Qalbni uyg‘otuvchi satrlar

Bemorlik – asli bedorlikdir.

Jaloliddin Rumiy

 

***

Ko‘ngilning qatida nidoga yo‘l bor,

Iymondan kechganga aftoda yo‘l bor.

Yaratgan qoshiga borar yo‘l qayda?

Bemorning qalbidan Xudoga yo‘l bor.

 

***

Olam ellik varaq, yuz varaq kitob,

Kitobga sarlavha erur ofitob.

Bu dunyoning ganji o‘zimman, dema,

Hayot bir jumlayu, chehrang bir niqob.

 

***

Tog‘larni o‘zingga etmagin taqqos,

Mag‘rur cho‘qqilar ham qulaydi gurros.

Anglaysan, bu jonning zaif ekanin

Bemorning qoshida o‘tirsang biroz.

 

***

Xastalik – taqdirning jilovi axir,

Oshiqma, Xudoning sinovi og‘ir.

Qalbingda manmanlik yaprog‘in yoysa,

Jismingda jarohat bo‘ladi zohir.

 

***

Titapoya qildik va katta bo‘ldik,

Birida sog‘likda, bir dardda bo‘ldik.

Zamin ko‘k qoshida yoyilgan rasta,

Ajab savdolardan hayratda bo‘ldik.

 

***

Sog‘ bo‘lsang kiftingga qanot istaysan,

Bemor bo‘lsang sabru sabot istaysan.

Sen qachon tuyasan hayot zavqini,

Qachon bu joningga rohat istaysan?

 

***

Hurkak kiyik nima, bemor nimadir?

Ikkisin ko‘ksida bedor nimadir?!

Ovchi va ajalning pistirmasida

Yana sodir bo‘lar takror nimadir!

 

***

Bemorning duosi daryodir, ko‘ldir,

Hol so‘ra, qalbingni quvvatga to‘ldir.

To‘shakda qo‘l ochib yotibdi, ana,

Jilmayib ol, so‘ra, yugur, bor, ulgur!!!

 

***

Tuppa-tuzuk edi, qochibdi tobi,

Yotibdi, ko‘ksida hayot kitobi.

O‘qidi, angladi hikmatin, biroq

So‘nganda quvvati, shahdi-shitobi.

 

***

Koinot oldida zamin bir nuqta,

Kuching yetar bo‘lsa, sen Yerni to‘xtat!

Ey odam, jar solma, ovloqda turib,

Bugun sog‘, erta sob, indinga rixlat…

 

Faxriddin Hayit

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: