Mehr ila yorug‘dir qalblar
“Hayoti-yu turmush tarzidan noliydigan, to‘rt muchasi sog‘, jismonan va aqlan yetuk, shoshmashosharlik va o‘tkinchi hoyu havaslarga ishonib, yaqin qarindoshlari bilan quda-andachilik qilayotgan yoxud hali kasb-hunar kollejini tamomlamagan, “g‘o‘r” qizini erta turmushga uzatayotgan ayrim kimsalar, shu yerga kelib, ko‘zlaridan mehrga muhtojligi balqib turgan bolalar bilan oz bo‘lsa-da muloqot qilishsa, ular umrining har bir lahzasidan hikmat izlab, shukronalik bilan hayot kechirishi aniq”.
Bu Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyidagi tarbiyalanuvchilarning ba’zilari bilan suhbatlashgan chog‘imda xayolimni band etgan o‘ylardir.
Chindan ham zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan mazkur “mehr imorati”ga qadam ranjida aylagan har bir insonning ko‘nglini shukronalik tuyg‘ulari chulg‘ab olishi, shubhasiz. Qirq sakkiz yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan internatda ayni paytda 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan irsiy, o‘ta og‘ir, chuqur darajadagi ruhiy kasallik bilan dunyoga kelgan, imkoniyati cheklangan 253 nafar tarbiyalanuvchi kamol topmoqda. Ularning uch mahal issiq ovqat, sharbat-u shirinliklar, vitamin va mikroelementlarga boy sabzavot hamda mevalarni iste’mol qilishi, har mavsumda ikki-uchtadan ust-bosh va oyoq kiyimlar bilan ta’minalanishi, saxiy va oliyjanob xalqimizning nazaridan sira ham chetda qolayotgani yo‘q. Shuningdek, bu yerdagi 150 nafarga yaqin enaga va tarbiyachilar ota-onasi yo‘q, yetim va vasiylikka olingan bolalar qalbiga shirin so‘z bilan yo‘l topib, ularga yaqinlari berolmagan mehrni tortiq qilishni o‘zlarining muqaddas burchi, deb bilishlari yanada quvonarli. Bu esa o‘g‘il-qizlarning kemtik ko‘ngliga hadsiz shodlik va quvonch ulashmoqda.
– Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq, yurtimizda ertangi kunimizning ishongan tog‘i hisoblangan navqiron avlodning o‘qib-izlanishi, kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, o‘z iqtidorini to‘la namoyon etishi va har tomonlama barkamol bo‘lib kamol topishiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yuksak e’tibor qaratib kelinayotir, – deydi “Muruvvat” nogiron bolalar uyi direktori Xurshidaxon Xalilova. – Bu borada ayniqsa, bag‘rikenglik va saxovatpeshalik qon-qoniga singib ketgan xalqimizning mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlarga ham yetarli shart-sharoitlarni muhayyo etib, otalarcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani yuksak e’tirofga sazovordir. Bizning asosiy maqsadimiz – tarbiyalanuvchilarimizning shaxsiy gigiyenasi va mehnatga bo‘lgan ko‘nikmasini shakllantirish hamda ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlab, tayanch bo‘lishdir. Aksariyat o‘g‘il-qizlarimizning markaziy asab tizimi qattiq shikastlangani uchun muassasamizdagi tibbiy, pedagogik-psixologik komissiya xulosasiga ko‘ra, ularning layoqat darajasiga qarab guruhlarga ajratamiz. Bolalar internat uyidagi barcha tarbiyalanuvchilar o‘tiruvchi, yuruvchi va emaklovchi kabi uch toifaga bo‘lingan. Yuruvchi bolalar juda ham ozchilikni tashkil qiladi. Shu sabab ularni mehnatga o‘rgatish, tayyorlash guruhlariga ajratganmiz. Shuningdek, bolalarning imkoniyat darajasi, layoqatini hisobga olib, turli to‘garaklarni joriy etganmiz. Ular chevarchilik, rasm chizish mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatib, o‘zidagi iste’dodni namoyon qilishga intilishmoqda. Tarbiyalanuvchilarimizning yaratgan ishlari juda zo‘r bo‘lmasa-da, ammo ularning o‘z tushuncha va tasavvuridagi xulosalarini chizayotgan rasmlari orqali namoyon etishi, biz uchun qadrlidir. Bundan tashqari, “Muruvvat” uyida jonli burchak tashkil etilgan bo‘lib, bolalar o‘zlari nom qo‘ygan baliq va turfa xildagi qushlarni parvarish qilishadi. Bu esa ularning tabiat bilan bog‘liq ilk tasavvurlarini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Bir oila farzandlari singari ahillikda voyaga yetayotgan “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilarining har bir kuni mazmunli va qiziqarli o‘tishi uchun tarbiyachilar turli xil o‘yin hamda tomoshalarni namoyish etishadi. Shu bilan birga o‘g‘il-qizlarning immunitetini yanada mustahkamlash, surunkali kasalliklarning oldini olish, ularni ozoda va saranjom-sarishtalikda yurishlariga ham katta e’tibor berilayotir. Ular har yili ikki marta, ya’ni mart va sentyabr oylarida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasida tuzilgan ishchi guruhi a’zolari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib boriladi. Shuningdek, muassasada Navro‘z, Mustaqillik va Yangi yil bayramlari, 1 iyun – Xalqaro bolalar hamda 3 dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kunlari ham ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi. Viloyat va tuman hokimligi, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Respublika jamoatchilik kengashi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi, Andijon viloyat kasaba uyushmasi federatsiyasi, madaniyat va sport ishlari vazirligi tuman bo‘limi va ko‘plab nodavlat-notijorat hamda homiy tashkilotlar bilan hamkorlikda turli madaniy-badiiy tadbirlar o‘tkazish ham an’anaga aylangan.
– O‘tgan yilning dekab oyida poytaxtimizdagi “Istiqlol” san’at saroyida o‘tkazilgan “Mehr qo‘llarini uzataylik” nomli xayriya gala-konsertida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim, – deya cheksiz quvonchini bildiradi muassasa tarbiyalanuvchisi Madinabonu Qobulova biz bilan bo‘lgan suhbatda. – Ayniqsa, dasturda sevimli san’atkorim, “Nihol” mukofoti sovrindori Gulasal Abdullayeva bilan birgalikda “Namangan” qo‘shig‘ini ijro etganimdan judayam xursandman. Bizlarga hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetishimiz uchun mana shunday sharoitlarni yaratib berayotgan muhtaram Yurtboshimizga o‘zimning cheksiz minnatdorligimni bildirib qolaman!
Mirolim ISAJONOV,
Andijon viloyati