Asosiy g‘alabalar hali oldinda
O‘g‘lining erkin kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lganini eshitgan Zafar Berdiyorovning kayfiyati ko‘tarildi. Ishdagi charchoqlar unutilib, bolalik xotiralari ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshladi…
Maktabda o‘qib yurgan kezlarida yosh Zafarning iste’dodini payqagan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi unga sport bilan muntazam shug‘ullanishni va o‘z ustida tinimsiz ishlashni maslahat beradi:
– Senda tug‘ma iste’dod bor, agar muntazam mashq qilsang, albatta, chempion bo‘lasan.
E’tirofdan ko‘ngli tog‘ bo‘lgan yigitcha sport bilan jiddiy shug‘ullanishga ahd qildi. Ammo, u paytlarda Bekobod shahrida buning uchun imkoniyat yetarli emasdi. Boshqa shaharga qatnashga esa ota-onasi ruxsat bermadi. Shu sabab bo‘ldi-yu, uning sportchi bo‘lish orzulari armonga aylandi. Har safar televizorda yurtimiz sportchilarining erishgan yutuqlarini ko‘rganda, entikib qo‘yar, yuragida yangi orzu kurtak yoza boshlaganini his etardi. “O‘g‘il farzand ko‘rsam, albatta, uni sportchi qilaman. Chempion bo‘lib, men yetolmagan marralarga erishadi”, degan fikr xayolida charx urardi… Shunday bo‘ldi ham…
Mamlakatimizda istiqlol yillarida farzandlarimizni har jihatdan sog‘lom va yetuk insonlar qilib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Barkamol avlodni voyaga yetkazishning eng samarali usuli bo‘lgan bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yurtimizda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Joylarda zamonaviy sport inshootlari, muhtasham suzish havzalari, stadionlar, yoshlar markazlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada bugun nafaqat shahar, balki eng chekka tuman va qishloqlarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar ham o‘z iqtidori va salohiyati bilan dunyo ahlini lol qoldirib, nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
2003–2016 yillar davomida Toshkent viloyatida 14 ta suzish havzasi, 112 ta sport zali, 31 ta Bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 26 ta namunaviy loyihalar asosidagi sport majmualari, jami 200 dan ortiq inshootlar qurib, foydalanishga topshirildi.
– O‘tgan yili viloyatimizda bunyod etilgan 24 ta sport ob’yekti bugun yoshlar bilan gavjum, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali bosh mutaxassisi Umida Yusupova. – Sport, musiqa va san’at maktablarining yangi binolari, 20 ta umumta’lim maktabida zamonaviy sport zallarini qurish hamda mavjud sport maskanlarini kapital ta’mirlash uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 18 milliard 500 million so‘m yo‘naltirildi.
Yoshlar orasida sportni yanada ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’yharakatlar natijasida, bugun viloyatda 98 mingga yaqin ertamiz egalari sportning 44 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. E’tiborlisi, ularning 18 mingdan ziyodini qizlar tashkil etadi.
– Avvallari qiz bolaning sport bilan shug‘ullanishi imkonsizdek tuyulardi. Bunga birinchidan, yetarli sharoitning yo‘qligi bo‘lsa, ikkinchidan, ota-onalarning qattiq qarshiligi edi, – deydi qibraylik Halima aya Alimova. – Shukurki, istiqlol tufayli odamlarimizning dunyoqarashi o‘zgardi. Sport sog‘lom avlodning dunyoga kelishida muhim omil ekanligini teranroq angladik. Sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Nabiram ham badiiy gimnastika bo‘yicha respublikamizda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda chempion bo‘ldi.
Bugun Toshkent viloyatidagi maktablarning barchasi zamonaviy sport zallari va mahoratli murabbiylarga ega. Buning samarasi o‘laroq, viloyatning 300 nafardan ortiq yosh sportchilari jahon, Osiyo va mamlakat birinchiliklarida zafar quchishdi.
O‘tgan yilning o‘zida turli darajadagi musobaqalarda 38 ta oltin, 13 ta kumush va 29 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medalni qo‘lga kiritgan Fazliddin G‘oyibnazarov bugun nafaqat viloyat, balki, butun mamlakat faxriga aylandi.
Shu o‘rinda murabbiylarning malakasi ham yildan yilga oshib borayotganini ta’kidlash joiz. Xususan, jamg‘armaning murabbiylarni qayta tayyorlashga oid qator loyihalari erishilayotgan yutuqlarda muhim omil bo‘layotir. Bugungi kunda viloyat miqyosida 2 ming 400 nafardan ziyod murabbiy yoshlarga sport sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan ta’lim maskanlarida bilim olayotgan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalar va o‘smirlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularni musobaqalarga ommaviy jalb qilish yo‘lidagi ishlar salmog‘i ortmoqda.
– Filialimiz tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom farzand – yurt kelajagi”, “Gimnastika – barcha uchun”, “Sog‘lom ayol – sog‘lom jamiyat”, “Bolalar ligasi”, “Bahor malikalari”, “Quvnoq startlar” kabi sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi, – deydi Umida Yusupova. – Oilaviy sportni ommalashtirish maqsadida “Otam, onam va men – sportchi oila”, “Ona sog‘lom bo‘lsa, farzand sog‘lom bo‘ladi”, “Kuch – birlikda” va “Sog‘lom yurt, sog‘lom kelajak” kabi sport tadbirlari va musobaqalari muntazamlik kasb etib borayapti. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan barcha umumta’lim maktablarida mavjud sport seksiyalaridan tashqari qo‘-shimcha 1-, 4-sinf o‘quvchilari uchun shaxmat-shashka, 5-, 9-sinf o‘quvchilari uchun stol tennisi va badminton to‘garaklari tashkil qilinib, ularga ko‘plab bolalar jalb etilgan.
…Televizor orqali o‘g‘li Bobur Berdiyorov haqidagi lavhani tomosha qilgan Zafar aka farzandining mashg‘ulotlarini bevosita kuzatish maqsadida u shug‘ullanayotgan sport zalga bordi. Tinimsiz mashqlar tufayli o‘g‘lining ustidagi kiyimlari terdan “jiqqa” ho‘l bo‘lganini ko‘rib, unga biroz rahmi ham keldi. Ammo, ota mashqda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘lishini yaxshi biladi. Zero, Boburni oldinda yana bir katta sinov – o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati kutib turibdi.
Farhod TOLIPOV