Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi – sifatli mahsulot namoyishi
Mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalari xomashyo, butlovchi qismlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berish, korxona, tashkilot, muassasalar va tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir.
“O‘zekspomarkaz”da sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari hamda Ta’lim va ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari majmualarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi va ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar, yengil sanoat mahsulotlari, mebellar, sport anjomlari, maishiy texnika vositalari ishlab chiqaruvchi 530 dan ortiq korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yekti ishtirok etmoqda.
“O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni stendida mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar keng namoyish etilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150 yaqin farmatsevtika korxonasida 2 ming turdan ortiq dori-darmon ishlab chiqarilmoqda. Ushbu samarali shifo vositalaridan mamlakatimiz tibbiyotida keng foydalanish barobarida ular dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda.
Farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarish jarayoni yildan-yilga takomillashayotir. 2016-2020 yillarda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, yangi farmatsevtika korxonalarini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga doir 67 investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu aholi va tibbiyot muassasalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga erishishda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Ushbu yarmarkada quyosh fotoelektr stansiyalari, suv isitish kollektorlari, shamol generatorlari, biogaz qurilmalari keng namoyish etilayotir.
Yarmarka maydoni juda keng, mahsulotlarning turi ham xilma-xil. Ular orasidan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlari, charm-poyafzal, sanitariya-gigiyena vositalari, maishiy texnikalar, sport anjomlaridan tortib axborot texnologiyalari mahsulotlarining ham keng assortimentlarini topish mumkin.
Maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot, sport muassasalari va uy-joylar uchun jihozlarning minglab turlari namoyish etilayotgan stendlardan har bir inson o‘z didi, ish va yashash joyiga mos mebelni tanlab sotib olishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Yarmarkada sport anjomlari, ayniqsa, futbol, voleybol, basketbol, gandbol to‘plari katta-yu kichikni o‘ziga jalb etmoqda.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida qator korxonalarning taqdimotlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
N.NORBOBOYEV