Tibbiy savodxonlik “alifbo”si qo‘l yuvishdan boshlanadi
Oilada tarbiyaning eng muhim jihatlaridan biri bu farzandingizning bolaligidan gigiyenik malakalarini mustahkamlash va shu odatlarni shakllantirish hisoblanadi.
Ko‘zimizga toza ko‘ringan qo‘lda ham kasallik qo‘zg‘atuvchi ko‘pgina mikroblar bo‘ladi. Ular turli xil yuqumli me’da-ichak tizimi xastaliklari hamda gijja kasalligining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, albatta, bolalarda ko‘chadan uyga kirgach, uy hayvonlari bilan o‘ynaganda, hojatxonadan chiqqach, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarini albatta sovunlab yuvish odatini oilada bolalikdan shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Kattalar esa har gal pul sanaganlaridan so‘ng qo‘llarini sovunlab yuvishlari zarur.
Ko‘pincha barmoqlarning yuza qismi oralari va tirnoqlar atrofi chala yuviladi. Chala yuvilgan qo‘l salomatlikni saqlash kafolatini bera olmaydi. Iflos qo‘l-yuqumli kasalliklar manbai hisoblanadi.
Qo‘llarni yuvish malakasini ikki yosh bo‘lgan bolalar egallay oladilar. Ularni tozalab yuvish uchun yenglar shimiriladi. Agar katta odamning taqinchog‘i bo‘lsa, u yechiladi. Qo‘llar sovunlanadi. Ular bir-biriga ishqalanadi. Barmoqlar orasi va tirnoqlar ham ishqalab yuviladi. Keyin qo‘l panjalari sovun ketguncha yaxshilab chayiladi. So‘ngra shaxsiy toza sochiqqa artiladi.
Bolaga qo‘llarini sekin-asta, kiyimi va atrofga sachratmasdan yuvishga odatlantiring. Uning har bir harakati to‘g‘ri bajarilishini nazorat qiling.
Gigiyenik malakani to‘g‘ri shakllantirish va uni mustahkamlash uchun farzandingizni takror va takror mashq qildirish zarur.
Kichkintoyga biror harakatni o‘rgatayotganda uning yoshi va rivojlanish darajasini hisobga oling. Shirintoyga u eplay olmaydigan talablarni qo‘yilishi unda o‘z kuchiga ishonmaslik hislarini paydo qilishi mumkin. Malakani egalashning o‘zi uni odatga aylandi degani emas. Buning uchun uni muayyan sharoitlarda muntazam takrorlab turish kerak.
Ota-ona bolaga o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik lozim.
Odatlarni shakllantirishda ota-onalarning xatti-harakatlari, ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.
Agar ota yoki ona farzandiga gigiyenik malakani o‘rgatsayu, lekin o‘z unga amal qilmasa bolada ham bu odat sifatida shakllanmaydi. Bolada odat mustahkamlanguncha kattalar doim uni nazorat qilib turishlari maqsadga muvofiqdir.Uning to‘g‘ri hatti-harakatlarini rag‘batlantirib turing. Ota-onaning ma’qullashlari bolada bundan keyin ham xuddi shunday ish tutish istagini uyg‘otadi. Qo‘rs va asabiy ohangdagi qo‘pol muomala farzandingizda to‘g‘ri odat hosil qilishga yordam bermaydi. Aksincha unda talab etilayotgan harakatga ko‘ngilsiz bir narsa sifatida qarashga majbur qiladi.
Kichik yoshdagi bolalarda gigiyenik malakalarni mustahkamlash va odatlarni shakllantirishda kattalar o‘z talablarini o‘yin shaklida ifodalasalar, ular uchun yanada osonroq, tushinarliroq bo‘ladi.
Ota-onaning yakdilligi gigiyenik odatlarni shakllantirishda juda muhim. Ona qo‘yayotgan talabni ota inkor qilib tursa, yoki aksincha bo‘lsa, bolada gigiyenik odatning shakllanmasligiga olib keladi. Va farzandingiz ikki o‘rtada asabiy bo‘lib ulg‘ayadi.
Bolada gigiyenik malaka va odatlarni shakllantirishda sabrli bo‘ling. Uning uchun sarf qilgan mehnatingiz samarasini farzandingiz salomatligida hamda uning erishgan yutuqlarida ko‘rasiz, albatta.
Maxsuma IBRAGIMOVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti OAV bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i