Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor yanada rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Ushbu qarorda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, ayni paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari ta’qiqlangan edi. Mazkur qarorga binoan endi ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Ruxsat etilgan tibbiy xizmat turlariga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qo‘yish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik va tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar kiritildi.
Mazkur qaror xususiy tibbiyot muassasalariga keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar berilgani bilan ham alohida e’tiborga loyiq. Xususan, ushbu muassasalar 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Taqdim etilgan soliq imtiyozlari hisobidan tejalgan mablag‘larning bir qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Bunda mazkur ro‘yxatni tibbiyot muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Alohida ta’kidlash lozimki, qishloq joylarda va chekka tumanlarda tibbiyot sohasida xususiy sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qarorda qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarorda xususiy tibbiyot muassasalariga litsenziya berishni sezilarli darajada soddalashtirish va muddatlarini tezlashtirish, jumladan, litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorni 30 kundan 20 kungacha qisqartirish, litsenziya berish uchun davlat bojini eng kam ish haqining 10 barobaridan 5 barobarigacha kamaytirish nazarda tutilgan.
Dasturda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun ularni bino va xonalar bilan ta’minlashga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga foydalanilmayotgan binolar, ob’yekt va xonalarni, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida tugatilayotgan muassasalarning davlat mulki bo‘lgan ob’yektlarini aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’yektlariga “nol” qiymatida belgilangan tartibda bepul sotish, bunda mulkdorlar investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha majburiyatlarni zimmasiga olishini ta’minlash vazifasi topshirildi.
Shu bilan birga, kichik tadbirkorlik sub’yektlari, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga davlat mulkini ijaraga olishning maksimal muddatini amaldagi normalarga muvofiq 5 yildan 10 yilgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda sog‘liqni saqlash muassasalarining davlat mulkidan foydalanish uchun ijara to‘lovining eng kam stavkasini 20 foizga qisqartirish nazarda tutilgan.
Yangi tibbiyot ob’yektlari barpo etadigan va mavjudlarini rekonstruksiya qiladigan xususiy tibbiyot muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa vakolatli organlarga ularning muhandislik-kommunal infratuzilma ob’yektlaridan hech qanday to‘siqlarsiz foydalanishini e’tiborga olgan holda, ularga yer uchastkalari, bino va xonalar ajratish vazifasi topshirildi.
Xususiy tibbiyot muassasalariga kredit ajratish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “O‘zmed-lizing” ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav kapitalini ko‘paytirish orqali, shuningdek, xorijiy investorlar mablag‘larini jalb etish hisobidan tibbiyot muassasalariga zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar xarid qilish hajmini kengaytirish va lizingga berish chora-tadbirlari to‘g‘risida aniq takliflar kiritish topshirildi.
Tijorat banklariga xususiy tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun iste’mol kreditlari taqdim etish tavsiya etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qarorda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlashga jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslar daromad solig‘i hamda yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod etilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasiga O‘zbekistonda Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari hamda klinikalari bilan hamkorlikda yirik davolash-tashxis qo‘yish muassasalari tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish tavsiya etildi. Bunda qarorga ko‘ra xususiy tibbiyot muassasalarining xorijlik xodimlari boshqaruv personali sifatidagi faoliyatidan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Shuningdek, qarorda tibbiy sug‘urta sohasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solish, ixtiyoriy va majburiy tibbiy sug‘urtaning huquqiy asoslarini belgilash, sug‘urta polislari bo‘yicha kafolatli yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta tizimida ishtirok etishda rag‘batlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar yaratish va boshqa masalalarga qaratilgan “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.