OLAMGA NAVRO‘Z KELDI
Aytishlaricha Kun bilan Tun hamisha o‘zaro “sen zo‘rmi, men zo‘r” deb beg‘araz tortishar ekan. Qishi bilan qorong‘u zimiston uzaygandan uzayib, kuchaygandan kuchaysa, yozda esa kunduz hukmini o‘tkazar, tun bir tutamgina bo‘lib, mung‘ayib qolarkan. Qachongacha bu tortishuv! Nihoyat tabiat unga chek qo‘ygan kun ham kelibdi.
Bu tarixiy kun – Quyosh Hamal burjiga kirgan kun ekan. Shu kuni Tun bilan Kun teppa-teng bo‘lib, murosaga kelar ekan. Shu kun yarash kuni ekan, shu kun sulh kuni ekan. Buni odamlar Navro‘z – yangi kun deb atasharkan. Sharq mamlakatlarida bu kun yil boshi sanalar ekan. Shu kuni Yangi yil ekan. Shu kuni hammaning yuragi shodlikka, yaxshi niyatlarga to‘larkan. Dehqon bobo dalaga chiqarib, xalqning rizq-nasibasi g‘allani tuproqqa separ ekan.
Atrofni karnay-surnay sadosi, nog‘oraning navosi tutib ketar, hamma yalla aytar ekan. Bu alyorga qanotlari ostida to‘rg‘ayni, yelkasiga qaldirg‘ochni ortmoqlab kelayotgan turnalarning sog‘inchli salomlari, chavandozini chorlagan arg‘umoqlarning kishnashlari, yo‘lidagi har-xil xas-hashak, to‘siqlarni chirpirak qilib aylantirib oqayotgan bo‘tana suvlarning guvillashlari jo‘r bo‘lar ekan.
Bayram bolalarniki, bolasiz bayram bayram bo‘ptimi?! Jajji kaftlariga shundoqqina tuproq, hayot xidi anqib turgan boychechak, yalpiz tutib olgan bolakaylar qo‘shiq aytib uyma-uy yugurishadi:
Huli bo‘lsin, huli bo‘lsin
Boychechakdek gulli bo‘lsin.
Kelasi yil shu mahalda
Hasan-Husan ulli bo‘lsin.
Bu yaxshi niyatdan erib ketgan kelinchaklar bolakaylarning oxorli etaklariga qand-qurslar solib berishadi. Yalpizni to‘yib hidlab, boychechakni ko‘ziga surtgan bobolar va momolar yurtga, bolalarga tinchlik, omonlik tilab duo qilishadi. Duo bilan el ko‘karadi. Xudo xohlasa yil yaxshi keladi, yurtda tinchlik, to‘kinchilik bo‘ladi. Bolalarning shodligiga kattalar ham qo‘shiladi.
Ota-onalarni, keksa kishilarni, bemorlarni, g‘aribu-miskinlarni bir-bir yo‘qlashadi, ziyorat qilishadi. Bu bilan o‘zlarini, dillarini poklab olishadi. Tomorqayu hovlilar, ko‘chalaru zovurlar tozalanadi. Qozonlarda sumalaklar, halimlar qaynaydi. Ular qishi bilan toliqib chiqqan tanlarga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Shu kuni ahillik yanada quloch yozadi, gina-kudratlar unutiladi.
Yashasin Navro‘z,
Yashasin Bahor!
Bahor bolalikka o‘xshaydi. Har ikkisi ham beg‘ubor, har ikkisi ham kelajakdan umidvor. Har ikkisi ham saxiy, muruvvatli. Bolalikning varraklari qancha baland uchsa, bahorning shodligi shuncha oshadi. Bolalarning qo‘shig‘i qanchalik sho‘x yangrasa, bahorning sahovati ham shuncha oshaveradi. Bu yilgi Navro‘z yanayam go‘zal. Bu yilgi Navro‘z o‘z bag‘rida Obod turmush yilining go‘zal umid va ulkan muvaffaqiyatlarini olib kelmoqda.
Bu Navro‘z donolik va sog‘lomlik ramzi bo‘lgan Ilon yilini yetaklab kelyapti. Demak, bu yil aql bilan ish ko‘ruvchilar yili bo‘ladi. Aql bilan sog‘liq birlashgan yilda esa yutuqlar, zafarlar yanada ko‘p bo‘ladi.
Qadamingga hasanot, Navro‘z!
Muhabbat HAMIDOVA