. Bemor ovqatlanganda va gapirganda ham qiynaladi. Kasallikning gipertrofik turi kam uchraydi.Bu jarayon ko‘pincha organizmdagi endokrin o‘zgarishlar natijasida rivojlanadi. Shu sababli gipertrofik gingivit asosan o‘smirlar, homilador ayollar va qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda uchraydi. Atrofik gingivitda milk hajmi kichrayib, tishlarning ildizlari ko‘rinib qoladi. Bemor sovuq yoki issiq taom, shirinliklar iste’mol qilganda og‘riq seza boshlaydi.

Bu kasallikning kelib chiqish sabablaridan biri inson og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya qilmasligi natijasida tish sirtlarida paydo bo‘ladigan yumshoq karashdir.

Yumshoq karash patogen, ya’ni kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar ko‘payishi uchun qulay ozuqaviy muhit bo‘lib xizmat qiladi. Mikroblar ajratib chiqaradigan toksin (zaharli modda)lar milklarda yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi. Xastalikning ikkinchi sabablaridan biri noto‘g‘ri qo‘yilgan plomba qirralari, tish qoplamalari, sifatsiz tayyorlangan tish protezlarining milkka zarar yetkazishidir.

Yana organizm immunitetining susayishi, yetarlicha ratsional ovqatlanmaslik, qandli diabet, homiladorlik, S vitamini yetishmovchiligi, gripp, angina, sil kasalligi va organizmning og‘ir metallardan zaharlanishi, burundan nafas olishning buzilishi ham milk yallig‘lanishini keltirib chiqaradi. Shuni aytib o‘tish joizki, bu kasallik ayollarga nisbatan erkaklarda ko‘proq kuzatiladi. Sababi erkaklarning tamaki mahsulotlarini chekishi og‘iz bo‘shlig‘idagi o‘ziga xos RN muhitini nordonlashishiga olib keladi. Buning oqibatida nikotin og‘iz bo‘shlig‘ini ta’minlaydigan qon tomirlarini toraytiradi. Natijada yallig‘lanish jarayonini faollashtiradi. Bu esa kashandaning milklarini kasallikka moyil qilib qo‘yadi.

Yana o‘qing:  Toshkentda O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi start oldi

Bu dardni stomatolog davolaydi. Tishdagi to‘plangan yumshoq karashlar tozalanib, davolash har bir bemor uchun individual olib boriladi. Milk yallig‘lanishini bemor o‘z vaqtida davolamasa xastalik jiddiy asoratlar berib, parodontit, gematogen (qon orqali organizmga tarqaluvchi) infeksiyalar, infeksion endokardit (yurak xastaligi), glomerulonefrit(buyrak kasalligi) rivojlanishi mumkin.

Gingivitning oldini olish uchun og‘iz gigiyenasi qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi. Har kuni ertalab va kechqurun ovqatlangandan so‘ng ikki mahal 2-3 daqiqa davomida tish tozalanishi zarur. Bemorga bunday holatda qanday tish chyotkasi va pastasidan foydalanish zarurligini shifokor tushintiradi.

 

Matluba NARZULLAYEVA,

oliy toifali shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: