“Baka-bum-bak”: doira sadosida bayram shukuhi

San’at insonni komillik sari yetaklovchi, ruhiyatiga jo‘shqinlik, qalbiga surur bag‘ishlovchi tilsimdir. Kuy-qo‘shiqqa oshno qalb esa yaxshilik va ezgulikka yo‘ldosh bo‘ladi.

Sozanda Ravshan Yunusov ham bolaligidan san’atga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Otasi Rahmatjon aka o‘g‘lining turli buyumlarni soz qilib chalayotganini ko‘rgach, unga doira sovg‘a qildi. Bundan yosh Ravshanning murg‘ak qalbi cheksiz shodlikka to‘ldi. Keyinchalik bo‘lajak sozanda musiqa maktabida tahsil oldi. Aka-uka Islomovlar va doirachi Abbos Qosimovlardan san’atning sir-asrorlarini puxta o‘rgandi.

– Doira chalish bir qarashda oddiydek tuyulishi mumkin, – deydi Ravshan aka Yunusov, – biroq bu sozga yurak qo‘ringizni, qalb haroratingizni bermas ekansiz, tomoshabinga zavq-u shavq ulasholmaysiz.

Ustaning aytishicha, doira o‘zbeklarning sevimli musiqiy cholg‘u asboblaridan bo‘lib, u o‘nlab temir halqali gardish, yuza qismi esa teri bilan qoplangan aylana shakldagi sozdir. Undan taraladigan sado kishiga ajib ko‘tarinkilik ulashib, insonni beixtiyor raqsga chorlaydi. Doiraning har zarbi yurakdan chiqib, yuraklarga yetib boradi.

Ushbu milliy sozning yaralishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Manbalarda yozilishicha, dastlab zarbli cholg‘ular – nog‘ora, chindovul, childirma, dovul, doira yaratilgan. Ular orasida doira qariyb, ikki ming yillik tarixga ega. U asosan, Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan bo‘lib, ansambl yoki yakka holda ijro etiladi. Xalqimiz orasida doira yordamida chalinadigan “Qo‘sh qars”, “Katta o‘yin”, “Shodlik”, “Shiqildoq”, “Tantana”, “Sarboz”, “Oltinko‘l”, “Terma” kabi kuylar juda mashhur.

 – Psixologlarning ta’kidlashicha, doira chalish, uni tinglash qon aylanish tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, kishida quvnoq kayfiyat uyg‘otar ekan, – deydi qahramonimiz Ravshan Yunusov.

 – Sozning yana bir xususiyati sozanda tanlaydi – keng kaft, uzun va kuchli barmoq egasi bilan tez “til topishadi”. To‘g‘risini aytsam, kunda bir marta doira chalmasam, ko‘nglim taskin topmaydi. Uning jo‘shqin sadosidan tanamda yengillik his etaman. Ruhim ko‘tarilib, vujudimdagi o‘y-tashvishlar chekinganday bo‘ladi.

Ravshan aka Yunusov ustoz-shogird an’analarini davom ettirib kelayotgan san’atkorlardan. U hozirda Toshkent viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida yosh iste’dod egalariga saboq berish bilan birga Abbos Qosimov tashkil etgan “Abbos” guruhiga rahbarlik qilmoqda.

– Shogirdlarimga doira chalish sirlarini o‘rgatishda ustozlarim Ilhom Ikromov, Elmurod Islomov, Abbos Qosimovlardan olgan bilim va ko‘nikmalarim asqotmoqda, – deydi R. Yunusov. – Quvonarlisi, yurtimizda yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni o‘zbek milliy soziga bo‘lgan muhabbatini oshirish, chinakam iste’dod egalarini kashf etish borasida barcha shart-sharoit yaratilgan.

Yana o‘qing:  Milliy xalq o‘yinlari

Aytish joizki, Ravshan aka Yunusov boshchiligidagi “Abbos” guruhi karnay, surnay, nog‘ora, doira sozlaridan estrada yo‘nalishida foydalangan ilk guruh sanaladi. Jamoa a’zolari shu kunga qadar, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Malayziya, Tayvan, Rossiya, Koreya Respublikasi, Vengriya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan festivallarda faol ishtirok etib, o‘zbek milliy musiqasi dovrug‘ini butun dunyoga tanib kelmoqda. Jumladan, 2014 yil Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda Ravshan aka Yunusov boshchiligidagi o‘zbek sozandalari tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

– Ko‘plab davlatlarda ijodiy safarlarda bo‘lganimda jonajon O‘zbekistonimizni sog‘inaman. Uning betakror go‘zalligi, saxiy odamlari ko‘z oldimda gavdalanaveradi. Xalqaro sahnalarga chiqqanimda esa bor mahoratimni namoyish qilaman. Toki, o‘zga yurt vakillari o‘zbegim san’atiga qoyil qolishsin, – deydi Ravshan aka.

Hozirda 10 kishidan iborat tajribali sozandalar Qozog‘iston Ruspublikasining Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan musiqa festivaliga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Ular bu galgi tadbirda ham milliy cholg‘ularimiz ohangini dunyoga yoyishni maqsad qilishgan. Biz esa san’atimiz fidoyilarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tilaymiz.

 

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: