Tog‘lar

Tog‘lar… Tog‘lar haqida qanchadan-qancha rivoyatlar-u, asotirlar bitilgan. Ularning viqor bilan, qad rostlab turishining o‘zi bir mo‘jizadir. Shu turishida necha ming yillik sirlarni bag‘riga yashirgan. Ibtidoiy davrda g‘orlari boshpana vazifasini o‘tagan. Olam yaralgandan buyon insoniyatga beminnat xizmat qilib keladi. Bashariyat ham uning boyliklaridan xohlagancha, keragidan ortiq foydalandi va foydalanmoqda… Azim tog‘lar esa, bundan og‘rinmay:-’’Barchasi sizlar uchun. Men odamlar yaxshi yashashlari uchun yaratilganman’’, deb, jilmayayotgandek go‘yo… Oila, ish tashvishlari bilan bo‘lib, kunlar, oylar, hattoki yillar bir zumda o‘tib ketadi. Shunday kunlarning birida hammasiga qo‘l siltab, hordiq chiqargingiz, dunyo tashvishlarini unutadigan, bolalik paytingizni yodga soladigan yerlarga borgingiz keladi… Hayolingizga tog‘ga borish fikri keladi. Ketar ekansiz, yo‘ldayoq qalbingizni o‘zgacha hayajon egallaydi… Mashina oynasidan yo‘llarni kuzata turib, bepayon kengliklarda yalangoyoq yugurgingiz, qo‘l yetmas to‘larni quchgingiz keladi… Jismingizdagi horg‘inlikka qo‘shilib, ruhingizdagi charchoq ham sizni tark etadi. O‘zingizni qushdek yengil sezasiz… Huddi hozir uchib ketasiz-u, burgut misol balandliklarni zabt etasiz… Bu go‘zallik ko‘zingizdan-qalbingizga singadi. Endi siz faqat ezgulik uchun yaralganligingizga amin bo‘lasiz. O‘tayotgan kuningizga shukrlar qilasiz. Kimnidir ranjitgan bo‘lsangiz, o‘sha odamdan uzr so‘ragingiz,:-’’Bu dunyo omonat-ku, kel kechiraqol, undan ko‘ra besh kunlik hayotda tabiat mo‘jizalaridan bahramand bo‘l, shunda qalbingda gina-kuduratga o‘rin qolmaydi…’’, degingiz keladi. Tog‘ning musaffo havosi bor g‘uborlaringizni chiqarib yuboradi. Ko‘zlaringizni yumib, o‘pkangizni to‘ldirib nafas olgan chog‘ingiz yettinchi osmonda uchib yurgandek bo‘lasiz… U yerdan qaytayotib, siz uchun unitilayotgan narsalarni-sokinlik, bolalik, quvnoqlik, samimiylik, bag‘ri kenglik va qalbingizda limmo-lim bo‘lgan yaxshilikni olib ketayotganingizni tushunasiz… Endi siz go‘yoki boshqa shaxsga aylandingiz… Darhaqiqat, tabiatni sevgan odamning qo‘lidan yomonlik kelmaydi. Biz ham tabiatni sevaylik, uning bizga in’om etgan ne’matini suiste’mol qilmaylik… Faqat o‘zimizni emas, kelajak avlodni ham o‘ylaylik. Foniy olamda bir-birimizni dilimizni og‘ritmaylik, kibr-u havoga berilmaylik… Axir, tog‘larga boqing, asrlar osha yashab kelishayotgan bo‘lsa-da, kamtardirlar. Bizlarga qarab:-’’Ajdodlaringiz kabi siz ham ertaga kelajak uchun o‘tmishga aylanasiz, shuning uchun o‘z hayotingizni parokanda qilmang‘’, deya jon kuydirib nasihat qilayotgandek…

 

 

Zahro Nurzoda

 

 

Яна ўқинг:  Bahor

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: