Geliomagnit bo‘ronlar xuruji
Davomi. Boshi o‘tgan sonda: Geliomagnit bo‘ronlar xuruji
U organizmga qanday salbiy ta’sir etadi?
Cho‘g‘day quyosh nurlari qora bulutning bir uchiga yopishib oldi-da, bir onga qotib qoldi. Keyin esa gorizont ortiga dumalab ketdi. Qosh qorayganda qizg‘ish-olovrang tusli havo shahar ustini qopladi. Bugungi kun avvalgilaridan ancha farqli bo‘ldi.
Erta tongdan negadir ko‘pchilik bosh og‘rig‘idan, yomon kayfiyatidan, yurak sohasidagi og‘riqlardan shikoyat qildi. Shu kuni poliklinikada bemorlarning katta oqimiga ko‘nikib qolgan nevropatolog va terapevtga yana navbat ancha ortdi.
Ko‘pchilik uchun bu kun juda noxush kechdi. Bemorlarda stenokardiya (yurak sohasidagi og‘riq) xuruji kuchaydi. Ularda arterial qon bosimi ko‘tarildi. Bir kun o‘tgach yana hammasi o‘z joyiga tushdi. Ikki-uch kundan keyin esa bo‘lib o‘tgan voqealarni hamma unutib yubordi. Afsuski, bu hodisalar qaytarilib turardi. Ba’zan esa qulog‘imizga atrofdagilarning “mazam qochayapti, bugun magnit bo‘ronlari kuzatiladi chog‘i”degan so‘zlari chalinib qoladi.
Ko‘rinishidan qandaydir tashqi turtkilar xasta odamlar vujudidagi salbiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi. Ha, haqiqatdan ham bugun geliomagnit bo‘ronlar xuruji bo‘lganga o‘xshaydi.
Redaksiya izohi: Geliomagnit bo‘ronlar xuruj qilgan kunlarda bemorlar jigarrang olma sirkasini tizzagacha surishlari lozim. Shunda tomirlar kengayib, qon bosimi tushadi. Yana turli meva-sabzavot sharbatlari hamda gazsiz mineral suv, ko‘k choy ichish foydali. Chunki, qon quyuq bo‘lsa ham tomirlarda tiqilma hosil qilib, bosim ko‘tariladi. Suyuqlik ichish va meva-sabzavot hamda parhez taomlar iste’mol qilish ham organizmdagi ortiqcha xiltlarni yumshatib, ularning tanadan chiqib ketishiga yordam beradi. Ammo, shuni yodda tutish kerak-ki allergik kasalliklarga moyilligi mavjud hamda terisi shikastlangan bemorlarga olma sirkasini surtish tavsiya etilmaydi.
Bioritmologiya fani istiqbollari
Fransuz xronobiolog olimi De Meranning kuzatuvlaridan tortib, bizning davrimizgacha o‘tgan 250 yil mobaynida xronobiologiya katta va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Insonning kosmosga chiqishi ham bu fanning tez rivojlanishiga sabab bo‘ldi.
De Meran tomonidan kashf qilingan biologik tebranishlar uchun amerikalik olim F. Xalberg “sirkad ritm” tushunchasini kiritdi. Aynan shu tushuncha Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi bilan bog‘liq ritmlarning kelib chiqishini yanada aniq tushintirib beradi. Biologik jarayonlarning davriyligini tahlil qila turib, olim shuni aniqladiki, sikllar uzunligi yo bir kecha-kunduzdan ortiq, yo birmuncha kamroq. Shuning uchun bu ritmlarni sirkad – bir kun atrofida deb atadi.
Sirkad ritmlar yer yuzidagi barcha narsa uchun umumiy, ular keng tarqalgan va hayratga solar darajada muntazamdir. Bu sohada kashfiyotlarning amaliy ahamiyati ulkan. Hozirdayoq bir kecha-kunduz davomida zahar, dorivor moddalar, davolash muolajalari ta’sirlarining farqli ekani ma’lum. Shu tarzda xronobiologiyaning yangi tarmog‘i – xronoterapiya dunyoga keldi. Keyingi yillarda olingan ma’lumotlar transmeridianal(meridianlararo, ya’ni, qit’alararo) va kosmik parvozlarni tashkil qilishga ko‘mak bermoqda.
Tirik tizimni vaqt bo‘yicha tashkillashtirish bu tashqi muhit sharoitida organizmning ritmik faoliyat yuritishini uch o‘lchamli makonda to‘rtinchi o‘lcham – vaqtga moslashtirish muhim. Boshqa muhitda organizm yashay olmaydi. Biokimyoviy jarayonlarning ritmikligi yo‘qoladi. Natijada desinxronoz paydo bo‘ladi.
Xronobiologiya – yosh fan. Uni rivojlantirishda tadqiqotchilar ko‘p-lab g‘aroyib kashfiyotlar qilishlari shubhasiz. Ular nafaqat odamning yer va kosmik makonni o‘zlashtirishiga, balki xalq xo‘jaligining ko‘plab muhim masalalarini hal qilishiga ham turtki beradi. Bioritmologiya tibbiyot oldida ham inson salomatligi va uning uzoq umr ko‘rishi yo‘lidagi kurashda yangi ufqlarni ochib bermoqda.
Ichki biologik soat nazorati
Hech bir shubha yo‘q-ki, organizmda ichki biologik ritm bor. Lekin biz uni boshqara olamizmi?! Uning qa’tiy nazoratidan qutula olamizmi?!
Bu savollarga javob topish uchun tarixga murojaat qilamiz. Nemis tabiatshunosi K. Fogt o‘tgan asrning oxirlarida Shimolga safar qilgan ekspeditsiya a’zolarining boshidan kechirganlarini shunday ta’riflab bergan edi: “Olti oy mobaynida biz quyoshning botishini ko‘rmaganmiz. Ikki oydan ortiqroq tunni his qilmaganmiz. Birinchi kunning azobidan keyin tezda boshqarib bo‘lmaydigan asabiylashuv va behollik kuzatiladi. Uxlaging keladi, ammo uxlay olmaysan. Organizm ko‘nikkan qorong‘uda uxlash odatidan qutula olmaysan. Har kuni quyosh ufq ortiga yashirinadigan soniyalarni kutasan va faqat oftob chiqishidan oldin o‘ringa yotasan-u, lekin tetiklantiruvchi uyqu bo‘lmaydi”.
Qutb kechasi sharoitida yashab, ishlaydiganlarning ham ahvoli bundan yaxshi emas:”Qutb kechasi paytida ishlash qobiliyati ancha tushadi, loqaydlik paydo bo‘ladi. Odamda ichki tartibsizlik, ruhiy beqarorlik ortadi. O‘ta tartibli odamlar ham pala-partish bo‘lib qoladi”, – deb yozgan edi Vrangel orolida qishlovchi A. Mineev.
Agar inson o‘zi uchun odatiy sharoitda yashayotgan bo‘lsa odam vaqt o‘tishini his etadi. Hatto, uni organizmning ichki o‘lchamida yetarlicha aniq hisoblaydi. Ular o‘zgarishi bilanoq vaqt juda sekin o‘ta boshlaydi yoki yuguradi. Vaqtni hisoblashda ruhiy vaziyat muhim ahamiyat kasb etadi. Fransuz speleologi (g‘orshunos) M. Skiff 40 kecha-kunduzdan ortiq vaqtni yolg‘izlikda o‘tkazib, bu kunlarni u 25 kunga tenglashtirgan edi.
Vaqtning inson tomonidan idrok qilinishi – miyaning voqealar o‘zgarishi haqidagi ma’lumotni baholash xususiyatidir. Tirik xronometr ishida muhim o‘rin tutadigan voqealar o‘zgarishi bu tun va kunning almashinishi sanaladi. Bu ma’lumotga aloqador ichki biologik soatning yurishi barqaror bo‘ladi. Shu bilan birga organizm ichida vaqtni aniqlagich ham mavjud bo‘lib, u organizmda hech qanday tashqi ta’sirga bog‘liq bo‘lmagan ritmik tebranishlarni hosil qiladi. Odatiy sharoitlarning har qanday o‘zgarishi, kun – tunning tabiiy ritmik almashinuvining buzilishi ichki biologik soat va vaqtning tashqi datchigining kelishmovchiligiga olib keladi. Natijada odam organizmida desinxroz paydo bo‘ladi.
Bu hushyor mexanizmlar qanday yaratiladi? Biz ularni dunyoga kelganimizdan ota-onamizdan “meros” qilib olamizmi yoki hayotimiz davomida shakllantiramizmi? Bu savollarga qisman javob bioritmologiya guruhi xodimlari tomonidan olingan. Fiziologik funksiyalarning bir kecha-kunduzlik ritmi bola tug‘ilganidan keyin darhol paydo bo‘lmaydi. Unda qachon yuzaga keladi?! Bir haftadan keyinmi, bir yildan keyinmi? Mazkur savolga javob berish uchun tadqiqotchilar homila va onaning biologik ritmi ustidan kuzatuv olib borishdi. Ularning o‘zaro mos kelishi biologik soatning “meros” olinishi tabiatini tasdiqlar, mos tushmasligi esa bu gipotezani rad qilar edi.
Olimlar ayollarda homiladorlikning so‘nggi oylarida tomir urishini hisoblab, onaning yurak qisqarishlarining yaqqol kecha-kunduzlik ritmini hamda homilada uning butunlay yo‘qligini aniqlashdi. Bola tug‘ilganidan keyin oltinchi haftadan boshlab tomir urishida ayrim davriylik yuzaga keldi. Asta-sekin u aniqroq namoyon bo‘la boshladi. Bir kecha-kunduzlik tebranishlar amplitudasi ham o‘sdi. To‘g‘ri, bu, asosan, tungi vaqtda tomir urishi pasayishi hisobiga ro‘y berdi.
Bu ikki muhim ma’lumot asosida shuni tasdiqlash mumkinki, bir kecha-kunduzlik biologik ritm o‘sayotgan organizmda tashqi sharoitlar ta’sirida yuzaga keladi. Biroq, boshqa yo‘li ham bor. Tasavvur qiling, odam organizmida u tug‘ilgunga qadar mavjud bo‘lgan qandaydir bir ichki ritm mavjud bo‘lib, nur va qorong‘ulik kabi vaqtning tashqi omillari yordamida atrof-muhitga asta-sekin moslashadi. Bu taxminiy fikrni tekshirish ancha qiyin. Boshqa tadqiqotchilarning kuzatishlari bizga yordam berdi.
Nemis olimi T. Xelbryugge uch oy mobaynida 96 nafar bolani uzluksiz kuzatib bordi va ularda 627 ta bir kecha-kunduzlik ritmni tahlil qildi. Olingan natijalar quyidagi dalilni isbotlash imkonini berdi: “Bir kecha-kunduzlik ritmning rivojlanishi uchun tashqi omillar homilaning ona qornida rivojlanish jarayonidagi tugallikka nisbatan kam ahamiyatga ega. Shu bilan birga turli funksiyalarning bir kecha-kunduzlik ritmi tug‘ilgandan keyin har xil muddatlarda namoyon bo‘la boshlaydi”.
Inson nafaqat kosmosni, balki ulkan okean ostini ham o‘zlashtirmoqda. Bu esa odamning ichki biologik soati va uning biologik ritmlari yana qanday katta imkoniyatlarga ega ekanligini olimlar bilishi kerak.
Dinora ILHOMJONOVA,
Turon FA akademigi,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent