HAMKORLIK ISTIQBOLLARI
17 sentyabr kuni «Poytaxt» biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlikda «Ekologik axborotning hamkorlikdagi tizimi (SEIS) bo‘yicha boxabarlikni oshirish» mavzusida matbuot anjumani hamda milliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ekologik dasturining “EURECA” “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilash uchun ekologik masalalar bo‘yicha boxabarlikni maqsadli oshirish (AWARE)” loyihasi doirasida tashkil qilindi.
Ushbu anjumanda O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish va Statistika qo‘mitalari, O‘zgidrometereologiya markazi va boshqa ekologik ma’lumotlarni to‘plab tarqatuvchi vazirlik va idoralar, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining (MKVK) Ilmiy-axborot markazi mutaxassislari, ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar, nodavlat va notijorat tashkilotlari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Loyiha 2012-2014 yillarda Markaziy Osiyoning Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uchta yo‘nalishda, ya’ni suv resurslari tozaligini saqlash, uni tejash maqsadida, ishlatib qaytarilgan suvlarni qaytadan suv ta’minotida ishlatish, ekologik axborotning hamkorlikdagi tizimi (SEIS) kabi va boshqa eng ko‘p qo‘llaniladigan amaliyotlar to‘g‘risida, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikning muhim komponenti bo‘lgan barqaror foydalanish, ishlab chiqish va energiyadan foydalanishning samaradorligini oshirish jarayoniga xususiy sektorni jalb qilinishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Nober Justen, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori Talaybek Makeev, Loyiha rahbari Veronika Yudina, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Tolib Sultanov va boshqa tashkilot mutaxassislari ekologik axborotning hamkorlikdagi tizimini (SEIS) Panyevropa mintaqasida yo‘lga qo‘yish tajribasi hamda uni O‘zbekistonda tadbiq etish ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqida gapirdilar hamda o‘zaro tajriba almashdilar.
M.XO‘JAMURODOVA