Qilichbozlik
Qilichbozlik – o‘rta asrlarda Fransiyada paydo bo‘lgan. Keyingi yillarda yurtimizda ushbu sport turini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Sport zaliga kelsangiz, o‘ziga xos oppoq tusdagi maxsus kiyimlarda chaqqonlik bilan mashq qilayotgan bolalarni ko‘rib, beixtiyor, ularga havas qilasiz.
Shahlo QURBONOVA,
nevropatolog:
– Qilichbozlikning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u tanadagi barcha mushaklarni faol harakatlantiradi. Bu jarayon butun organizmga ijobiy ta’sir qiladi. Bolalarning koordinatsiyasi, tezkorligi, bardoshi, zehni oshadi. Mazkur sport turi nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Qilichbozlik bilan shug‘ullanganlar ortiqcha vazn muammosidan xalos bo‘ladilar. Bir necha soatlik mashg‘ulotlar jarayonida sportchi ikki yarim kilogramgacha ozishi kuzatilgan. Demak, kamharakatlilik muammosi dolzarb bo‘layotgan bugungi zamonda sportning bu turi ko‘pchilikka ma’qul kelishi, shubhasiz. Qilichbozlik kontaktsiz yakkakurash bo‘lib, boshqa sport turlariga nisbatan atletlarning jang paytida jarohat olish ehtimoli kamdir. U bilan murabbiy nazorati ostida shug‘ullanish lozim.
Nurali NOSIROV,
murabbiy:
– Qilichbozlik mashg‘ulotlariga qiz va o‘g‘il bolalarni 9-10 yoshdan qabul qilamiz. Ma’lumki, bu sport turining uchta – shpaga, sablya, rapira kabi yo‘nalishlari mavjud. Misol uchun shpaga yo‘nalishi bilan bo‘yi baland bolalar shug‘ullangani ma’qul. Sablya va rapira bilan mashq qilish uchun esa bo‘y-bastning ahamiyati yo‘q. Bunda qiziquvchilarning chaqqonligi, epchilligi muhimdir.
Mashq qilish jarayonida bolalar qomatlarini tik tutishni o‘rganishadi. Maxsus maska – setka ostidan qarash orqali 9-10 yoshdagi bolalarning ko‘rish qobiliyati yaxshilanadi.
Qilichbozlikda chaqqon harakatlanish uchun gimnastika va akrobatika, jangga kirishishda yakkakurash sport turlari, raqibini yengish taktikasini o‘ylash uchun shaxmatning o‘ziga xos jihatlari talab etiladi. G‘olib bo‘lish uchun sportchilar mohir shaxmatchilar kabi mulohazali bo‘lib, mantiqiy fikr yurita olishlari zarurdir. Bu sport turi bolalarni bardoshli, irodali, epchil qilib tarbiyalaydi.
Yulduz ORTIQOVA