Oftobga do‘st
To‘lqin ESHBEKOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
Aziz mushtariylar! Sir emaski, so‘nggi yillarda kitobxonlik masalasi nafaqat davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi, balki kundalik hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib bormoqda. Darhaqiqat, badiiy asar mutolaasiga oshufta qalblar borki, ularda yovuzlik, jaholat botqog‘iga botish kabi yomon illatlar paydo bo‘lmaydi. Chunki, kitob insonlarni ezgulik sari yetaklaydi, ularni ma’nan barkamol qilib tarbiyalaydi. Shu maqsadda biz ham gazetamizda yangi “Kitob – tafakkur xazinasi” ruknini tashkil etish, u orqali taniqli olimlar, filologlar, fan va jamoat arboblari, iqtidorli yoshlarning bu boradagi fikrlarini sizlar bilan baham ko‘rib borishga ahd qildik. Dastlabki suhbatdoshimiz taniqli jurnalist, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent To‘lqin Eshbekov bilan bo‘ldi. Ularning mavzu yuzasidan fikrlari, shirin xotiralari, hayotiy tajriba va tavsiyalarini sizga ham ilindik.
Maktabda o‘qib yurgan kezlarimizda ustozlarimiz bizni kitob o‘qishga undardi. Qaysi fandan saboq bermasin, baribir darslarning ma’lum bir qismini badiiy adabiyotlar targ‘ibotiga qaratar edilar. Hatto, o‘qituvchilarimiz o‘zlari o‘qigan asarlari haqida shunday to‘lqinlanib gapirar ediki, biz darsdan so‘ng albatta, o‘sha kitobni izlab topib, uni qunt bilan o‘qib chiqishga kirishardik. Biz ana shunday ta’lim-tarbiya ta’sirida o‘sdik, ulg‘aydik, bilim oldik. Bolalik yillarimda o‘zim guvohi bo‘lgan yana bir holat bu to‘y va marosimlarda ziyolilarning badiiy asarlardan parchalar keltirishi edi. Ular fikrlarini yig‘ilganlar uchun qiziqarli bo‘lishi uchun she’rlardan foydalanishar edi.
Talabalik yillarim esa shubhasiz, mutolaa pallasi bo‘ldi. Deyarli har kuni kitob do‘konlariga borib, biror bir badiiy asarni xarid qilardim. Talabalar turar joyida istiqomat qilganim, menda nafaqat o‘z shaxsiy kutubxonamdan unumli foydalanish, balki do‘stlarimning javonlaridagi asarlarni ham o‘qib chiqish imkonini bergan. Biz ko‘p hollarda o‘qigan kitoblarimizni do‘stlar davrasida muhokama qilardik. Asarga bo‘lgan qiziqish tufayli u qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketganini sezmay qolardik. Bayram va tug‘ilgan kunlardagi eng yaxshi sovg‘a esa shubhasiz, kitob edi. Talabalik yillarim Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev kabi yozuvchilarning asarlari bilan zavqli o‘tgan.
Bugungi kunga kelib jurnalist sifatida matbuot sahifalarida biror mavzuni yoritish, qolaversa, yosh qalamkashlarga ta’lim berish jarayonida o‘qigan va hali ham mutolaasida davom etayotgan kitoblarim qo‘l keladi. Darslar orqali asarlardagi ulkan ma’naviy mohiyatni talabalar ongiga singdirishga harakat qilaman.
Davlatimiz rahbarining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmonining e’lon qilinishi mamlakatimizni ma’rifatli jamiyat sari yana bir qadam tashlaganidan darak beradi. Ayni damda ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ham Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda har oyda bir necha marotaba kitobxonlik kechalari o‘tkazib kelinmoqda. Quvonarli jihati, har galgi tadbirlarimizda Yozuvchilar uyushmasi o‘zining yuzdan ortiq kitoblarini universitetimiz kutubxonasiga va iqtidorli talabalarimizga sovg‘a qilmoqda. Shuningdek, ta’lim dargohining ko‘plab ijodkor o‘qituvchilari uyushma tomonidan tashkil etilgan kitobxonlik kechalarida ham ishtirok etib kelishyapti. Yaqinda men ham bir guruh hamkasblarim bilan poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 195-umumta’lim maktabida bo‘ldim. U yerda tahsil olayotgan o‘quvchilarga turli badiiy asarlar haqida savollar bilan murojaat qilganimizda, o‘quvchilar shu qadar ziyraklik va donolik bilan javob berdilarki, jarayonni kuzata turib, yoshlarimiz chindan ham kitob mutolaasiga qattiq bel bog‘laganliklarining guvohiga aylandim.
Zamonaviy texnika vositalarining rivojlanishi kitoblarning elektron shakli yaratilishiga sabab bo‘ldi. Bu ham taraqqiyot mevasi. Masalan, biror xorijiy adabiyotning elektron nusxasi kerak bo‘lsa, uni internet orqali topib, mutolaa qilishimiz mumkin. Bu yaxshi, biroq men ana shu elektron manbani kitob holida o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Negaki, muttasil kompyuter yoki telefon ekraniga termulib o‘tirish sog‘liq uchun zarar yetkazadi va fikrni chalg‘itadi. Natijada bir jumlaning mazmunini anglash uchun ana shu so‘zlarga qayta murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Ammo, kutubxonaga borib, yoqtirgan kitobingizni qo‘lingizga olib, o‘qishning zavqi baribir boshqacha.
Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, kitob mutolaasi va u bilan hamohang yashash insonlarni faqat yaxshi amallar sari yetaklaydi. Agar bugungidek sharoit va imkoniyat bizning talabalik yillarimizda bo‘lganida edi, balki hozirgidan-da ko‘proq asarlarni o‘qigan, ularning mohiyatini yanada chuqurroq anglab yetgan bo‘lardik. So‘zim yakunida barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarni kitob bilan do‘st tutinishga chorlab qolaman.
Isfandiyor BURGUTBOYEV yozib oldi.