Halinchak – bag‘ri belanchak
Xalqimizning Navro‘z sayli bilan bog‘liq an’anaviy udumlaridan biri “Halinchak uchish” yoki “Arg‘imchoq uchish” marosimi bo‘lib, asrlar mobaynida ko‘klamning fayziga fayz qo‘shib, ezgu umidlarga qanot baxsh etib kelgan. An’anaga ko‘ra, yilboshi sayli kunlari qiz-juvonlar to‘planishib, bog‘-rog‘larga chiqqanlar va azim o‘riklarning baquvvat shoxlariga arqon tashlab, arg‘imchoq – halinchaklar yasashgan, hamma navbati bilan arg‘imchoq uchgan.
Yozma manbalarda keltirilgan dalillar bahor kunlari, ayniqsa, yilboshida halinchak uchish udumining tarixiy asoslari g‘oyat qadimiyligini ko‘rsatadi. Jumladan, bu o‘yin xalqimiz tomonidan asrlar mobaynida avaylab-asrab kelingan azaliy qadriyat ekanligini XI asrda yashab ijod qilgan mashhur tilshunos olim Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” nomli asarida keltirilgan bir ma’lumot ham tasdiqlaydi. U o‘sha davrda ajdodlarimiz orasida urf bo‘lgan “yalngu” nomli o‘yinni tavsiflab, quyidagilarni yozgan edi: “bu joriyalar o‘ynaydigan bir xil o‘yin nomi. Shundayki, arqonning ikki uchi bir daraxtga yoki ustunga bog‘lanadi, so‘ng ularning biri arqon o‘rtasiga o‘tiradi – oyoqlarini sakratib, ba’zan yuqori, ba’zan quyi tushib uchadi”.
Halinchak uchish udumining kelib chiqishi haqida Abu Rayhon Beruniy quyidagi afsonani keltirgan: “Jamshid o‘ziga arava yasattirib olgach, o‘sha kuni aravaga chiqdi. Jinlar va shaytonlar uni havoga ko‘tarib, bir kunda Dunbovanddan Bobilga olib bordilar. Odamlar bu ajoyib voqeani ko‘rgach, o‘sha kunni hayit qildilar va Jamshidning aravada uchishiga taqlid qilib, arg‘imchoqlarda uchdilar”.
XX asrning 20-yillarida Qorabuloq qishlog‘idan yozib olingan etnofolkloristik materiallarning guvohlik berishicha, bu o‘yin “halgimchak” deb atalgan. Bog‘lardagi ikki daraxtga arqon bog‘lab arg‘imchoq yasalgan va qizlar navbati bilan unda uchganlar. Qizlardan biri arg‘imchoqda o‘tirgan paytda uning dugonalari:
Halgimchak, silgimchak,
Opayam salom,
Dodayam salom, – deb aytim aytgancha, arg‘imchoqni tebratib, uchirganlar.
Bundan tashqari, arg‘imchoqni ipidan tutib tebratayotgan qizlar quyidagi qo‘shiqni ham ijro etishgan:
Halgimchak jo‘nasin,
Sariq otim saqlansin,
Ko‘k otim ko‘klansin,
Pushti otim pishlansin,
Oq otim oqlansin.
Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlarida esa arg‘imchoq uchayotgan qizlar:
Halinchagim belanchak,
Lakila xolam kelinchak,
Hay-yuv! – deb qo‘shiq aytib, halinchakni balandlatishgan.
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Tangachar qishlog‘ida yashovchi Yaxshigul momo Mulla Niyozberdi qizining aytishicha, kimki Navro‘zda arg‘imchoq uchsa, yil bo‘yi bilib-bilmay qilgan gunohlari “to‘kilarmish”. Shu bois, keksa momolar ham “Arg‘imchoq uchsak, savob bo‘ladi! Og‘irligimiz yerga to‘kiladi, qushdek yengil bo‘lamiz!” – deyishib, hazil-huzul bilan arg‘imchoq uchishgan. Nabiralari esa “Momolarimizning yoshiga yetaylik” degan ezgu niyatda arg‘imchoqning ipidan tutib harakatlantirganlar.
Turmushga chiqmagan qizlar, farzand kutayotgan kelinchaklar arg‘imchoqni balandlatib, havolatib uchishga harakat qilganlar. Ular har gal sho‘x kulgu bilan o‘rikning eng baland shoxidagi oppoq gullar orasidan bo‘rtib chiqqan navjuvon yaproqni uzib olishga intilganlar. Daraxt shoxidagi endigina ko‘kara boshlagan bargni uzib olishni savob, deb bilganlar: bunday bargni yangi yildagi orzularga yetishish ramzi sifatida asraganlar.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Nazari qishlog‘ida “halinchak” uchish odati “aymola uchish” deyiladi. Shu qishloqlik Rizo akaning aytishicha Navro‘z saylida hamma halinchak uchadi. Xotin-qizlar bir boqqa borib, mevali daraxtlarga ip bog‘lab “aymola” uchadilar. Erkaklar bo‘lak, xotin-qizlar bo‘lak o‘yin qiladilar.
“Boysun” folklor-etnografik jamoasi repertuarida qayta tiklangan quyidagi xalq qo‘shig‘ida ham kelinchaklarning halinchak uchishi serfarzandlik g‘oyasi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi:
Halinchak, ho, halinchak,
Halinchakda kelinchak,
Saltligini sog‘ingan-o,
Kelinchaklar kuyinchak.
Halinchak, ho, halinchak,
Uchavergin kelinchak.
Ko‘zga surma yarashar,
Qo‘sh chakkaga qo‘sh chechak,
Halinchak, ho, halinchak,
Halinchakda kelinchak.
Kelinchak, ho, kelinchak,
Uyqing buzsin “inga”lar,
Ertamu kech belanchak,
Olib kelsin yangalar,
Halinchak, ho, halinchak,
Halinchakda kelinchak.
Qashqadaryolik fidoyi folklorshunos olim A. Qahhorov yozib olgan quyidagi xalq qo‘shig‘i ham bevosita halinchak uchish chog‘ida ijro etilgan:
Taqron-taqron tozasi,
Yurt oshar ovozasi,
Halginchak uchgan qizning,
Shakardan andozasi,
Shakar-shakarga ketdi,
Tillo kovushga yetdi,
Hovli ichi toyinchoq,
Halginchak uch, kelinchak.
Qadimda kishilar halinchakda qanchalar yuqorilasa, hosil shunchalar mo‘l, odamlar shuncha serfarzand bo‘lishiga ishonganlar. Bu ishonch dunyoning ko‘pgina xalqlari uchun xos bo‘lgan.
Navro‘z sayillarida o‘zining eng yaqin dugonalari bilan halinchak uchgan qizlar bu damlarni umr bo‘yi yodida saqlashgan. Zero, Surxon vohasidan yozib olingan quyidagi xalq qo‘shig‘ida ham ana shu lahzalar qoldirgan shirin xotirot kuylanadi:
Halganchak uchgan tutlarim,
O‘ynab-o‘sgan do‘stlarim,
To ko‘rguncha xo‘sh denglar,
Ona qizlar
“opam kelsin” denglar.
Xorazmda “Qizil gul” saylining uchinchi kuni qizlar o‘z chiqon(dugona)laridan birining hovlisida sorinjoq (arg‘imchoq) o‘yinini tashkil qilishgan. Yosh yigitlar ham shu joyga kelib, arg‘imchoq uchayotgan qizlar bilan olma otish o‘yinini boshlaganlar.
Xorazm vohasida bayram, sayil va hayitlarda qizlar halinchak uchishayotganda yigitlar o‘ziga unashtirib qo‘yilgan qizga olma otish udumi mavjud bo‘lgan. Odatda Navro‘z bayrami, “Qizil gul” bayrami, “Qovun sayli” va boshqa marosimlar, hayitlarda qizlar yig‘ilishib halinchak – “sorinjoq” uchishgan.
Demak, halinchak uchish udumi qish fasli o‘z nihoyasiga yetib, farahbaxsh ko‘klam boshlanadigan ajib faslning g‘aroyib an’analaridan biri sifatida yuzaga kelgan. Zero, yilboshi saylidagi bu udum hosildorlik g‘oyasi bilan bog‘liq bo‘lib, kelayotgan yangi yilning hosili mo‘l bo‘lishini ta’minlovchi xayrli amallardan biri deb qaraladi.
Mamatqul JO‘RAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor