Ko‘hna meros

Keyingi paytlarda so‘zana va kashtalarda mehmonxonalarda, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida milliyligimizni aks ettiruvchi bezak o‘rnida ishlatilmoqda. Bu esa kashta va kashtali buyumlarga xalqimiz orasida yana e’tibor ortayotganidan dalolat.

Shu bilan birga iroqi, bigiz usulida tikilgan ishlar chet ellik sayyohlarning ham e’tiborini qozanayotir.

Kashtado‘zlik – ajdodlarimiz qadimdan shug‘ullangan milliy hunarlarimizdan biri. Ahamiyatlisi, bugungi avlod ham ushbu hunarni munosib davom ettirib kelmoqda. Kashtado‘zlik ortidan elda hurmat qozonayotgan, daromad orttirayotgan yurtdoshlarimiz so‘zlariga quloq tutsangiz, momomeros an’analarni e’zozlab, kam bo‘lmaganliklarini aytishadi. Ulardan biri shahrisabzlik Saodat Nizomovadir.

– Mehnatim ortidan qadr topdim, dunyo kezdim, – deydi Saodat opa. – Xorijda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda O‘zbekiston nomidan qatnashish men uchun katta sharaf. Italiya va Turkiyadagi anjumanda an’anaviy milliy kashtalarimizni namoyish etganimizda aynan iroqi, bigiz uslubida tikilgan kashtalar xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qo‘l mehnatimizni yuksak qadrlaganlarini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Hozir milliy uslubimizga zamonaviy uyg‘unlik berish yo‘lida izlanayapman.

Saodat Nizomovaning ishlarini kuzatar ekanman, ularda Shahrisabz iroqi kashtachiligining o‘ziga xos, yorqin va sharqona nafis uslubi mujassamligiga guvoh bo‘laman. Uning ta’kidlashicha, Shahrisabzga xos iroqining oftobparast, chayonnusxa kabi turlarini tikish ayniqsa, keng tarqalgan ekan.

– 12 yildan buyon shu hunar bilan shug‘ullanib kelaman. Kashtali so‘zana, do‘ppi, sumka va boshqa buyumlar tikaman. Hunarimni qizlar, yosh kelinlarga o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydim. Shu kungacha 100 dan ziyod shogirdlar yetishtirdim. Hozirda esa 10 nafar qizga iroqi, bigiz, bosma, popop usullarida kashta tikishni o‘rgatayapman. Kashta tikish – mayda ish, ko‘p mehnat talab etadi, deyishadi ba’zilar. Ammo, o‘z mehnatingiz mahsulini qarshingizda yoyib, bir tomosha qilsangiz, bor charchog‘ingiz chiqib ketadi, – deydi hunarmand.

Kashtalarga tushirilgan naqshlar e’tiborimni tortdi. Saodat opadan bu haqda qiziqsinib so‘raganimda u quyidagicha ta’rif berdi:

“Kashta markazidagi katta gul oilani, atrofidagi chirmashgan bezaklar – oilaning hamjihatligi, totuvligini, mayda gulchalar esa xalqimizning bolajon ekanligini anglatadi. Qalampir, anor nusxalar ham o‘ziga xos ma’no-mazmunni ifodalaydi”.

Bundan ko‘rinadiki, oila hamma zamonlarda ham muqaddas maskan sifatida ardoqlanishi momolarimiz tomonidan tikilgan kashtalarda ham o‘z tajassumini topgan.

Yana o‘qing:  Navro‘z – shukronalik bayrami

– Saodat opaga o‘xshagan qo‘li gul ayollarga havas qilaman, – deydi kashtado‘zning navoiylik shogirdi Marg‘uba Bobonazarova. – Nasib bo‘lsa, bu hunarni puxta o‘rganib, Saodat opa kabi o‘z ishining ustasi bo‘laman.

Shahrisabz hunarmandlari tikayotgan bejirim, go‘zal kashta buyumlari, so‘zanalarni viloyatimizning barcha joylarida uchratish mumkin. Ayniqsa, ular kelinlar sepiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Tabiiy ipakdan tikilganlari esa yuz yilgacha o‘z sifatini yo‘qotmaydi.

Qalb qo‘ri va ko‘z nuri bilan yaralgan kashtalarga boqaman. Ularning jilokor rangi ko‘zni quvnatib, dilni yayrataveradi. Shunda momomeros ko‘hna kasbni ulug‘lab, shunday mo‘jiza yaratayotgan Saodat Nizomova kabi chevar kashtado‘zlar mahoratiga tahsinlar aytaman.

 

Sojida ALLAYOROVA,

Qashqadaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: