Xayr-saxovat ulashgan temir karvon
Keksalarimiz har gal duoga qo‘l ochganda, avvalo, tani sihatlikni, yurtga tinchlik-omonlikni tilaydi. Chunki, jismu joni salomat insongina hayotdan zavqlanib yashaydi, orzularining ro‘yobi uchun intiladi. El-yurt koriga yaraydi. Osuda yurtda esa odamlar mustahkam oila barpo etadi.
Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoyalash, fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartidir. Shu bois, yurtimizda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar hamda yolg‘iz qariyalarga insonparvarlik, mehr-muruvvat yordamlarini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etib, ehtiyojmand insonlarga, olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga tibbiy-ijtimoiy ko‘mak berayotir. Joriy yilning 22-28 mart kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan bu galgi “Salomatlik” poyezdi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining chekka qishloqlaridagi aholiga muruvvat yordamlari va tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Bu yurtda inson aziz
Zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan poyezd Uzun tumanidagi “Sariosiyo” temir yo‘l bekatiga yetib keldi. Vokzal bayramona bezatilgan. Barcha yig‘ilganlarning yuz-ko‘zida tabassum, quvonch… Ayniqsa, mezbonlarning ushbu tadbirga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rgani, ularning nigohlaridan sezilib turardi. Mehrning qudratini qarangki, ular bilan xuddi uzoq yillik qadrdonlardek ko‘rishib, bir zumda samimiy suhbat boshlanib ketdi.
Xayriya aksiyasi davomida poytaxtdan kelgan tajribali shifokorlar “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hamkorligida chekka va tog‘li qishloqlarda yashayotgan aholi, ayollar hamda bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Shu o‘rinda
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida “Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan xayriya aksiyasi mobaynida jami 2 milliard 624 million 975 ming so‘mlik insonparvarlik yordami yetkazib berildi.
– Malakali shifokorlar tomonidan dastlab Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlarida yashovchi aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati filiali rahbari Hulkar Egamberdiyeva. – Kasallik aniqlangan bemorlarga maslahat va tavsiyalar berildi, ular shifoxonalarda davolanishga yo‘naltirildi. Ayrim bemor bolalar chet ellik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish va xorijda davolash uchun tegishli tartibda ro‘yxatga olindi.
Viloyatning “Qumqo‘rg‘on”, “Boysun”, “Darband” temir yo‘l bekatlarida Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Boysun kabi tumanlarda istiqomat qilayotgan 1 ming 300ga yaqin kishi, jumladan, ayollar va bolalar mutaxassis-shifokorlar qabulida bo‘ldi. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida o‘tkazilgan tekshiruvlarda yurak qon-tomir tizimi, nafas olish, ovqat hazm qilish, kamqonlikning turli darajalari, asab va endokrin kasalliklar, tayanch-harakat tizimi, stomatologik va boshqa xastaliklar aniqlandi.
– Anchadan buyon o‘zimni behol his etayotgandim, – deydi boysunlik 67 yoshli Nortosh momo Bekmatova. – Bugun tajribali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Buyrak va o‘t pufagimda o‘zgarish borligini, zarur muolajalar olishim kerakligini aytishdi. Qolaversa, kelinim va nevaram ham tekshiruvdan o‘tishdi. Ilohim, shifokorlarimizning qo‘llari dard ko‘rmasin.
Aksiya doirasida viloyatning chekka hududlarida yashayotgan 1 ming 500ga yaqin ehtiyojmand insonlar, kam ta’minlangan oila farzandlari va nogironlarga dori-darmon, poyafzal, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachasi, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.
– Taqdir ekan, uzoq vaqt to‘shakka mixlanib qoldim, – deydi sariosiyolik I guruh nogironi Tohir Ashurov. – Bugun menga nogironlik aravachasi taqdim etildi. Bunday e’tibor uchun hukumatimizdan minnatdorman.
Salomatlik kunlari Qumqo‘rg‘on, Boysun tumanlari tibbiyot birlashmalari, viloyat endikrinologiya dispanseri, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi, Termiz shahridagi 12-“Mehribonlik uyi” va Sho‘rchi tumanidagi maxsus maktab-internatiga zarur dori-darmon, tibbiy anjomlar, vitaminlar bilan to‘yintirilgan oziq-ovqat mahsulotlari, badiiy-ijtimoiy kitoblar, sanitariya-gigiyena vositalari va oyoq kiyimlari topshirildi. Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Shu o‘rinda
Ushbu aksiya doirasida 2 ming 810 nafar kishiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Ko‘rikdan o‘tganlarning 1 ming 748 nafarini ayollar, 714 nafarini bolalar va o‘smirlar, 617 nafarini nafaqadagilar, 173 nafarini esa nogironlar tashkil etdi. Malakali tibbiy tekshiruvlar davomida bemorlarga shifokorlar tomonidan tavsiya va maslahatlar berildi.
Muruvvvat sarhad bilmas
Navbatdagi manzilimiz Qashqadaryo viloyatining “Oqrabot” va “Dehqonobod” temir yo‘l bekatlari bo‘ldi. Mazkur hudud tog‘, qir-adirlardan iborat bo‘lgani uchun erta tongdan aholi uzoq masofalardan bizni kutib olishga yetib kelgan. Ob-havo biroz sovuq bo‘lishiga qaramay, odamlarning kayfiyati chog‘…
Shifokorlar va fond mutaxassislari keksalik va og‘ir xastalik tufayli tibbiy ko‘rikka kelolmagan bemorlar xonadonida bo‘lib, ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi. Dehqonobod tumani Guroti qishlog‘ida yashayotgan Rajab bobo Boltayev 83 yoshda. Mutaxassislar bemorning kasallik tarixini o‘rganib, unga tegishli tavsiyalar berdi.
– Butun umr shu tog‘lar etagida chorvachilik bilan shug‘ullandim, – deydi Rajab bobo. – Uyimizga kelgan shifokorlar sog‘lig‘imni tekshiruvdan o‘tkazishdi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Ushbu xonadondan chiqib borar ekanmiz, otaxonning qo‘l ochib duo qilgani dilimizni xushnud etdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida aholini ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Qashqadaryo viloyati filiali rahbari G. Sharipova. – Aksiya kunlari nogiron bolalar, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 ming 66 nafar fuqaroga oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, o‘quv qurollaridan iborat muruvvat yordami ko‘rsatildi.
Xulosa o‘rnida
Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz davomchisi – farzandlarimiz salomatligini asrash – bu millatni, xalqni asrash demakdir. Binobarin, ayolga, onaga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Prezidentimiz tomonidan 2017 yilni mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nomlanishi zamirida ham ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam. O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish ushbu olis safarimizning oliy maqsadi edi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
Toshkent-Surxondaryo-Qashqadaryo-Toshkent