Oqsaroyda yashiringan sinoatlar
Shahrisabzda Amir Temur qurdirgan Oqsaroy majmuasi Sharq me’morchiligining nodir namunasi hisoblanadi. Istiqlol sharofati bilan ushbu ko‘hna yodgorlik qayta chiroy ochdi.
Bino qurilishi tarixini o‘rgangan taniqli muhandis-me’morlar ajdodlarimizning yuksak aql-zakovatiga yana bir bor tahsin aytish barobarida unda yashiringan sir-sinoatlarni keng jamoatchilikka oshkor etdi.
Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, Oqsaroy 1380–1404 yillar oralig‘ida qurib bitkazilgan. Unda butun bir inshootsozlik sirlari mujassam, desak xato bo‘lmaydi. O‘lchamlarining kattaligi, salobati bilan boshqa obidalardan ajralib turadi. Uning tarhi o‘ziga xos shaklga ega va bu uslub boshqa obidalarda qo‘llanilmagan. Bino o‘lchami, asosining yuzasi va o‘zaro qat’iy tartib bilan joylashgan to‘rt burchakli qismlar miqyosi shunchaki tanlanmagan. Buni geometrik, matematik g‘oyalarni o‘zida jo etgan aniq bir figura sifatida tasavvur etish ayni muddao bo‘lardi. Mutaxassislar fikricha, yuksak me’morchilik ilmi bino shakliga yashirin muhrlangan va uni bir qarashda anglash mushkul.
Bino salobatiga nazar solsangiz, uning yuki bir-biriga mos ikki poydevorga tushib turganiga guvoh bo‘lasiz. Hisob-kitoblarga qaraganda, inshootning umumiy og‘irligi 40-42 ming tonna bo‘lgan va ushbu miqdor mazkur ikki poydevorga teng taqsimlangan. Obida poydevorining har bir kvadrat metr yuzasiga 90-100 tonnadan ziyod og‘irlik yuki to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda zamonaviy 16 qavatli imorat poydevorining bir kvadrat metr sathiga beradigan zalvori 20-25 tonna atrofida bo‘lishi lozim. Bundan ko‘rinadiki, o‘sha davr me’morlari shunday jumboqqa ham mukammal arxitekturaviy yechim topgan va uni amalda qo‘llay bilgan.
Ayni paytda binoning seysmik mustahkamligi ham ta’minlangan. Bunga turlicha balandlikka va hajmga ega bo‘lgan, lekin yaxlit binodan poydevorga tushadigan og‘irlik yukini poydevor yuzasida tekis taqsimlash orqali erishilgan. Bular zamonaviy bilim va hisoblash texnikasi bilan qurollangan hozirgi davr mutaxassisi uchun ham chuqur bilim talab etadigan masalalardir.
Oqsaroyni bunyod etuvchi me’morlar binodan tushadigan og‘irlik kuchining bir xilda tarqalishini ta’minlovchi ajoyib usulni o‘ylab topishgan. Obidaning turli balandlikdagi qismlaridan tushadigan zalvorning yerga bir xilda tarqalishiga erishish uchun poydevor sathlarining shu sathga tushadigan og‘irlikka mutanosib ravishdagi mos miqdorini hisoblab topganlar. Binoning o‘ng va chap poydevorlari oralig‘idagi masofa o‘lchami va ular orasidagi maydon sathi shunchalik mohirona tanlanganki, bunday yechimni amaliyotda qo‘llash uchun inshootsozlik bilimlarini chuqur bilish talab qilinadi.
Sinchkov odam imorat tarhiga nazar solsa, uning “j” harfi shaklining yarmiga o‘xshab ketishini anglaydi. Umrboqiy qadimiy inshootlarning poydevori asosan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilgan. Bu sinoat bilan qiziqqan muhandis-me’morlar poydevorining shakli turlicha bo‘lgan 10 ta qadimiy va zamonaviy binoni tanlab olib, ularning og‘irlik markazlarini hisoblab chiqqan va kompyuterga eng zilzila bardosh bino poydevori qanday ko‘rinishda bo‘lishini aniqlash vazifasini yuklagan. Kompyuter har safar “j” harfiga o‘xshash shaklni ko‘rsatgan. Bu esa Amir Temur hukmronligi davrida me’morchilik o‘z rivojining eng cho‘qqisiga yetganiga ishoradir.
Bino ajdodlarimizning matematika, geometriyaga oid bilimlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, uni muhandis-quruvchilar geometriyaning “kichik qomus-annotatsiyasi”, deb atashmoqda. Shuningdek, obida tarhi, uning qismlari, fasadini chuqur o‘rganish jarayonida ularda astronomiya ilmiga oid ma’lumotlar ham borligi aniq ravshan ayon bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, birgina Oqsaroy misolida ajdodlarimiz inshootsozlik sohasida jahon ahliga o‘rnak bo‘larli ishlarni amalga oshirganiga to‘la ishonch hosil qilish mumkin. Ularning aql-zakovatiga lol qolmaslikning imkoni yo‘q.
Akram HASANOV,
tarix fanlari nomzodi